O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Сийрат

Mavludi sharif muborak!

 
 

Hozir biz rabi'ul avval oyida turibmiz. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Fil (fil voqeasi bo‘lgan) yilida (melodiy 571-yil),  rabi'ul avval oyining (mashhur qavlda) o‘n ikkinchisida Arabiston yarim oroli,  Makka shahri, Quraysh qabilasida tavallud topdi. Bu kunlarda  Payg‘ambarimizga  ko‘proq salovatlar, salomlar, duolar qilishimiz lozim chunki,  Alloh taolo  bu kunlarni   Payg‘ambarimizni tug‘ilishi bilan qadrladi.  Insonlarni  zulmatdan  nurga  va ularni  to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi Payg‘ambarimiz  rostgo‘y Muhammad  sallollohu alayhi vasallam tug‘ildi. Payg‘ambarimizning tug‘ilishi  bandalar uchun Allohni  barakasi va rahmati bo‘ldi.  O‘sha davrlarda  insonlar jaholat  zulumatida yashar edi. Qizlarini tiriklayin ko‘mar, kuchli kuchsizni yeb tugatar, qo‘shni qo‘shniga g‘ayirlik qilar, jamiyatda tarafkashliklar ko‘p  bo‘lib, hayot izdan chiqqan edi.                

Dini –diyonatni aytmasa ham bo‘ladi. Ba'zilari toshga, ba'zilari daraxtga, ba'zilari xurmoga  va yana ba'zilari qo‘llari bilan halvodan yasab olgan “xudo”chalariga sig‘inar va ularga atab qurbonliklar qilar, so‘ngra qorinlari och qolsa o‘sha “xudo”chalarini yeb quyar edi. Jaholat cho‘qqiga chiqib, aql tubanlashgan edi. Alloh barchamizni  bunday tubanlikdan va bunday aqldan o‘zi saqlasin. Ana o‘sha vaqtlarda Alloh taolo o‘z Payg‘ambarini  jaholatga, xurofatga qarshi kurashish uchun jo‘natdi. Tili va qo‘li bilan kurashdi, Allohning dini zohir bo‘ldi. Risolatni yetkazdi, omonatni  ado etib, ummatga nasihat qildi. Ilk nozil bo‘lgan oyatlarning birinchi so‘zi “ Iqro” ya'ni “O‘qi” so‘zidir.  Hammamiz bilamiz o‘qish ilmning kalitidir. Mana shu “O‘qi” so‘zi  jaholatni yengadigan  ilohiy yo‘ldir. Bu yo‘l  qiyomatgacha ham eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.

Payg‘ambarimizning siyratlari qalblar uchun davo, nafslarga shifodir. U zotning xulqlari Qur'on bo‘lgan. Oisha onamiz roziyallohu anho: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari Qur'on edi”, - degan edilar (Imom Muslim rivoyati). Rasulimizning hayotlari  Qur'onni  amaliy tadbiqi bo‘lgan, tadbiqiy tafsiri bo‘lgan va Qur'onni tirik namunasi bo‘lgan. Payg‘ambarimizning siyratlarini o‘rgangan  va  xulqlari bilan xulqlangan  kishi  xuddi Nuh alayhissalomni kemasiga minib najot topgan,  buning aksi esa kemaga minmay g‘arq bo‘lgan kishiga o‘xshar ekan.          

Shukrlari:  Ozgina ne'matni ko‘p sanar, taomni kamsitmas edilar. Omonatdorliklari: Yoshligidan “Amin” (omonatli, ishonchli)     deb nomlangan edilar. Vafodorliklari: U zot juda vafodor, yaxshilik qilgan kishiga ortig‘i bilan yaxshilikni qaytarguvchi  inson edilar. Umirlari davomida biron marta ahdiga bevafolik yoki va'dasiga xilof qilmagan. Hayolari:  Chimildiqdagi kelinni ham hayosidan ortiq edi. Ayniqsa bugungi kunda  bu fazilatlar biz uchun havodek zarur. Allohning kalomi  va Payg‘ambarimizning sunnatlari barchamizni yakdillikka chaqiradi. Alloh taolo  aytdi:

وَأَطِيعُواْ اللّهَ وَرَسُولَهُ وَلاَ تَنَازَعُواْ فَتَفْشَلُواْ وَتَذْهَبَ رِيحُكُمْ وَاصْبِرُواْ إِنَّ اللّهَ مَعَ الصَّابِرِينَ

Ya'ni, “Allohga va Uning Rasuliga itoat qiling. O‘zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadi. Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qilguvchilar bilandir” (Anfol, 46).

Payg‘ambarimiz aytdilar:

“Kim jamoatdan qochsa, do‘zaxda yolg‘iz azoblanadi, Allohning yordami jamoat bilandir. O‘zlaringizga jamoatni lozim tuting O‘zingizga jamoatni lozim tutingiz. Allohni  “qudrat qo‘li” jamoatdadir (Allohning rizoligi jamoat tarafda). Kim jamoatdan qochsa do‘zaxga yolg‘iz kiradi”.

Dinimiz  insonlarni birdam bo‘lib yashashga  targ‘ib qiladi.  Yakdillik bo‘lgan joyda tinchilik, baraka bo‘ladi. Robi'ul  avval oyi kirib kelishi  bilan  yurtimizda mavlud marosimlari  o‘tkaziladi. Ushbu xayrli ishni “bid'at” deb e'lon qilib, musulmonlar o‘rtasiga  ixtilof soladiganlar ham afsuski bor. Bu kabi ixtiloflar  dinni va jamiyatni zaiflashtirishdan boshqa narsa emas. Musulmon ommasi ming yillardan buyon  bu xayrli marosimni o‘tkazib kelmoqda. Bu marosimida Qur'on tilovat qilinib, salovatlar aytiladi. Payg‘ambarimizning ota bobolari, nasl-nasablari, tug‘ilishlari, xulq-atvorlari va hayotlari haqida  nazm va qasidalar o‘qilib,  siyratlari  yod etiladi. Eng komil insonni mo‘minlarga tanitish, Alloh unda jamlagan go‘zal sifat va xulqlarini eslatib, ularni mazkur xulqlar bilan ziynatlanishga chaqirish “bid'at” emas, hikmat, ma'rifat bo‘ladi inshaalloh!

Ozod NAZAROV - Pastdarg‘om tuman  bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 08/11/2019 16:11;   Ko‘rilganligi: 2747
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/siyrah/mavludi-sharif-muborak
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 12:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing