O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Сийрат

Isro va Me'rojga imon keltirishning o‘ziga xos jihatlari

 
 

Islom dinimizni pok saqlashda, begona yot aqidalardan tozalashda mujtahid ulamolarimiz, xususan, yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ alloma Abu Mansur Moturidiy, Makhul Nasafiy, Najmiddin Umar Nasafiy hamda Abu-l-Muin Nasafiyning xizmatlari beqiyosdir. Mazkur ulamolarimizning sa'y harakatlari bilan dinni, usulni, fiqhni, aqidani tushunishda to‘g‘ri va ishonchli yo‘nalish yuzaga keldi. Ushbu ishda dinni noto‘g‘ri talqin qiluvchilar, xilof qiladigan odamlarga to‘g‘ri, sahih javoblar berib, zarba berganlar. Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi:

Hammangiz Allohningarqoni” (Qur'oni)ni mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang”[1].

Ibn Umar (r.a.)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alloh taolo ummatimni zalolatda birlashtirmaydi”[2] deb, aytdilar.

Isro hodisasi islom da'vatining eng og‘ir va mashaqqatli davrida sodir bo‘ldi. Bu vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u kishiga imon keltirgan musulmonlarga kuchli tazyiq o‘tkazilardi. Zero, musulmonlarni mushriklar zulmidan himoya qiluvchi Abu Tolib va Xadiyja binti Xuvaylid onamiz ham vafot etib ketishgandi. Shunday qiyin va mahzunli bir damda Isro va Me'roj kechasi – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Alloh taolo huzuriga chiqishlari sodir bo‘ldi. Bu narsa u zotdagi g‘am-tashvishni ketkazish, da'vat yo‘lida sobitqadam bo‘lish, qalbga surur bag‘ishlash uchun tasalli berish edi.

Me'roj Hazrat Payg‘ambarimizga berilgan ulug‘ mo‘jizalardan biridir. Boshqa biror payg‘ambarga bunday ulug‘ maqom berilmagan. Me'roj voqeasiga insonning aqli yetmaydi. Uning zamon, makon va masofa kabi tushunchalarni anglatishga har qanday qalam ojiz.

Bu hodisa ba'zi Hanafiy ulamolarimizning tadqiq qilishlaricha, hijratdan bir yarim yil oldin, Ramazon oyining o‘n yettinchi kuni sodir bo‘lgan[3].

Ulamolar Me'roj payg‘ambarlikning o‘n ikkinchi yili, rabi'ul avval oyida yo hijratdan bir yilu besh oy oldin shavvol oyida yoki rajab oyining oxirlarida sodir bo‘lgan deydilar[4].

Isro va Me'roj voqeasi qachon sodir bo‘lgani haqida shu kabi turli xil fikrlar va tadqiqotlar mavjud.

Me'roj to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, albatta, Me'roj voqeasi haqdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam kechasi Isro qildirilganlar va jismonan, uyg‘oq hollarida osmonga Me'roj qildirilgan. Sungra Alloh xohlagan joygacha yuqoriga (chiqilgan). Alloh u kishini O‘zi xohlagan narsa ila ikrom qilgan va u kishiga vahiy qilgan narsasini vahiy qilgan. “Qalb (ko‘z) ko‘rganini yolg‘onga chiqarmadi”[5]. Bu dunyoyu oxiratda u zotga Allohning beadad salavotu salomlari bo‘lsin.

Albatta “Me'roj” yuqoriga chiqish asbobi, degani bo‘lib, xuddi narvon kabi narsadir. Lekin u qanday narsa ekanini bilib bo‘lmaydi[6]. Uning hukmi ham boshqa g‘aybiy narsalar hukmiga o‘xshashdir. Unga imon keltiramiz, lekin kayfiyati bilan mashg‘ul bo‘lmaymiz. Bu yerda ushbu gapdan ko‘zlangan ma'no esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning uyg‘oq hollarida jism va ruhlari ila osmonlarga, so‘ngra Alloh xohlagan joygacha ko‘tarilishlaridir. Buning haqligiga imon keltiramiz. Chunki Alloh u kishini ushbu samoviy safarda xohlagan narsasi ila ikrom qildi.

U kishiga ahkomlardan vahiy qilgan narsasini vahiy qildi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblari, ko‘zlari ko‘rgan narsani inkor qilmadi, yolg‘on deb e'tiqod qilmadi. Balki, tasdiqladi va qo‘shimcha qilib bo‘lmaydigan ravishda komil ishonch ila ishondi.

Isro hodisasi Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyg‘oq hollarida, jismonan bo‘lganligiga Alloh taoloning quyidagi: “O‘z bandasini kechasi Masjidul Haromdan Masjidul Aqsoga – sayr qildirgan Zot pokdir”[7], oyati dalildir.

Chunki banda tana va ruhning majmuasidan iboratdir. Xuddi “inson” lafzi jism va ruhning majmuasiga ism bo‘lganidek. Gap aytilishi bilan shu ma'no tushuniladi va shu to‘g‘ridir.

Isro ham ushbu majmua ila bo‘lgan. Buning bo‘lishiga aql jihatidan monelik yo‘q. Agar insonning ko‘tarilishi mumkin emasligi joiz bo‘lsa, farishtalarning tushishi mumkin emasligi joiz bo‘ladi. Bu esa payg‘ambarlikni inkor qilishga olib boradi. Bu o‘z navbatida kufrdir.

Agar “Avval Baytul Maqdisga isro qilinishining hikmati nimaga deyilgan savolga javob shulki, “Alloh o‘ta biluvchidir, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning me'rojini da'vo qilganlarida rostgo‘y ekanliklarini izhor qilish uchundir xolos. Chunki qurayshliklar u zot sollallohu alayhi vasallamdan Baytul Maqdisni sifatlab berishni taklif qilganlarida ularga vasf qilib berdilar.

Shuningdek, ularga o‘z yo‘llarida oldilaridan o‘tgan (qurayshliklarning) karvonlari xabarini ham berdilar.

Agar osmonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Makkadan chiqqanlarida, bu ish bo‘lmas edi. Agar osmondagi narsalardan xabar bersalar, ular ko‘rmagan narsaning xabarini bergan bo‘lar edilar. Baytul Maqdisni esa qurayshliklar oldin ko‘rishgan edi, shuning uchun u zot sollallohu alayhi vasallam ularga Baytul Maqdis haqida xabar berdilar.

Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi: “Va, darhaqiqat, uni boshqa safar sidratul muntaho (tugash daraxti) oldida ko‘rdi. Uning huzurida ma'vo jannati bor. O‘shanda sidrani o‘raydigan narsa o‘rab turibdi. Nigoh burilmadi ham, haddidan oshmadi ham. Darhaqiqat, o‘z Robbining ulkan oyat (belgi)laridan ko‘rdi”[8].

Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Jabroilni Tugash daraxti oldida ko‘rishlari faqat o‘sha daraxt oldiga va Jannati ma'voga yetishlaridan keyingina bo‘lishi mumkin.

Mazkur oyatlardagi “ulkan oyat(belgi)lardan murod alloh taolo nabiy sollallohu alayhi vasallamga Banu Isroil (Isro) surasining avvalida “Unga oyat (belgi)larimizni ko‘rsatish uchun”, (1-oyat) deb da'vo qilgan belgilaridir.

Ushbu oliy darajali safarning boshlanishi Banu Isroil surasining boshida sobit bo‘lgan bo‘lsa, nihoyasi Najm surasining so‘ngida sobit bo‘ldi.

Shuningdek, me'rojning haqligiga, uyg‘oqlikda ruh va tana ila bo‘lganligiga, nabiy sollallohu alayhi vasallamning har bir osmonda payg‘ambarlar bilan uchrashganlariga dalolat qiluvchi ko‘plab hadislar ham kelgandir. Bu hadislarning umumiy miqdori mutavotir darajasiga yetgan bo‘lib, ularni faqat johilgina yoki o‘zini johillikka soluvchiina inkor qilishi mumkin.

Shuningdek, Ahli sunna val jamoa tarafdorlari ham oyat va hadislarda kelgan dalillar bilan yuqoridagi voqealarning haqligini isbotlab berganlar.

Manba: bukhari.uz

[1] Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2004. Oli Imron surasi 103-oyat. –B.63.

[2] Imom Termiziy rivoyati. Sunanu-t-Termiziy №2167 Hadis.

[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va Hayot. 5-juz Namoz. Toshkent: “Sharq” nashriyoti. 2008y. 12-bet.

[4] Olamlar sarvari. Maqolalar to‘plami. Toshkent: “Movarounnahr” nashryoti, 2008y. 55-bet.

[5] Najm surasi 11-oyat.

[6]Aqidatut-Tahoviya sharhining talxiysi, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tarjimasi, Hilol-nashr, Toshkent. 2015.-B.166.

[7] Isro surasi 1-oyat.

[8] Najm surasi 13-18 oyat.


Kiritilgan vaqti: 10/12/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 5745
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/siyrah/isro-va-merojga-imon-keltirishning-oziga-xos-jihatlari
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 18:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing