O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Сийрат

Alloh yuborgan buyuk yo‘lboshchi

 
 

Alloh taolo cheksiz rahmati sabab insoniyatga ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan payg‘ambarlarni yubordi. Payg‘ambarlik ilohiy fazl bo‘lib, Alloh taolo o‘zi xohlagan bandalarini bunga musharraf aylagan. Payg‘ambarlikka na aql, na kasbu mahorat, na ortiqcha ibodat bilan va na meros yo‘li bilan erishib bo‘ladi. Balki, Alloh o‘z bandalaridan xohlaganini tanlab oladi va payg‘ambarlik darajasiga ko‘taradi. Bu darajaga faqatgina Allohning tavfiqiyu ilhomi ila yetishiladi. Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad (sollalohu alayhi va sallam)ni darajalarini boshqa barcha payg‘ambarlarga nisbatan baland qilgan. Chunki u kishidan ilgari o‘tgan payg‘ambarlar faqat bir qavmga  yuborilgan, payg‘ambarimiz esa butun insoniyatga oxirgi payg‘ambar etib yuborildilar. Alloh  taolo bu haqida payg‘ambarimiznng o‘zlariga xitob qilib aytadiki: “( Ey Muhammad!) Biz Sizni, haqiqatdan, barcha odamlarga xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi bo‘lgan holingizda (payg‘ambar qilib) yubordik ...” ( Sab'a surasi , 28- oyat).

Olamlar sarvari Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) milodiy 571-yil Rabi'ul avval oyining 12-muborak kechasida dunyoga keldilar. Bu kecha “Mavludun nabiy” deb atalib, u zotning nuri bilan zulmatdan yorug‘likka chiqilgan kechadir. Bu kecha u zotning hurmati uchun barcha ummatlariga rahmat va marhamat yomg‘iri yog‘ilgan kechadir.

Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummat bo‘lish bilan faxrlanish, U zotga Alloh taoloning muhabbatidan keyingi o‘rinda turadigan chin muhabbat qo‘yishga, U zotni o‘zimiz, ota-onamiz, bolalarimizdan-da afzal ko‘rishimiz, habibimiz alayhissalomning siyratlari bilan xulqlanishimiz, sunnat va muborak hadislariga rioya etishimiz, haqlariga ko‘plab salovatlar aytishimz chin ummatligimizdan dalolat bo‘ladi, u ztga nisbatan qalbimizdagi muhabbat yana-da ziyoda bo‘laveradi, shafoatlaridan umidvorlik hissi vujudimizni chulg‘ab oladi.

Bu dunyoda ul zotni tanisak Payg‘ambarimiz (alayhissalom)  bizni mahshargohda taniydilar. U kishiga itoat qilsak, ehsonlari ila bizni sarafroz etadilar. Biroq bu ishlarni Rabi'ul avval oyida qilib, boshqa paytda unutsak, muhabbatimiz shunchaki da'vo  bo‘lib qoladi.

“Alloh o‘z ichlaridan Allohning oyatlarini o‘qib beradigan, ularni(shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta'lim beradigan Payg‘ambarni yuborish bilan, mo‘minlarga in'om etdi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda  edilar”(Oli Imron surasi , 164- oyat ).

Alloh taolo mo‘minlarga eng go‘zal ahloq egasi bo‘lmish Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni namuna qilib yuborar ekan, u zotni sevishni, sunnatlariga amal qilishni oyati karimalarida amr etdi. Buni Payg‘ambar  ( alayhissalom) ning o‘zlari tasdiqladilar:

“Meni ota-onangizdan, bola chaqangizdan va barcha odamlardan ko‘proq yaxshi ko‘rmaguningizcha komil mo‘min bo‘lolmaysiz!”( Imom Buxoriy rivoyati ).            

Bizning Payg‘ambrimiz ana shunday ajoyib inson bo‘lganlar. Shuning uchun biz u kishiga hurmat-ehtirom ko‘rsatamiz. Aytgan hamma o‘gitlariga amal qilamiz. Buyurgan amallarini qilib, qaytarganlaridan qaytamiz. Bizning ana shu harakatlarimiz Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam ) sunnatlariga rioya etganimiz bo‘ladi.

Keling, ey azizlar! Mana shunday muborak oyda qo‘llarimizni ochib duolar qilaylik: “Hammamizga Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnatlariga amal qilishni nasib etsin, Alloh taolo o‘zining to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin! Omin!

Lutfulloh QURBONOV – Pastdarg‘om tuman “Salim ota” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 11/11/2019 15:37;   Ko‘rilganligi: 157
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/siyrah/alloh-yuborgan-buyuk-yolboshchi
Chop etilgan vaqti: 02/04/2020 05:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing