O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Саҳобалар ҳаёти

Oisha onamizning kunyalari va laqablari

 
 

Hammamizga ma'lumki, arablarda kunyalash odati bo‘lgan. Hammaning qilgan ulug‘ ishlariga nisbatan kunyalar qo‘yiladi. Kunya ulug‘lik va sharaf ramzi ham hisoblanadi.

Oisha roziyallohu anhoning ham kunyalari mavjud. Ular:

  1. Ummul-mo‘miniyn – Mo‘minlarning onasi. Bu kunyada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollarini barchalari sherik hisoblanadi. Alloh taoloning quyidagi kalomi bunga dalildir:

﴿ النَّبِيُّ أَوْلَى بِالْمُؤْمِنِينَ مِنْ أَنْفُسِهِمْ وَأَزْوَاجُهُ أُمَّهَاتُهُمْ ﴾ الأحزاب: 6

Nabiy mo‘minlar uchun o‘zlaridan ko‘ra haqlidir. Uning ayollari esa ularning onalaridir (Ahzob surasi 6-oyat).

  1. Ummu Abdillah – Abdullohning onasi. Bu kunya bilan nomlanishliklarining sababi borasida ulamolar ixtilof qilishgan:

Birinchi gap: bu kunyani u kishiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam berganlar. Chunki Oisha onamiz shu kunyani yaxshi ko‘rar edilar. Bunga quyidagi hadislar dalil bo‘ladi:

Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Mendan boshqa barcha ayollaringizning kunyalari bor”, dedilar. shunda u zot: “O‘g‘ling (Asmo roziyallohu anhoning o‘g‘illari) Abdulloh bilan kunyalan” dedilar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Zubayr tug‘ilganida uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga olib bordim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning og‘ziga xurmo chaynab soldilar va uning qorniga ilk kirgan narsa u zotning so‘laklari edi. So‘ng u zot aytdilar: “U Abdullohdir. Sen esa Ummu Abdillah (Abdullohning onasi). Shu kunya bilan kunyalanishda doim bo‘ldim”.

Ikkinchi gap: “U kishining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bo‘lgan tushib qolgan bolasi bo‘lgan. Uni Abdulloh deb nomlashgan”. Bu gap asossizdir.

Imom Hofiz rohimahulloh aytadilar: “To‘g‘ri gap – farzand dunyoga keltirmaganlar. Balki ushbu kunya bilan kunyalanishlikni so‘raganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Opangni o‘g‘li Abdulloh bilan kunyalan” deganlar”.

Imom Navaviy rohimahulloh aytadilar: “Bizga rivoyat qilingan “Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bo‘lgan bolani tushirib qo‘ydim. Uni Abdulloh deb nomladik” degan hadis zaifdir”.

Oisha onamizning laqablari:

Oisha onamizning kunyalari bo‘lganidek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nomlagan laqablari ham mavjud. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday qilishliklari Oisha onamizning u zotga yaqin ekanliklarining dalolatidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizni xursand qiladigan laqablar bilan chaqirganlar. Ular quyidagilar:

  1. Aa'ish. Ismni qisqartirish orqali nomlaganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Ey Aa'ish! Jabroil senga salom aytayapti”.
  2. Muvaffiqo (Baxtli). Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ummatimdan kimniki ikki farzandi vafot etgan bo‘lsa, Alloh uni jannatga kirgazadi”. Oisha roziyallohu anho aytdilar: “Bitta bo‘lsachi?”. Aytdilar: “Bitta bo‘lsa ham, ey Muvaffiqo”. Aytdilar: “Farzandi bo‘lmasachi?”. Aytdilar: “Men ummatim uchun yo‘qotilgan farzanddekman. Meni yo‘qotgandek, biror kishiga g‘am chekmaydilar”.
  3. Humayro. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Masjidga habashlar o‘ynab kirib qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Ey Humayro! Ularga qarashni hohlaysanmi?” dedilar. “Ha” dedim va ularga qaray boshladim.

Imom Zahabiy aytadilar: “Arablarda chiroyli oq yuzli kishilarga “Humayro” deb ishlatiladi”.

Imom Azhariy aytadilar: “Arablar ajamlarni “Humayro” deb atashadi. Sababi o‘zlarining ranglaridan ularning ranglari oqroq bo‘lganidir”.

Ushbu hadisda esa Oisha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga suyukli bo‘lganliklari uchun erkalash ma'nosida ishlatganlar.

  1. Siddiqa. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning qizlari bo‘lganliklari uchun “Siddiqa” deb nomlanganlar. Hadis ulamolari orasida “Siddiqning qizi Siddiqa” deb nom tarqalgan.

Abu Nua'ym aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayoli Oisha roziyallohu anho Siddiqning qizi Siddiqadir va Habibning Habibasidir”.

Alloh taolo barcha sahobiya onalarimiz va o‘z onalarimizdan rozi bo‘lsin!


Kiritilgan vaqti: 28/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 13161
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/sahaba/oisha-onamizning-kunyalari-va-laqablari
Chop etilgan vaqti: 24/04/2024 07:44
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing