O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Саҳобалар ҳаёти

MUS'AB IBN UMAYR Islomning avvalgi elchisi (6-qism)

 
 

Kunlar ortidan haftalar, oylar ortidan yillar o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va uzotning sahobalari Madinaga hijrat qildilar. Quraysh mushriklarining musulmonlarga nisbatan adovati esa yanada kuchaydi. Ular musulmonlarni tiyib qo‘yish uchun bo‘lajak jangga hozirlik ko‘ra boshlashdi. Natijada Badr g‘azoti bo‘lib o‘tdi. Mushriklar bu jangda mag‘lub bo‘lganlari tufayli qasos va o‘ch olish uchun Uhud tog‘iga to‘planishdi. Musulmonlar ham hozirlik ko‘ra boshlashdi. Bu jangdan oldin Rasululloh musulmonlarning saflari orasidan bayroqdor bo‘lishga munosib kishini izladilar va “Mus'abul xayr”ni yonlariga chaqirib, tug‘ni unga tutqazdilar.

Jang boshlandi. Urush qizigan pallada mushriklar mag‘lub bo‘lib, orqaga chekina boshladi. Tog‘ning tepasida kutib turishga va joyidan jilmaslikka buyurilgan kamonchilar guruhi jang maydonidagi o‘lja ilinjida buyruqqa xilof ravishda o‘z joylarini tark qildilar. Afsuski, ana shu shoshilinch harkatni deb musulmonlarning g‘alabasi mag‘lubiyatga aylandi. Chunki tog‘ ortida pistirmada turgan dushman otliqlari qo‘qqisidan hujumga o‘tdi. Musulmonlar qurshovda qoldi. Saflari to‘zg‘iyotganini ko‘rgan sahobalar Rasulullohning atroflariga to‘plana boshladi.

Shu payt Mus'ab u zotga katta xatar yetishi mumkinligini o‘ylab, bayroqni baland ko‘targan holda hilpiratib, qattiq ovozda takbir aytish bilan dushman e'tiborini o‘ziga tortmoqchi bo‘ldi. Uning maqsadi dushman e'tiborini o‘ziga tortib, bu bilan Rasulullohning muborak jonlarini saqlab qolish edi. Mus'ab yakka o‘zi xuddi katta bir qo‘shindek jang qila boshladi. Bir qo‘li bilan bayroqni tutib, ikkinchi qo‘lida qilich o‘ynatib, dushmanni savalardi. Lekin dushman haddan ziyod ko‘p edi. Ular Mus'abni bir chetga surib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turgan tomonga tashlanishga intilardi.

Keling, bu voqealarning guvohi bo‘lgan zotga murojaat etaylik, bizga ulug‘ inson Mus'ab ibn Umayr hayotining so‘nggi lahzalarini hikoya qilib bersin. Ibn Sa'd shunday dedi: “Ibrohim ibn Muhammad ibn Shurahbil Abdariy otasidan hikoya qiladi: “Uhud kuni Mus'ab ibn Umayr bayroqni qo‘lga oldi. Musulmonlar tarqalib ketganda ham, Mus'ab sabot bilan o‘z joyidan jilmadi. Mushrik otliqlardan biri Ibn Qomiyya unga tashlanib, qilichi bilan o‘ng qo‘lini uzib tushirdi. Mus'ab esa: “Va maa Muhammadun illaa Rosulun qod xolat min qobilihir rusul”, deb bayroqni chap qo‘liga oldi. Yana boyagi mushrik unga bir hamla qilib, chap qo‘lini ham kesib tashladi. Ikki qo‘lining tirsagidan tepa qismigina qolgan Mus'ab kesik qo‘llari bilan bayroqni ko‘ksi bilan siqib: “Va maa Muhammadun illaa Rosulun qod xolat min qobilihir rusul”, deya bayroqni ko‘tarishda davom etdi. Haligi mushrik Mus'abga uchinchi marta tashlanib, ko‘ksiga nayza sanchdi. Mus'ab bayroq bilan birga yiqildi.

    

    Davomi bor.

 

Z.Eshonqulov – O‘MI Samarqand viloyati vakili

“Payg‘ambar atrofidagi kishilar” kitobidan.


Kiritilgan vaqti: 26/09/2019 16:37;   Ko‘rilganligi: 1665
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/sahaba/musab-ibn-umayr-islomning-avvalgi-elchisi-6-qism
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 03:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing