O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Саҳобалар ҳаёти

MUS'AB IBN UMAYR Islomning avvalgi elchisi (5-qism)

 
 

Mus'ab Madina ahli qalbini zuhdi, taqvosi, ixlosi va muhabbati bilan o‘ziga rom etdi. Ular Allohning diniga guruh-guruh bo‘lib kira boshladi. Payg‘ambar Mus'abni Madinaga yuborayotgan paytda, u yerdagi musulmonlar bor yo‘g‘i o‘n ikki kishi edi, xolos. Lekin oradan bir necha oy ham o‘tmay, ularning soni keskin ko‘paydi. Kelasi yil haj mavsumida Madinadan yetmish kishidan iborat musulmonlar guruhi Rasulullohga bay'at berish uchun Mus'ab ibn Umayr boshchiligida Makkaga yetib keldi. Rasuli Akram o‘z farosati, mardligi va aql-zakovati bilan tanilgan Mus'abni tanlab, to‘g‘ri yo‘l tutganlarini isbot etdi. U vazifani chuqur anglar, o‘zini Allohning diniga chaqiruvchi, insonlarni hidoyat va turli yo‘lga chorlovchi, xuddi Payg‘ambar kabi faqat yetkazuvchi ekanini yaxshi bilar edi.

Bir kuni Asad ibn Zurora xonadonidagi ziyofatda Mus'abni yuksak zakovat egasi ekani yaqqol ko‘rindi. U majlisda yumshoqlik bilan Allohning oyatlarini tushuntirar edi. Birdan Madinadagi Banu Abdul Ashxal qabilasining sayyidi Usayd ibn Huzayr nayzasini yalang‘ochlab, g‘azab va nafrat ila Mus'ab tomon kela boshladi. Usaydning fikricha, Mus'ab uning qavimini ota-bobolari dinidan qaytarib, ya'ni “oliha” larni tark etishga chaqirib, ilgari  hech kim ko‘rmagan va bilmagan Allohga da'vat etayapdi. Ularning “oliha”lari esa, har doim birga, yonma-yon, bordiyu birortalari muhtojlik sezsa, “oliha”larini oldiga borib,  xohlagan duolarini qilishlari mumkin. Ammo Muhammadning ilohini, mana bu elchining aytishiga qaraganda, hech kim ko‘rishga qodir emasmish! Usaydning vajohatini ko‘rgan musulmonlar qattiq vahimaga tushishdi. Lekin muallim xotirjam o‘tirar edi. Usayd g‘azabnok holatda: Mus'ab bilan Asad ibn Zuroraga xitob qildi:

  • Sizlarni bizning mahallamizga kim chaqirdi? Zaiflarimizni mazax qilayapsizlar. Agar hayotdan umidlaringiz bo‘lsa, bu mahallani darhol tark qilinglar.

Mus'ab o‘z xotirjamligini buzmay dedi:

  • Biz bilan biro oz o‘tirib so‘zimizni eshitmaysanmi? Agar so‘zimizga rozi bo‘lsang, uni qabul qilasan. Agar rozi bo‘lmasang, sening mahallangni tark qilamiz.

Usayd insofli va aqlli kishi edi. O‘zicha fikrlab, Mus'abning so‘zi haq ekanini tushundi. To‘g‘ri-da, Mus'ab uni biroz eshitishga chorlayapdi, boshqa narsaga emas. Agar qanoat hosil qilmasa, Mus'ab uning mahallasini tark qiladi.

Usayd:

  • Haq so‘zni aytding, - dedi. So‘ng nayzasini yerga sanchib, uni eshitish uchun o‘tirdi. Mus'ab unga ozgina Qur'on tilovat qilib, Muhammad keltirgan da'vatni sharhlashi bilan Usaydning ko‘zlari charaqlab ketdi. Mus'ab hali so‘zini tugatmasdan, Usayd ibn Huzayr unga va u bilan o‘tirganlarga:
  • Qanday go‘zal va haq so‘zlar! Bu dinga kirmoqchi bo‘lgan kishi nima qilishi kerak? – deb qichqirib yubordi.
  • Kiyimi va badanini poklab, so‘ngra Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad Uning elchisi ekaniga guvohlik berishi kerak, - dedi Mus'ab.

Usayd bir fursat ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandan keyin sochlaridan suv tomchilab turgan holda qaytib keldi. Shu zahoti Allohdan o‘zga iloh yo‘qligia va Muhammad Uning elchisi ekaniga guvohlik berib, Islom dinini qabul qildi. Bu xabar go‘yo nurdek bir pasda har tarafga tarqalib ketdi. So‘ngra Sa'd ibn Muoz kelib, Mus'abning so‘zini bir oz eshitgach, qanoat hosil qildi va imon keltirdi. Sa'd ibn Uboda ham unga ergashib, shahodat kalimasini aytdi. Bu uch sayyidning imonga kelishi Madinada olamshumul voqeaga aylandi. Bu uch ulug‘ kishining Islom dinini qabul qilganlarini eshitgan Madina ahli bir-biriga yuzlanib:

         Agar Usayd ibn Huzayr, Sa'd ibn Muoz va Sa'd ibn Uboda kabi ulug‘larimiz imon keltirgan bo‘lsa, biz nima uchun ulardan ortda qolishimiz kerak? Yuringlar, Mus'abning huzuriga, imon keltiraylik! – deyishdi.

         Shunday qilib, Rasulullohning eng birinchi elchisi misli ko‘rilmagan yutuq va muvaffaqiyatga erishdi. Butun Madina ahli imon keltirib, Islom dinini qabul qila boshladi. Albatta, Mus'ab bunday yutuqqa haqli edi.     

 

 Davomi bor.

 Z.Eshonqulov – O‘MI Samarqand viloyati vakili

“Payg‘ambar atrofidagi kishilar” kitobidan.


Kiritilgan vaqti: 24/09/2019 17:56;   Ko‘rilganligi: 214
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/sahaba/musab-ibn-umayr-islomning-avvalgi-elchisi-5-qism
Chop etilgan vaqti: 02/04/2020 04:52
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing