O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Rostgo‘ylik ezgulikka boshlaydi... YOLG‘ON AQL O‘G‘RISIDIR...

 
 

Inson bolaligidan til vositasida atrofdagi olamga murojaat qila boshlaydi. Yaxshi-yomonni ajrata boshlagan sari tili ko‘p narsalarga sabab bo‘lishini ham his qiladi. Gohida gapirish kerakligini, gohida gapirish o‘ziga ofat keltirishini biladi.

Xalqimizda til xususida juda ko‘plab hikmatlar, maqollar aytilgani til xususida juda e'tiborli bo‘lish lozimligini bildiradi.  "Nonni katta tishlasang ham, gapni katta gapirma", "O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir", "Avval o‘yla, keyin so‘yla" kabi xalq maqollari bejizga aytilmagan.

Dinimizda ham tilga katta e'tibor berilgan. Hatto oxirat kuni eng pushaymon bo‘ladiganlarning aksari tillari sababli qilgan amallari bo‘lishi oyat va hadislarda keltirilgan. Hikmatlarda "Mo‘minning tili qalbi orqasidadir", deb aytiladi. Chunki, mo‘min inson avval o‘ylab, keyin so‘zlaydi. Aks holda o‘z gardaniga og‘ir gunohlarni ortib olishini, insonlar orasidan oqibat, ishonch  ko‘tarilishiga sababchi bo‘lib qolishini biladi.

Darhaqiqat, yolg‘onchilik muqaddas dinimizda qoralanadigan kabira gunohlardan biridir. Yolg‘oni bilan tanilgan kishilar hech bir jamiyatda qadr topmagan. Haqiqatdan ham, bor narsaning teskarisi xabarini olib kelishlik – bu yolg‘onchilikdir.

Bir kuni sahobalar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi: "Ey Allohning Rasuli, mo‘min odam baxil bo‘lishi mumkinmi?". Payg‘ambarimiz: "Ha, bo‘lishi mumkin", dedilar. Yana ular: "Ey Allohning Rasuli, musulmon odam qo‘rqoq bo‘lishi mumkinmi?". Payg‘ambarimiz: "Ha, qo‘rqoq ham bo‘ladi", dedilar. Sahobalar: "Ey Allohning Rasuli, musulmon odam yolg‘onchi bo‘ladimi?". Payg‘ambar alayhissalom: "Yo‘q", deb javob berdilar. Aslida baxillik bilan qo‘rqoqlik bitta bo‘lganida ham, gunohi yolg‘onchiniki kabi bo‘lmaydi.

Nahl surasining 105-oyatida shunday deb xabar beriladi: "Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydigan kimsalargina to‘qurlar. Ana o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchidirlar".

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: "Mo‘min kishi xiyonat, yolg‘onchilikdan boshqa barcha xislatlarga tobe' bo‘ladi", deganlar. Mazkur hadisi sharifni ulamolarimiz quyidagicha tahlil qiladilar: "Mo‘min kishida xiyonatkorlik hamda yolg‘onchilik xususiyatlarining mavjud bo‘lishligi uning mo‘minlik tabiatiga xilof ishdir, musulmon kishi bunday xulqqa ega bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da mazkur salbiy xususiyatlar inson tabiatiga xilof emasdir, insoniy xilqatda bu kabi illatlar uchrab turadi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: "Munofiqlik belgisi uchta: yolg‘on so‘zlash, va'dasining ustidan chiqmaslik va omonatga xiyonat qilishdir". Alloh nazdida eng yaxshi gap - rost gapdir. Demak, gaplarning eng yomoni – bu yolg‘onchilikdir. Hattoki, yolg‘onni hazil bilan ham, jiddiy ham gapirib bo‘lmaydi.

Rostgo‘ylik ezgulikka boshlaydi, ezgulik esa jannatga. Yolg‘onchilik buzuqlikka boshlaydi, buzuqlik esa jahannamga. Rostgo‘y odamga yaxshi baho, yolg‘onchi odamga esa yomon baho beradilar. Rostgo‘y odam chin so‘zi bilan borib-borib Alloh huzurida siddiq ya'ni, sodiq deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘onchi esa borib-borib Allohning huzurida kazzob ya'ni yolg‘onchi deb yozib qo‘yiladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimizki, yolg‘on so‘zlash yoki yolg‘on guvohlik berish Islom dinida qat'iy qoralanadi. Qur'oni Karimda yolg‘on haqida bir yuz oltmish yettita oyat bor. Yolg‘onning jamiyatga ham, shaxsga ham zarari shunchalar ko‘pki, bularni sanab tugatish qiyin. Yolg‘on uni gapirgan odamni ko‘pchilik orasida sharmandai sharmisor qiladi, gapining subuti qolmaydi, yolg‘on uzoqni yaqin, yaqinni uzoq qiladigan sarobdir. Yolg‘on aql o‘g‘risidir, yolg‘on kishining din va diyonatini buzadi.

Dilmurod Bektamishov - Narpay tuman bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 03/12/2019 14:28;   Ko‘rilganligi: 9771
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/rostgoylik-ezgulikka-boshlaydi-yolgon-aql-ogrisidir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 12:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing