O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Islom dinining insonparvarlik mohiyatini targ‘ib etish kun tartibidagi doimiy masala

 
 

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etmoqda.

– Mamlakatimizda “Jaholatga qarshi – ma'rifat”, degan ezgu g‘oya asosida Islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targ‘ib etish kun tartibimizdagi doimiy masalalardan biri bo‘lib qoladi.

Joriy yilda hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchisi Abu Muin Nasafiy hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan hamda diniy bag‘rikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etiladi.

Imom Buxoriy bobomizning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini bu mo‘tabar zotning musulmon dunyosidagi ulug‘ maqomiga mos ravishda, mutaqo yangi loyiha asosida qayta barpo etish ishlarini ham boshlaymiz. Shuningdek, buyuk alloma Bahouddin Naqshband bobomizning 700 yillik tavallud ayyomining yuqori saviyada o‘tkazishimiz kerak. Sizlarga ma'lumki, keyingi yillarda olib borilayotgan insonparvar siyosat tufayli to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘ygan fuqarolarni sog‘lom hayotga qaytarish borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda ham diniy ekstremistik yo‘lga kirib qolgan chin dildan pushaymon bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va hal etish, ularni jamiyatga moslashtirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Jahonda shiddat bilan o‘zgarayotgan notinch va murakkab vaziyat, turli mojarolar jonajon Vatanimiz xavfsizligini va el-yurtimiz osoyishta hayotini ta'minlash hamda mavjud xatarlarga munosib javob berishda doim tayyor turishimizni taqozo etmoqda, deb ta'kidladi muhtaram Prezidentimiz o‘z Murojaatnomasida.

 O‘MI Samarqand viloyat vakilligi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 24/01/2020 17:35;   Ko‘rilganligi: 782
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/islom-dinining-insonparvarlik-mohiyatini-targib-etish-kun-tartibidagi-doimiy-masala
Chop etilgan vaqti: 24/04/2024 12:52
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing