O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

UYLANISH VA NIKOH ODOBLARI

 
 

Islom dinida nikoh – bu Allohning amri, Payg‘ambar (s.a.v)ning sunnatlari bilan mo‘min-musulmonlarning guvohligida bog‘lanadigan muqaddas rishtadir. Shuningdek, Qur'oni karimning Rum surasining 21-oyatida “Uning alomatlaridan (yana biri)-sizlar (Nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqli va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” deb marhamat qiladi. Shuningdek, Rasululloh (s.a.v.): «Nikoh mening sunnatimdir. Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas», deya marhamat qilganlar va boshqa bir hadislarida uylanishga, ko‘payishga buyurganlar. Termiziy (r.a) rivoyatida Nabiy (s.a.v): “To‘rt narsa Rasullarning sunnatlaridan: “ Hayo, xushbuy sepmoqlik, misvok va nikoh" dedilar. Ushbu to‘rt narsa Odam a.s.dan tortib, Muhammad a.s. gacha bo‘lgan barcha payg‘ambarlarning sunnatidir.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vassallam: «Ey yigitlar jamoasi, sizlardan kim uylanishga qurbi yetsa, uylansin, chunki uylanish ko‘zni ayollarga qarashdan va farjni yomon, harom ishlardan saqlaydi. Agar qaysi birlaringiz uylanishga qurbingiz yetmasa, ro‘za tutish u uchun yaxshidir» (Buxoriy va Muslim rivoyati). Oila nikohdan boshlanadi. Nikoh qonun asosida o‘tqazilgan bo‘lsagina haqiqiy hisoblanadi. Oila kodeksining birinchi moddasida nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuzilishi lozimligi ko‘rsatilgan. Nikohdan o‘tuvchilar FXDYO ga ariza berganlaridan keyin bir oy o‘tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi. Uzrli sabablarga ko‘ra, bir oy sinov muddati yetgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin. Hamda qonunda nikoh tuzishning ixtiyoriyligi, nikoh tuzish uchun bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda qilishi alohida ta'kidlangan. Qonunda nikoh tuzishga majburlash yo‘q, ayniqsa ayolni majburlab erga berish yo‘q. Shu o‘rinda nikoh yoshi muhim ekanligini ota-onalar unutmasliklari kerak.

Hanafiy ulamolar, oila barqaror bo‘lishi va undan ko‘zlangan maqsad ro‘yobga chiqishi uchun har ikki tomon bir-biriga hamma jihatdan teng bo‘lishi shart deganlar. Ya'ni iqtisodda, odob-axloqda, turmush tarzi va boshqa jihatlarda o‘zaro teng yoki yaqin bo‘lishsa, bir-birlarini tezda tushinib ketadilar. Nikohda farzandli bo‘lish, shahvatdan tiyilish, uy ishlarining boshqarilishi, sulolaning ko‘payishi, nafs bilan kurashish kabi foydalar bor.

Sahovatli kishilar tomonida ehtiyojmand oilalarning voyaga yetgan farzandlarini oila qurishlikda ularga yaqindan yordam berishliklari dinimizda maqtalgan ishlardan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim qiynalgan kishiga yordam bersa, Alloh unga oxiratda yordam beradi”, deb aytganlar.

Ba'zilar qarz olib to‘y qilishadi. Xalqimiz orasidagi «Qarz olib to‘y qil, qarzdan qutilasan, xotin yonga qoladi», degan bema'no maqolga amal qilinsa, xursandchilik to‘y tugaguncha davom etadi. Agar «Ko‘rpangga qarab oyoq uzat», degan purma'no maqolga amal qilinsa,  qarz tashvishi bizlarni azobga solmaydi. Shuning uchun dinimiz ko‘rsatgan amallarga rioya qilib borsak, xato va nuqsonlarga yo‘l qo‘ymaymiz.

B.Sharipov  - Samarqand tuman bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 03/07/2020 16:59;   Ko‘rilganligi: 4607
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/family/uylanish-va-nikoh-odoblari
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 01:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing