O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

Shavqatsizlik qurboni

 
 

Ayol farzandi dunyoga kelishi uchun amaliyot xonasiga kirib ketdi. Bola tug‘ildi. Ona hayotdan ko‘z yumdi. Ayolidan ayrilib, farzandi onasiz qolganidan ota, qattiq xafa bo‘ldi. Chaqaloqni o‘zi parvarishlay olmasligini bilib xolasiga berdi. O‘zi yetti oydan keyin uylandi.

Yangi ayolidan ketma-ket ikkita: o‘g‘il-qiz farzandlar ko‘rdi. Oradan uch yil o‘tib xolasiga bergan o‘g‘lini birga yashash uchun olib keldi. O‘gay ona o‘z bolalariga yaxshi qarardi. Yetim bolachaga ahamiyat bermas, rahm qilmas, qo‘rs, jerkib, turtib gapirar, ovqat bersa o‘ziga alohida berar, dasturxonda birga o‘tirishga qo‘ymasdi.

Bir kuni kechki taomga ayol o‘z oilasini mehmonga chaqirdi. Dasturxonda turli yeguliklar, shirinliklar bor edi. Bolakay nimadir olish uchun qo‘lini cho‘zgandi. O‘gay onasi ko‘rib qolib qo‘liga urdi. Urishib, qo‘liga likopchada ozgina guruch berib balkonga chiqardi.

- Shu yerda o‘tirib, ye! Qimirlama! Hamma ketguncha ovozingni ham chiqarma! Asabimga tegma! Mehmonlarim yonida meni sharmanda qilma! -  dedi.

Bolakay ichkariga kirsa, o‘gay onasi urishidan qo‘rqib o‘sha yerda o‘tirdi. Uxlab qoldi.

Mehmonlar ketishdi. Ayol o‘z farzandlarini xonalariga uxlatish uchun olib kirib ketdi.

Eri kech bo‘lganda ishdan keldi. Bolalarini so‘radi. Ayol:

- Hammasi uxlab yotishibdi, - dedi. Ayol uni balkonga chiqarib yuborganini unutdi. Taomlanib bo‘lgan ota uxladi. Tushida birinchi ayolini ko‘rdi. U:

- O‘g‘lingizdan xabar oling! - dedi. Uyg‘onib ketib ayolidan so‘radi. Ayol:

- Aytdim - ku sizga, uxlab yotibdi, - dedi.

Ishonib yana uyquga ketdi. Ayoli yana tushiga kirib:

- O‘g‘lingizdan xabar oling! - dedi. Cho‘chib uyg‘ondi. Ayolidan yana so‘radi. Ayolning jahli chiqib:

- Uff, buncha, vohima qilmasangiz?! Aytdim - ku, uxlayapti. Ja erkalatib yuborgansiz - da, shu o‘g‘lingizni! - dedi.

Kishi yana uxladi. Birinchi ayoli yana tushiga kirdi va:

- Bo‘ldi. O‘g‘lim, jigarbandim mening yonimga keldi, - dedi. Sapchib uyg‘onib o‘g‘lining xonasiga kirdi! U yo‘q edi. Boshqa xonalarga qarab chiqdi. U hech qayerda yo‘q edi. Balkon eshigini ochib  qaradi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, o‘g‘ilchasi g‘ujanak bo‘lib yotar, isinish uchun boshini tizzalari orasiga olgancha, qotib qolgan, joni uzilgandi. U sovuqqa bardosh bera olmagandi. Yonida likopchada ozginasi yeyilgan guruch turardi. U endi jabr ko‘rmaydigan, yig‘lamaydigan, zolimlar yo‘q diyorga ketgandi.

Xulosa

«Faqatgina odamlarga zulm qiladigan va yer yuzida nohaq tajovuzkorlik qiladiganlarni (ayblashga) yo‘l bordir. Ana o‘shalarga alamli azob bordir». (Shuro surasi 42 oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim odamlarga rahm qilmasa, Alloh unga rahm qilmaydi», dedilar». (Muttafaqun alayh).

Musulmon ota-ona va bolalar bir-birlariga rahm-shafqat ko‘rsatish orqali Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ladilar.

Xoh o‘zingiz, xoh birovning farzandi bo‘lsin, ular haqida Allohdan qo‘rqing!

Jahonirxon Abrorov - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot kotibi, Urgut tumani “Boybul” jome masjidi imom-xatibi (manbalar asosida).

 


Kiritilgan vaqti: 26/02/2020 09:33;   Ko‘rilganligi: 1137
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/family/shavqatsizlik-qurboni
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 10:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing