O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

QO‘SHNICHILIK ODOBLARI

 
 

Muqaddas islom dini insonlarni o‘zaro bir birlari bilan do‘stlikda, hamjihatlikda, mehr-oqibatda yashashga targ‘ib qiladi. Bu bilan jamiyat a'zolari o‘rtasida ahillik, do‘stlik, hurmat izzat kabi axloqiy fazilatlar kamol topib, jamiyat taraqqiyoti va ravnaqiga juda katta ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Shuningdek, jamiyatda ma'naviy-ahloqiy muhit barqarorligi ta'minlanadi. Shunday aloqalardan biri qo‘shnichilik aloqalaridir.

Alloh taolo o‘zining kalomi bo‘lgan Qur'oni karimda bunday deb marhamat qiladi: “Allohga ibodat qilingiz va unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shniyu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”,(Niso surasi, 36-oyat).

Payg‘ambarimiz sallollohu  alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarining birida: “Nafsim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, banda musulmon bo‘lmaydi hatto insonlar uning qalbidan, tilidan va qo‘lidan salomat bo‘lmagunlaricha. Banda mo‘min bo‘lmaydi hattoki yon qo‘shnisi uning yomonliklaridan omonda bo‘lmagunicha”,- dedilar. Shunda sahobiylar ey, Allohning rasuli “yomonliklari deganda nimani tushunamiz”, deb so‘radilar. Payg‘ambarimiz sallollohu  alayhi vasallam “yomonliklari bu –– qo‘pol, dag‘al muomalasi va zulmu zo‘ravonligi”,- deb javob berdilar. Boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu  alayhi vasallam “Qo‘shnining qo‘shni oldidagi hurmati o‘z onasining hurmati kabidir”, deb marhamat qilganlar.

Yuqorida misol qilib keltirilgan oyat va hadislardan ma'lum bo‘ladiki, kishining o‘z yaqinlari ya'ni ota-onasi, qavm-qarindoshlari, qo‘ni-qo‘shnilari bilan go‘zal muomalada umrguzaronlik qilishi Allohning nazdida eng ulug‘ savobli amallardan ekan.

Hasan Basriy roziyollohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamdan qo‘shning haqlari haqida so‘ralganda ul zot: “Qarz so‘rasa berib turasiz, agar sizni chaqirsa chaqirig‘iga javob berib, borasiz, bemor bo‘lsa holidan xabar olasiz, yordam so‘rasa yordam berasiz, musibat yetsa ta'ziya izhor qilasiz, biror xursandchilik yetsa muborakbod etasiz, vafot etsa u to‘g‘rida guvohlik berasiz, agar biror yerga ketsa kelguniga qadar oilasidan, bola-chaqasidan xabar olib turasiz, hovlingizda qozonda go‘sht qovurib unga ozor bermaysiz, shunday qilgan taqdiringizda unga ham taomingizdan ulashasiz”. Boshqa bir rivoyatda “imoratingizni tomini uning tomidan baland qilmaysiz, magar, rozilik bersa baland qilishingiz mumkin”,- dedilar.

Hazrat Abu Hurayra raziyollohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sallollohu  alayhi vasallam “Ey, Abu Hurayra taqvodor bo‘ling insonlarning obidrog‘i bo‘lasiz, qanoatli bo‘ling insonlarning shukr qiluvchirog‘i bo‘lasiz, o‘zingizga yaxshi ko‘rganingizni boshqa insonlarga ham yaxshi ko‘ring mo‘minlardan bo‘lasiz, qo‘shnilaringiz bilan go‘zal muomalada bo‘ling musulmon bo‘lasiz, huda behuda qulavermang ko‘p kulgu qalbni o‘ldiradi”,- dedilar.

Hikmatlarda keltirilishicha bir kishi vafot etsa, uchta qo‘shnisi undan rozi bo‘lsa Alloh taolo uni mag‘firat qiladi. Bir rivoyatda bir kishi Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam oldilariga qo‘shnisidan shikoyat qilib keladi. Payg‘ambarimiz sallollohu  alayhi vasallam unga: “Unga ozor berishdan tiyiling, uning sizga bergan ozorlariga sabr qiling. Ajralmoqchi bo‘lsangiz o‘limning o‘zi kifoya qiladi”, dedilar. Hasan Basriy raziyollohu anhu aytadilar: “Qo‘shniga ozor bermaslik go‘zal qo‘shnichilik emas, haqiqiy qo‘shnichilik qo‘shnidan kelayotgan ozorlarga sabr qilishdir”.

Abu Hurayra raziyollohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam: “Jabroil alayhissalom qo‘shnining haqi haqida shunchalik ko‘p vasiyat qildilarki, hattoki qo‘shni ham meros olsa kerak deb gumon qilib qoldim”, deb marhamat qildilar.

Boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Kimki Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa yaxshi gaplarni gapirsin yoki sukut qilsin. Kimki Alloh taologa va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa qo‘shnisini ikrom qilsin. Kimki Alloh taologa va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa mehmonini izzat-ikrom qilsin. Mehmonini izzat-ikrom qilmoqlik bir kecha kunduzdir. Ziyofat esa uch kundir. Undan keyin esa sadaqa hukmidadir”, deya marhamat qilganlar.

Xalqimizda “mehr ko‘zda” degan naql bor. Ya'ni kishi o‘z yaqinlari bilan tez-tez uchrashib, hol ahvol so‘rab tursa, dardu quvonchlariga sherik bo‘lsa, atrofidagi insonlardan yordamini ayamasa va munosabatlar hech bir g‘arazsiz faqat Alloh roziligi uchun samimiy bo‘lsa, albatta, jamiyatdagi barcha insonlar bir birlariga nisbatan mehr oqibatli bo‘ladilar. Bunday fazilatli odobu axloq aynan o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan xislatlardandir. Biz bu qadriyatlarimizni asrab avaylashimiz kerak.

Barchamizga ma'lumki, bugungi kunda butun insoniyat boshiga musibat bo‘lib turgan koronovirus pandemiyasi bizning ham yurtimizni chetlab o‘tgani yo‘q. Bu dard tufayli dunyodagi barcha mamlakatlar fuqarolari aziyat chekmoqdalar.  Ko‘plab insonlar bu dard tufayli bevaqt olamdan ko‘z yummoqdalar. Albatta, yurtimizda hukumatimiz tomonidan bu dard bilan kurashish uchun barcha choralar va vositalar qo‘llanilmoqda. Shunday choralardan biri bu karantin cheklovidir. Karantin munosabati bilan bir qancha fuqarolarimiz yordamga muxtoj bo‘lib turibdilar. Saxovatpesha yurtdoshlarimiz tomonidan muhtoj bo‘lgan kishilarga beg‘araz yordam berib kelinmoqda. Albatta, bunday ishlar savobi ulug‘ ishlardandir. Shunday vaqtlarda muqaddas dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilmoqlik, odobiga rioya qilmoqlik, xususan, dinimiz ta'limotida eng savobli amallardan hisoblangan qo‘shnichilik aloqalarini bog‘lamoqlik juda ham savoblik amal hisoblanadi. Yuqoridagi oyat va hadislarga amal qilib, bugungi kunda aynan karantin sharoitida qiynalib turgan oilalarga moddiy va ma'naviy yordam qo‘lini cho‘zgan aziz birodarlarimizdan Alloh taoloning o‘zi rozi bo‘lsin...! Alloh taolo o‘zining yo‘lida qilingan infoqni qiyomat kunida foydalariga hujjat bo‘lishini, boshlariga soyabon bo‘lishini nasib etsin...! Yurtimizdan, elu xalqimizdan va butun insoniyatdan bu baloi azimni tez kunlarda ko‘tarilib ketmoqligini Parvardigori olam o‘zi nasib etsin...! Amin Yo Robbal Alamiyn...!

Mansurjon Abduxoliqov - Payariq tumani bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 19/05/2020 12:30;   Ko‘rilganligi: 1336
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/family/qoshnichilik-odoblari
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 21:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing