O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

OILAVIY HYOYOT SAODATDIR

 
 

Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ey yigitlar jamoasi, sizdan kim nikohga qodir bo‘lsa, uylansin. Albatta u ko‘zni to‘suvchi va farjni saqlovchidir. Kim qodir bo‘lmasa, ro‘zani lozim tutsin, bu uning uchun bichilishdir, deya marhamat qilganlar.

Qur'oni karimning Baqara surasi 21 oyatida: “Va uning oyat-belgilaridan sizlarga  sokinlik topishingiz uchun o‘zingizdan juftlar yaratganligi va oralaringizga mehru-muhabbat va marhamatni solib qo‘yganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir”.

Insonni erkak – ayolga ajratib, juft yaratishining o‘zi Allohning biru borligi, barkamol sifatlar sohibi ekanining yorqin dalilidir. Insonlar doim ko‘zi tushib turgan narsalarga ko‘nikib, e'tibor bermay qo‘yadi, ammo diqqat va aql-zakovat bilan tafakkur qilib ko‘rilsa, insonning erkak va ayol qilib, o‘ziga xos sifatlar bilan yaratilishi ulkan mo‘jizadir.

To‘g‘ri, “INSON” deb atalmish bu ikki jinsning tashqi ko‘rinishida bir-biriga o‘xshashlik bor. Ikkisi ham “inson” yoki “odam” deb ataladi. Tashqi a'zolari sirtdan bir-birinikiga o‘xshaydi. Lekin o‘sha sirtdan bir-birinikiga o‘xshash erkak va ayolning jismi alohida tahlil qilib ko‘riladigan bo‘lsa, turli ajoyibotlar namoyon bo‘ladi.

Erkakning tanasi, suyagi, eti, go‘shti, payi, miyasi, aqli, his-tuyg‘ulari va hattoki hujayralari  ham ayolnikidan farq qiladi. Uning butun vujudi quvvat, sabr-bardosh, og‘irlikni ko‘tarish, mashaqqatlarga chidash kabi erkaklarga xos ishlarni ado etishga, umuman, erkaklikka xizmat qilishi uchun moslangan.

Xuddi shuningdek, ayolning tanasi, suyagi, eti, go‘shti, payi, miyasi, aqli, his-tuyg‘ulari va hattoki hujayralari ham erkaklarnikidan farq qiladi. Uning butun vujudi latofat, yumshoqlik, mehribonlik, og‘irlikni ko‘taraolmaslik, tez hayajonlanish, ona va xotin bo‘lish kabi ayollarga xos ishlarni ado etishi, ayollikka xizmat qilishi uchun moslangan.

Chunki ayol kishi xotin, ona bo‘lishi kerak bo‘lganligi uchun, unga alohida latif tana, malohatli tuzilish, o‘ziga xos jism va a'zolar kerak. Hatto badanidagi to‘qimalar, hujayralar ham erkaknikidan o‘zgacha, nafis, yumshoq, nozik bo‘ladi.

Erkak va ayoldagi o‘ziga xosliklarni tahlil qilib ko‘rgan har qanday ilmli kishi ulardagi Allohning qudrati va hikmatini ko‘rib, Allohning oyat-belgilariga tan bermay, iloji yo‘q. Shu bilan birga, ushbu ma'nolarni hayotga tadbiq qilish har birimizning nafaqat burchimiz, balki avvalo baxtu-saodatimiz ekanini ham anglashimiz zarur.

 

Manbalar asosida  N.Temirova – Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha

Samarqand viloyat bosh imom xatibi maslahatchisi tayyorladi.


Kiritilgan vaqti: 07/05/2020 11:56;   Ko‘rilganligi: 39
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/family/oilaviy-hayot-saodatdir
Chop etilgan vaqti: 04/06/2020 18:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing