O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

Oila a'zolarning huquq va majburiyatlari

 
 

Oilada farzandlarning huquqlari himoya qilingan bo‘lib, bu huquqlar ularning ota-onalari yoki yaqin qarindoshlari, yashayotgan jamiyatlariga vazifa qilib yuklatilgan. Bu haqlarni ado etish vojib bo‘lib, farzandlarning qanday huquqlari bor? degan savolga ulamolarimiz quyidagilarni zikr qiladilar:

  1. Nasab. Nikohning asl maqsadlaridan biri ham naslu nasabni saqlashdir. Busiz oila ham, jamiyat ham bo‘lmaydi. Farzandning ota-onasi nikohdan o‘tgan, halol-pok yashagandagina nasabi aniq va pok bo‘ladi.
  2. Bo‘lajak farzandga munosib ona va ota tanlash. Islom bola haqida u hali dunyoga kelmasdan ancha oldin, oila qurishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan paytdan boshlab qayg‘ura boshlaydi. “Talxiys” nomli kitobda Oisha (r.anho)dan rivoyat qilingan quyidagi hadis keltirilgan:

عَنْ عَائِشَةَ مَرْفُوعًا : { تَخَيَّرُوا لِنُطَفِكُمْ ، وَانْكِحُوا الْأَكْفَاءَ ، وَانْكِحُوا إلَيْهِمْ }

“Sizlar o‘z nutfangizga munosib jufti halolni ixtiyor qilinglar. O‘zingizga munosiblarga nikohlaning va ularga nikohlab bering”[1].

Oila qurilar ekan ota-onaning e'tiqodliligi, axloqi, odobiga, insoniyligiga alohida e'tibor beriladi. Sababi, ulardagi xislat, fazilatlar, yomon odatlarning bolaga ko‘chishi – isbot talab etilmaydigan haqiqat.

  1. Emizish. Tug‘ilgan farzand avvalo emizishga muhtoj. Bu esa onaning vazifasi. Shar'iy, uzrli sababga ko‘ra ona emiza olmasa, emizuvchi topish va uni rozi qilish otaning ishi hisoblanadi. Alloh taolo:

         وَالْوَالِدَاتُ يُرْضِعْنَ أَوْلَادَهُنَّ حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ لِمَنْ أَرَادَ أَنْ يُتِمَّ الرَّضَاعَةَ (233)

Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa, onalar farzandlarni to‘liq ikki yil emizurlar[2], deydi.

Go‘dakning haqlaridan biri va onalarning eng mo‘tabar vazifasi farzandni ikki yil emizishdir. Yangi tug‘ilgan go‘dakning jisman va ruhan o‘sishi uchun onasining sutidan afzal ozuqa yo‘q. Bolaning suyagi onaning suti bilan shakllanadi, shuningdek, uning boshqa taraflari, ruhiy rovojlanishiga ham bu omil muhim o‘rin tutadi. Ushbu ozuqaning muddati to‘liq ikki yil bo‘lishi kerak. Hozirda olimlar ham  chaqaloqning ikki yil mutassil emizilishini ma'qullashmoqda. Tarixdan ma'lumki, dunyoga dovrug‘ solgan aksar buyuk allomalarga, fozilu ulamolarga bolalik paytida otalari faqat halol luqma yedirgani, onalari ularni betahorat emizishmagani manbaalarda aytib o‘tilgan. Bu esa ularning ma'nan yetuk bo‘lib ulg‘ayishlariga sabab bo‘lgan.

  1. Bolaning ota-ona zimmmasidagi haqlaridan biri, unga munosib ism tanlashlaridir.

Farzandga ma'nodor, chiroyli ism qo‘yish lozim. Husayn ibn Hasan Marvaziy o‘zining “Kitobul birri vas silati”sida Abul Mo‘tamirdan keltirgan rivoyatda: “Umar ibn Abdulazizning huzurida kechgan masalalarni eslab, “Bas, bir kishi: “Menga yetib kelgan xabarga qaraganda, tug‘ilgan bolaga ism qo‘ymay turib o‘lgan bo‘lsa, qiyomat kuni otasiga, meni ismsiz tark qilding-ku!” deydi”, dedi.

Shuning uchun har bir musulmon ota-ona bu muhim ishga alohida e'tibor ila yondoshmog‘i lozim. Farzand katta bo‘lib, oq-qorani taniganda o‘z ismidan uyaladigan bo‘lmasin. Balki ismi unga ziynat bo‘lib tursin.

أحب الأسماء إلى الله ما تعبد به

Payg‘ambar (s.a.v.) “Ismlarning  Alloh taologa  seviklisi, bandalikni bildiruvchisidir”, deganlar. Shuning uchun, Alloh taologa bandalik ma'nosini anglatuvchi, Abdulloh, Abdurrohman, Abdussattor va Alloh taologa hamd ma'nosini anglatuvchi, Hamidulloh kabi nomlar maqbul ismlar hisoblanadi.

 Bunga Payg‘ambarlarning, sahobalarning va salafi solihlarimizning muborak ismlarini misol keltirishimiz mumkin. Qizlarni ham o‘tgan ahli iymon momolarimizning, sahobiya ayollar va ezgulik ma'nosini anglatuvchi nomlar bilan atagan ma'qul.

  1. Aqiyqa ham bolaning ota-onadagi haqlaridandir.

“Aqiyqa” lug‘atda yordi ma'nosini anglatib, aslida yangi tug‘ilgan bolaning sochiga  aytiladi.  Shariat ta'limotlariga muvofiq, tug‘ilishning yettinchi kuni bolaning sochini olib, o‘sha soch og‘irligida kumush sadaqa qilmoq tavsiya qilinadi.
Ana o‘sha soch boshdan ajratib olingani uchun “aqiyqa” deyiladi. Shu munosabat bilan qurbonlikka jonliq so‘yilishi shu ma'noni anglatadi.  Iste'molda shu ma'noda ko‘p ishlatilgani uchun “aqiyqa” deganda faqat yangi farzand tug‘ilishi munosabati ila qo‘y so‘yish amallari  anglanadigan bo‘lib qolgan.

عَنْ سَلْمَانَ بْنِ عَامِرٍ الضَّبِّيِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَعَ الْغُلَامِ عَقِيقَةٌ فَأَهْرِيقُوا عَنْهُ دَمًا وَأَمِيطُوا عَنْهُ الْأَذَى

Salmon ibn Omir az-Zobbiy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi.
”Nabiy (s.a.v.): “G‘ulom ila aqiyqa bordir. Bas, uning uchun qon chiqaring va undagi nopoklikni ketkazing” – dedilar”. Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan. Hadisdagi bu jumlani, yangi tug‘ilgan bolaning aqiyqasi o‘zi bilan, deb tushiniladi. Ya'ni, har bir yangi tug‘ilgan bolaga aqiyqa lozim, deganidir. “Bas, uning uchun qon chiqaring”. Ya'ni, yangi farzand tug‘ilgani sharafiga jonliq so‘ying. Bu munosabat ila qon chiqarish qandoq bo‘lishini kelasi hadisi shariflar bayon qiladi.

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَقَّ عَنْ الْحَسَنِ وَالْحُسَيْنِ كَبْشًا كَبْشًا

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Nabiy (s.a.v.) Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarga  bittadan qo‘chqor so‘yib aqiyqa qildilar”. Sunan egalari rivoyat qilgan.

  1. Yangi tug‘ilgan bolaning qulog‘iga azon va takbir aytish.

عَنْ عُبَيْدِ اللَّهِ بْنِ أَبِي رَافِعٍ عَنْ أَبِيهِ قَالَ رَأَيْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَذَّنَ فِي أُذُنِ الْحَسَنِ بْنِ عَلِيٍّ حِينَ وَلَدَتْهُ فَاطِمَةُ بِالصَّلَاةِ

Ubaydulloh ibn abiy Rofe' (r.a.)nin otasidan rivoyat qilinadi. “Rasululloh (s.a.v.)ning Fotima roziyallohu anhoning tuqqan bolasi Hasan ibn Alining qulog‘iga azon aytayotganlarini ko‘rdim”[3].

Ushbu hadisi sharifga binoan yangi tug‘ilgan farzandning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytmoq mandubdir. Allohning zikri yangi tug‘ilgan bolaning qulog‘iga kirgan birinchi narsa bo‘lishi qandoq ham yaxshi. Albatta, bu ulug‘ narsaning o‘ziga yarasha barakasi bo‘ladi.

Rivoyatlardan birida: “Kimning bolasi tug‘ilsa-yu, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytsa, unga Ummu Sibyon zarar yetkaza olmas”, deyilgan. Ummu Sibyon bolalarga ziyon yetkazadigan jin toifasidir.

  1. Yangi tug‘ilgan bolaning tanglayini ko‘tarish.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Mening o‘g‘lim tug‘ilganda uni Nabiy (s.a.v.)ning huzurlariga olib bordim. U zot uni Ibrohim, deb nomladilar, xurmo ila tanglayini ko‘tardilar va unga baraka tilab duo qilib, menga tutqazdilar. U bolalarimning kattasi edi”. Ikki shayx rivoyat qilgan.

Ko‘pchilik sahobalar o‘zlarining yangi tug‘ilgan farzandlarini Payg‘ambar (s.a.v.)ning huzurlariga olib borar edilar. U zot alayhissalom yosh bolalarni ko‘rsalar o‘ta xursand bo‘lar edilar. Yangi tug‘ilganlarga Abu Muso roziyallohu anhuning o‘g‘liga qilgan munosabatni qilar edilar. Ana shu ishga taqlid qilib yangi tug‘ilgan farzandni ahli solih kishilar huzuriga olib borish musulmonlar ichida doimiy odatga aylangan.
”U zot uni Ibrohim, deb nomladilar” Demak, ahli fazl, olim va muqtado kishilar tomonidan yangi tug‘ilgan farzandlarga ism tanlanishi ham yaxshi ish. Chunki undoq kishilar bunga o‘xshash ishlarga bog‘liq masalalarni, shar'iy hukmlarni yaxshi biladilar va to‘g‘ri tasarruf qiladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Abu Muso roziyallohu anhuning o‘g‘illariga Ibrohim nomini qo‘yganlari ham buning bir misoli “xurmo ila tanglayini ko‘tardilar”. Yosh bolaning tanglayini ko‘tarish, katta odam bir narsani oldin o‘zi chaynab turib bolaning og‘ziga qo‘li bilan solib qo‘yishidir. Bu narsa meva bo‘lgani afzaldir. Payg‘ambar (s.a.v.) deyarli doimo bolalarning tanglayini xurmo bilan ko‘targanlar. Bu ham yaxshi niyat alomatidir. Ahli solih, fazilatli kishilarning bu ishni qilishlari marg‘ubdir. “va unga baraka tilab duo qilib, menga tutqazdilar”. Bu ish eng marg‘ub ishdir. Ahli solih, duogo‘y kishilarning yangi tug‘ilgan bolalar uchun duo qilishlari, ayniqsa, baraka tilab duo qilishlari juda ham yaxshi ishdir. Barcha ota-onalar bunga katta e'tibor bermoqlari kerak.

  1. Homiylik. Bola yetti yoshga kirguncha birovning himoyasiga muhtoj. Ya'ni doimo ovqatlanish, kiyinish, yuvinish va boshqa holatlarda kattalarning yordamiga muhtoj. Bu ishlarni uning ota-onasi, ular bo‘lmasa yaqin qarindoshlari amalga oshirishlari vojibdir.
  2. Valiylik. Yetti yoshdan balog‘at yoshiga yetguncha bo‘lgan bolalar valiyga, o‘zidan katta rahbarga muhtojdirlar. Bu ham ota-ona bo‘lmasa, yaqin qarindoshlariga yuklatiladi.
  3. Nafaqa. Bolalarning nafaqasi. Ularni oziq-ovqat, kiyim kechak, turar-joy bilan ta'min etish otaning burchidir. Bu narsalar halol pok bo‘lishi matlubdir. Faqir yosh bolaning naqafasi otasiga vojib bo‘ladi. Bu hukmning dalili. Alloh taolo: “U(ona)larni yaxshilab yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir”[4], degan.

Bolaning sababidan onaga nafaqa berish vojib bo‘lganidan keyin bolaning o‘ziga nafaqa berish vojib bo‘lishida hech shubha qolmaydi.

عَنْ عَائِشَةَ أَنَّ هِنْدَ بِنْتَ عُتْبَةَ قَالَتْ يَا رَسُولَ اللَّهِ إِنَّ أَبَا سُفْيَانَ رَجُلٌ شَحِيحٌ وَلَيْسَ يُعْطِينِي مَا يَكْفِينِي وَوَلَدِي إِلَّا مَا أَخَذْتُ مِنْهُ وَهُوَ لَا يَعْلَمُ فَقَالَ خُذِي مَا يَكْفِيكِ وَوَلَدَكِ بِالْمَعْرُوفِ

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Hind binti Utba: “Ey, Allohning Rasuli, Abu Sufyon o‘ta baxil odam, menga va bolamga kifoya qiladigan narsani bermaydi. Magar unga bildirmay olsamgina bo‘lur”, dedi.

“O‘zingga va bolangga yetarlisini to‘g‘rilikcha ol”, dedilar u zot. Ikki Shayx rivoyat qilishgan.

Unga bu ishda xuddi ota-onasi va xotinining nafaqasidagi kabi biror kishi sherik bo‘lmaydi. Ya'ni, bolaning nafaqsi faqat otaga, ota-onaning nafaqasi faqat o‘g‘ilga va xotinning nafaqasi faqat erga vojib bo‘ladi. Unga bu nafaqada hech kim sherik bo‘lmaydi.

  1. Bolaga mehribonlik ko‘rsatish ham ota – onaning vazifasi.

أَنَّ أَبَا هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَبَّلَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْحَسَنَ بْنَ عَلِيٍّ وَعِنْدَهُ الْأَقْرَعُ بْنُ حَابِسٍ التَّمِيمِيُّ جَالِسًا فَقَالَ الْأَقْرَعُ إِنَّ لِي عَشَرَةً مِنْ الْوَلَدِ مَا قَبَّلْتُ مِنْهُمْ أَحَدًا فَنَظَرَ إِلَيْهِ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ثُمَّ قَالَ مَنْ لَا يَرْحَمُ لَا يُرْحَمُ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.) o‘z huzurlarida al-Aqra' ibn Hobis Taymiy o‘tirganda Hasan ibn Alini o‘ptilar. Shunda u: “Mening o‘nta bolam bor. Ulardan birortasini o‘pganim yo‘q”, dedi. Bas, Rasululloh (s.a.v.) unga nazar soldilar va: “Rahim qilmaganga rahim qilinmas”, dedilar”[5].

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: o‘ta bolajon zot edilar. U zot bolalar ichida o‘z nabiralari imom Hasan va imom Husaynlarni juda ham yaxshi ko‘rar va ularga mehibonlik ko‘rsatar edilar. Ushbu rivoyatda u zot sollallohu alayhi vasallamning imom Hasan roziyallohu anhuga ko‘rsatgan mehrlari, sahobalardan birlarining bunga bo‘lgan munosabatlari va bu munosabatni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: tomonlaridan baholanishi haqida so‘z ketmoqda.

عَنْ أُسَامَةَ بْنِ زَيْدٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَأْخُذُنِي فَيُقْعِدُنِي عَلَى فَخِذِهِ وَيُقْعِدُ الْحَسَنَ عَلَى فَخِذِهِ الْأُخْرَى ثُمَّ يَضُمُّهُمَا ثُمَّ يَقُولُ اللَّهُمَّ ارْحَمْهُمَا فَإِنِّي أَرْحَمُهُمَا

Usoma ibn Zayd (r.a)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.) meni olib sonlariga o‘tqazar edilar. Hasanni esa boshqa sonlariga o‘tqazar edilar. So‘ngra sonlarini bir-biriga qo‘shib turib: “Ey Allohim! Ikkisini rahim qilgin, men ularga rahim qilurman”, der edilar”.

عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ قَدِمَ نَاسٌ مِنْ الْأَعْرَابِ عَلَى رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالُوا أَتُقَبِّلُونَ صِبْيَانَكُمْ فَقَالُوا نَعَمْ فَقَالُوا لَكِنَّا وَاللَّهِ مَا نُقَبِّلُ فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَأَمْلِكُ إِنْ كَانَ اللَّهُ نَزَعَ مِنْكُمْ الرَّحْمَةَ

Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir a'robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va: “Sizlar bolalarni o‘pasizlarmi? Biz ularni o‘pmaymiz”, dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh qalbingdan rahmatni sug‘irib olgan bo‘lsa men nima ham qila olar edim”, dedilar”.

Qizlarga alohida hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lish haqida Rasulullohning ko‘rsatmalari ham bor. Sababi qizlar mehrga muhtoj, o‘zlari ojiza bo‘lishadi. Shu bois ular tarbiyasida ko‘proq e'tibor va mehr, ehtiyotkorlik zarur bo‘ladi.

  1. Bolalari orasida adolat qilish ham ota – onaning vazifasidir. Bir rivoyatda: “Allohga taqvo qilinglar va farzandlaringiz orasida adolatli bo‘linglar”, deyilgan. Beshovlari rivoyat qilgan. Ushbu hadisga binoan musulmon inson moliyaviy masalalarda o‘z farzandlarining barchasini barobar ko‘rishi kerak bo‘ladi. Agar teng imkoniyatli farzandlarning biriga mol berib, boshqasiga bermasa yoki biriga oz, ikkinchisiga ko‘p bersa adolatsizlik bo‘ladi. Bolalari orasida hiqdu-hasad, fitna kuchayadi. Agar shar'iy uzr ila, sabab bo‘lsa ota-ona o‘z bolalaridan biriga ko‘proq boshqasiga ozroq mol bersa   bo‘ladi :           
    Misol uchun, biri bemor, ikkinchisi sog‘, biri kambag‘al, ikkinchisi boy, birining bolalari ko‘p, ikkinchisiniki oz.
  2. Balog‘atga yetgandan so‘ng uylantirib, oilalik qilib qo‘yish va boshqalar.

Ko‘rinib turibdiki, oilada farzandlarning alohida huquqlari bo‘lib, unga amal qilish shart etib qo‘yilmoqda. Shu o‘rinda oila rahbari zimmasiga katta mas'uliyat yuklatilishini alohida ta'kidlab o‘tmoqchiman. Ma'lumki, o‘z farzandlarining, ahli-ayolining axloqi, xulq-atvori, yurish-turishi uchun oila boshlig‘i mas'uldir.

  1. Tarbiya haqi ham farzandlik haqlaridandir.

Alloh taolo:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ (6)

Ey, iymon keltirganlar, o‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlar va toshlardan bo‘lgan o‘tdan qo‘rqiting. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaydilar va nima buyurilsa shuni bajaradilar”[1]. (Tahrim surasi, 6-oyat) degan.

Ahli ayolini, farzandlarini dindor qilib tarbiyalash oila boshlig‘ining Allohning oldidagi burchi ekanligiga yuqoridagi oyati karima yorqin dalildir. Odamlar orasida o‘zingni bil, o‘zgani qo‘y, degan noma'qul gap yuradi. Lekin shariat bo‘yicha er xotin uchun, ota bolalar uchun mas'uldir. Qiyomatda Allohning huzurida javob beradi.
Ushbu oyat ma'nosida hadisi shariflar ham bor.

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلِّمُوا الصَّبِيَّ الصَّلَاةَ ابْنَ سَبْعِ سِنِينَ وَاضْرِبُوهُ عَلَيْهَا ابْنَ عَشْرٍ

Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Yosh bolani yetti yoshida namoz o‘qishga buyuring, o‘n yoshga yetganda ham o‘qimasa uring” , deganlar.

Hazrati Umar yuqorida zikr qilingan oyati karima nozil bo‘lgandan so‘ng: “Ey, Rasululloh! O‘z nafsimizni-ku saqlaymiz, ahlimizni qanday saqlaymiz?” deb so‘ragan ekanlar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Alloh sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsa, ularni ham qaytarasizlar. Alloh sizlarni nimaga buyursa, ularni ham buyurasizlar”, deb javob bergan ekanlar.

Hazrati Ali: “O‘zingizga va ahlingizga yaxshilikni ta'lim beringlar va ularni odobli qilinglar”, deb aytganlar.

Ko‘rdikki, ota-onaning farzand oldidagi burchi ham ulug‘ ekan. Bolani dunyoga keltirib qo‘ygan bilan ish bitmaydi. Ota-onaning farzandlariga ilm va yaxshi axloq tarbiyasini, xususan badan tarbiyasini ham berish, jismonan chiniqtirish, xususan suzishni o‘rgatish kabi vazifalari bor. Ota-ona bolani odobli, axloqli qilib voyaga yetkazganlari uchungina olqishga sazovor bo‘ladilar.

            So‘zimiz nihoyasida Alloh taolodan yetmlarga va kambag‘al nochor oila farzandlariga g‘amxo‘rlik va mehribonlik qilayotgan  va  ularning hatto ta'lim olishlarida ham yordam berayotgan insonlarning qilayotgan xayrli ishlrida yana bardavom qilishi, va xayrli ishlarda bosh bo‘lib yurishlarini  muyassar etishini va  o‘z farzandlaridan voz kechayotgan ota va onalarga  ham insof berishini  va ota –onalarining holidan xabar olmaydigan va ularning hurmatlarini joyiga qo‘ymaydigan, ota-onasining  izzat ikrom qilish ularning yaxshi so‘zlar bilan ko‘ngillarini olish o‘rniga ularning xo‘rlaydigan  va turli xil tahqirlov so‘zlarni aytib ularni ranjitadigan noqobil farzandlarga ham o‘zi insof-u tavfiq ato etishini va ota onalarining tiriklik chog‘larida  ularga doimo izzat ikrom ko‘rsatgan va yaxshi so‘zlarni  aytib ota onalarini ko‘ngillarin ko‘targan va ota-onalari  vafot etganlaridan so‘ng ham ota-onalarining do‘st va yaqin kishilarini hurmatlarini joyiga qo‘ygan solih farzandlarning qiladigan yaxshi amallarini ziyoda qilishini va ularga ham xalqiga millatiga diniga xizmat qiladigan solih farzandlarning ota-onasi bo‘lishdek baxtga   yetishtirishini so‘raymiz. Omin!

[1] Ibn Moja va Dora Qutniy rivoyat qilgan.

[2] Baqara surasi, 233-oyat

[3] Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan

[4] Baqara surasi, 233-oyat

[5] Imom Buxoriy, Abu Dovud va imom Termiziy rivoyat qilgan

Najmiddin Hamzayev - Urgut tuman "G‘o‘s" jome masjidi imom-xatibi 


Kiritilgan vaqti: 07/03/2020 14:12;   Ko‘rilganligi: 26
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/family/oila-azolarning-huquq-va-majburiyatlari
Chop etilgan vaqti: 02/04/2020 04:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing