O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Yoshlarni asraylik

 
 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganlaridek,  “Agar farzandimizga to‘g‘ri tarbiya bermasak, har kuni, har daqiqada uning yurish-turishi, kayfiyatidan ogoh bo‘lib turmasak, ularni ilmu hunarga o‘rgatmasak, munosib ish topib bermasak, bu omonatni boy berib qo‘yishimiz hech gap emas”. Zero, jismoniy tarbiya bolani jismonan baquvvat, kuchli, sog‘lom etib tarbiyalasa, ma'naviy tarbiya orqali unda yuksak axloq, ezgulik, insonparvarlik, shijoat, rahmdillik va mehnatsevarlik sifatlari shakllanadi.

Ma'naviy tarbiya farzadning o‘zligini saqlashga, uning botiniy olamini ma'rifiy boyitishga xizmat qiladi. Buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy aytganidek, “Inson tabiatning eng oliy zoti, kamolotidir, inson zoti barcha hayvonlardan yuqori turadi. Insonga katta sharaf ko‘rsatilgan unga aql-zakovat va kuch berilgan. Shu sababdan, insonning ma'naviy olami uning oldiga qo‘yilgan vazifalarga mos bo‘lishi uchun u yuksak axloqli, bilimli, ma'rifatli bo‘lmog‘i darkor”. Demak, farzand tarbiyasi avvalo, uning ma'naviy poydevori qanchalik mustahkamligi bilan belgilanadi. Darhaqiqat, go‘zal xulq ila tarbiyalangan bola hayotda aql-idrok bilan ish tutadi, imon-etiqodida sobit turadi, erkin va mustaqil fikrlaydi, har xil aldovlarga uchmaydi hamda g‘arazli tashviqotlarga berilmaydi. Bugungi kunda ekstremizm va terrorizmga qarshi nafaqat bir davlat yoki mintaqa, balki jahon hamjamiyati uchun eng dolzarb masalaga aylandi. Shu jumladan, bizning yurtimizda ham begunoh kishilarning qoni to‘kilishi, obod joylarning vayron bo‘lishi, aholi o‘rtasida vahima, parokandalik kelib chiqishining oldini olish maqsadida bu kabi ishlarni amalga oshirmoqchi bo‘lganlarga qarshi qat'iy kurash olib borilmoqda.

Hozirgi kunga kelib mintaqada, xususan, O‘zbekistonda diniy-ma'rifiy sohaning rivojlanishi mutaassiblik xavfning oldini olishda muhim omil bo‘lib qolmoqda. Ammo g‘arazli kuchlar ham o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida yangi-yangi uslublarni, hiyla-nayranglarni o‘ylab topishlari ham tabiiy. Bu kabi salbiy holatlarning paydo bo‘lishi va rivoj topishiga yo‘l qo‘ymaslik esa doimiy hushyorlikni talab etadi. Yuqoridagi mulohaza va dalillar, eksterimizm va mutaasiblikning asl qiyofasini ochib berib, mazkur harakatlarning nafaqat dunyoviy qonun-qoidalar, balki islom dini asoslarga qarshi murosasiz kurash, terrorchilik harakatlarini amalga oshirayotgan mutaassib kuchlarning islom diniga mutlaqo yot, begona ekanini har tomonlama asoslash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha internedan eng ko‘p foydalanuvchilar aynan 21 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hisoblanar ekan. Bunda ekstremistik oqimlar o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan keng foydalanish, internet orqali turli tillarda targ‘ibot olib borish va puxta ishlangan strategiya asosida virtual jamoatlar tuzish aosiy vazifaga aylangan. Masalan, bugungi kunda bir necha yirik terrochi tashkilotlar o‘z saflariga faol tarzda ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan 17-35 yosh oralig‘ida bo‘lgan kishilarni yollamoqda. Ming afsuski, bunday manfur kuchlar asosan ilm va ma'rifatdan yiroq, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmagan kishilarni, asosan yoshlarni jalb etishga intilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali “jihod”, “takfir”, “shahidlik”, “hijrat” tushunchalarini noto‘g‘ri talqin etgan holda o‘z Vatanlarini tark etishga undamoqda. Shuningdek, ayrim kimsalar tomonidan maqsadli ravishda islom mohiyatiga zid bo‘lgan turli xil asossiz axborotlar, manbasi aniq bo‘lmagan diniy tusdagi xabarlar yoki kishilarni vahimaga soluvchi foto va videolavhalar keng targ‘ib etilmoqda. Bu borada Qur'oni karimda insonlar uchun muhim ko‘rsatma kelgan bo‘lib, unda turli vositalar orqali olinayotgan xabar va ma'lumotlarga ko‘r-ko‘rona ergashishdan qaytarildi:

“(Ey, inson!) O‘zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dilnig har biri to‘g‘risida (har bir inson) mas'ul bo‘lur (javob berur)” (Isro, 36).

Demak, inson ko‘rgan, eshitgan har bir ma'lumotiga ishonishi, unga ergashishi oqibatida Alloh oldida ham so‘raladi. Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhis-salom)dan rivoyat qilingan bir necha hadislarda ham shunday deyiladi: “Xabarni tekshirish Allohdan, (unda) shoshqaloqlik qilish shaytondandir”, - deganlar. Shunindek, Abu Hurayra (oziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda esa, Rasululloh (alayhissalom): “Kishining yolg‘onchi ekanligiga uning eshitgan har bir narsasini gapiraverishi kifoya qiladi”,- deganlar.

Axborot kurashi avj olgan XXI asrda din niqobi ostidagi turli xil ko‘rinishdagi mafkuraviy xurujlardan himoya etishda ma'naviy-ma'rifiy targ‘ibot ishlarining ta'sirchanligini oshirish, hayotimizda sodir bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida chuqur tahliliy ma'lumotlarni yosh avlodga yetkazish, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, bunda “fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish” har qachongidan ham muhim ahamiyatga kasb etadi.

 Bahodir SHARIPOV - Samarqand tuman bosh imom xatibi, “Xo‘ja Ahror Valiy” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 21/10/2019 16:07;   Ko‘rilganligi: 236
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/yoshlarni-asraylik
Chop etilgan vaqti: 01/06/2020 05:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing