O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ta'lim berish uslublari

 
 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini yaxshilab o‘rganish asnosida u zotni nafaqat ibodatda, balki, jamiyki o‘rinlarda: xulq-atvor, muomila va ta'lim berishda namuna ekanliklarini bilib olamiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng yaxshi muallim bo‘lganlar. Bugungi kunimizda barcha muallimlar u zotdan o‘rnak olishlari lozim. U zotning ta'lim uslublari shu qadar mukammal va manfaatli bo‘lganki, u zot bergan ta'limni o‘zlashtirgan tolibi ilmlar butun jahonga mashhur bo‘lishgan. Shu qatorda yurtimizdan chiqqan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Ibn Sino kabi ulamolarimiz bunga katta dalil bo‘lishadi.

Muoviya ibn Hakam as-Sulamiy roziyallohu anhu aytadilar: “Ota-onam u zotga fido bo‘sin! U zotdan oldin ham, keyin ham u zotdan yaxshiroq muallimni ko‘rmadim. Allohga qasamki, u zot meni jerkimadilar, urmadilar va so‘kmadilar!” (Imom Muslim rivoyati).

Quyida bugungi kunda muallimlar muhtoj bo‘ladigan u zotning odob-axloq, chiroyli ta'lim berish va go‘zal uslublari bilan tanishamiz:

1 – Ta'lim oluvchiga savol berish uslublari:

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga: “Allohning bandalariga va bandalarning Allohga bo‘lgan haqlarini bilasanmi?” dedilar. U kishi esa “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq” javob berdilar. Bu holat uch marotaba takrorlandi. U zot: “Allohning bandalari ustidagi haqqi, ular Allohgagina ibodat qilishliklari va Unga biror narsani sherik keltirmasliklaridir. Bandalarning Alloh taolodagi haqlari esa Alloh Unga sherik keltirmagan kishini azoblamasligidir” deb aytdilar.

Bu uslubda ikkita foida bor:

1. Ta'lim oluvchida javobga shavq uyg‘onadi va uni eshitgandan so‘ng unda chuqur ilm hosil bo‘ladi.

2. Ta'lim oluvchi o‘zidagi tushinchani aytadi. Agar tushinchasi to‘g‘ri bo‘lsa muallim uni rag‘batlantiradi. Agar tushinchasi noto‘g‘ri bo‘lsa, muallim uni to‘g‘irlab qo‘yadi.

2 – Savolni takrorlashni so‘rash va so‘rovchini maqtash uslublari:

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Menga meni Jannatga yaqinlashtirib, do‘zaxdan uzoqlashtiradigan amalni xabarini bering” deb so‘raganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga qarab: “Darhaqiqat, to‘g‘ri yo‘l topdi” dedilar. So‘ng: “Nima deding?” dedilar. U kishi savolini qaytardi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘g‘ridan-to‘g‘ri haligi kishiga javob bermadilar. Birinchi sahobalariga qarab, ularni e'tiborini tortib, so‘ng savolni qaytarishni buyurdilar. Chunki, ko‘pincha talabalar chalg‘ib qolishi mumkin. Shu sababdan ularni e'tiborini tortib, so‘ng javob berish kerak.

3 – Yangi ma'lumot yetkazishlikka ta'lim oluvchini qiziqtirib qo‘yish uslublari:

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Abu Said ibn Muallo roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Masjiddan chiqishingdan oldin senga Qur'oni karimdagi ulug‘ suralardan birini o‘rgataman” dedilar. Keyinroq qo‘limdan ushlab masjiddan chiqa boshlagan edik men u zotga: “Menga Qur'oni karimdagi ulug‘ suralardan birini o‘rgataman deb aytmaganmidingiz?” dedim. So‘ng u zot: “Alhamdulillahi Robbil aalamiyn (Fotiha surasi). Ikki marta nozil bo‘lgan yeti oyat” dedilar.

Talabalarni bir yangilik aytaman deb qiziqtirib qo‘yish, dars mobaynida sergak o‘tirishlarini ta'minlaydi.

4 – Ta'lim oluvchida ta'surot qoldirish uslublari:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim besh xislatni o‘rganib unga amal qilishni yoki amal qiladigan kishiga o‘rgatishni hohlaydi” dedilar. Shunda “Men” dedim. U zot mening qo‘limdan tutib, barmoqlarimda sanay boshladilar: “Haromlardan saqlan insonlarning obidroqi bo‘lasan, Alloh senga taqsim qilgan narsaga rozi bo‘l insonlarning behojati bo‘lasan, qo‘shningga yaxshilik qil (komil) mo‘min bo‘lasan, o‘zingga yaxshi ko‘rgan narsangni insonlarga ham yaxshi ko‘r (komil) musulmon bo‘lasan va ko‘p kulmagin chunki u qalbni o‘ldiradi” (Imom Ahmad rivoyati).

Bu uslubda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Hurayra roziyallohu anhuning qo‘llaridan tutib, barmoqlari oraqali besh xislatni sanab, ko‘rsatib berdilar. Shu bois, talabalarni zehnida ilm yaxshi o‘rnashadi.

5 – Ma'noni ochib berishda ishora qilish uslublari:

Sahl ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari bilan ishora qilib “Men va yetimni kafillikka olgan kishi jannatda bunday bo‘ladi” dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ta'lim berish uslublarini bir qanchasinigina zikr etdik xolos. Bulardan boshqa uslublari ham mavjud. Yuqoridagilar asosiy uslublaridan bo‘lganligi bois ularni keltiridik.

Alloh taolo yurtimizdagi ustozlarga va tolibi ilmlarga barakalarini yog‘dirsin!


Kiritilgan vaqti: 19/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 947
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/rasululloh-sollallohu-alayhi-vasallamning-talim-berish-uslublari
Chop etilgan vaqti: 05/07/2020 18:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing