O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Ota-bobolarimizning buyuk ibrati

 
 

Har doim jamiyatdagi muammolar, yoshlar orasidagi hayosizlik, odobsizlik kabi turfa illatlar haqida matbuotda, televideniyeda gapirganimizda ota-bobolarimizning yo‘lini, ularning hayot tarzini, ayni shu masalaga qanday munosabatda bo‘lganligini bot-bot tilga olamiz.

Haqiqatda ajdodlarimizning tutgan yo‘li to‘g‘ri bo‘lganligi, ularning hayot tarziga, sabriga, o‘zini tutishiga havas qilganimiz, biz ulardek bo‘la olmaganimiz uchun ayni shu fikrni bildiramiz.

          Bugungi kunda jamiyatdagi kamchiliklar aytaylik, ta'magirlik, manfaatparastlik, insofsizlik, dabdababozlik, isrofgarchilik kabi illatlar haqida gap ketsa, biz ota bobolarimizni eslaymiz, ularning tutgan yo‘lini doim ideal darajada ko‘rsatamiz.

          Ajdodlarimiz yolg‘onchilik, poraxo‘rlik, kibri-havoga berilish, ta'magirlik, isrofgarchilik kabi illatlardan yiroqda bo‘lgan. Xo‘sh, hozirgi yoshlar qayoqqa qarab ketmoqda? Kimlarning yo‘lini tutmoqda?

         Afsuski, yoshlarimiz orasida milliyligimizga, ota-bobolarimizga xos bo‘lmagan xislatlarga ega yoshlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

          Ajdodolarimiz esa bunday xislatlardan yiroq bo‘lishgan. Chunki ularda ko‘ngil xotirjamligi, sabr, qanoat, halollik kabi insoniy fazilatlar shakllangan.

          Nega ular shunday bo‘lgan? Chunki, Yaratganning oldida gunohkor bo‘lishdan qo‘rqqan, taqvo qilgan. Bu qo‘rquv va taqvo ota-bobolarimizni tarbiyalab, komil inson tarzida shakllantirgan. Agar ular o‘zlarining farzandlarida shunday xislatlarni ko‘rmasa, bundan kuyingan, chorasini topishga intilgan, insoniy fazilatlarga ega bolalarga havas qilib, ulardek bo‘lishga chorlagan.

           Ota-bobolarimizning biz uchun ideal hayotini, turmush tarzini hayotimizga tadbiq qilish uchun xuddi ulardek bo‘lishimiz, ulardek e'tiqod qilishimiz kerak. Ajdodlarimizning bunday yashashiga qanday omillar asos bo‘lganligini o‘ylab ko‘rish lozim. Keyin o‘sha yo‘lga kirilsa, u yo‘lning o‘zi insonlarni ezgu maqsadlar sari yo‘llaydi. Alloh barchamizni mustaqiym yo‘lidan adashtirmasin!

Nasrulloh ISLAMOV - Oqdaryo tumani “Maxdumi A'zam” jome masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 27/12/2019 16:20;   Ko‘rilganligi: 98
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/ota-bobolarimizning-buyuk-ibrati
Chop etilgan vaqti: 02/04/2020 03:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing