O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

ODOB – YOSHLAR KO‘RKI VA BAXTLI KELAJAK ASOSIDIR

 
 

Islom dinida yoshlar tarbiyasiga alohida e'tibor berilgan. Shuning uchun ham yoshlar tarbiyasini qachondan boshlash kerak degan savolga oila qurishdan oldin, ya'ni onasini (yoki otasini) tanlashdan avval deb javob beriladi. Muqaddas dinimizda farzand hali dunyoga kelmay turib, uning kimlar orqali dunyoga kelishi mumkinligiga e'tibor beriladi. Bo‘lg‘usi ona yoki ota tug‘ilajak farzand tarbiyasining zohiriy asoschilaridir. Chunki farzand tug‘ilganida uning tabiati sof holda tug‘iladi va qaysi muhitda tarbiya ko‘rib, o‘sib o‘lg‘aysa, o‘sha muhitdan ta'sirlanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir tug‘ilgan go‘dak Islom fitratida (ya'ni sof tabiatda) tug‘iladi. Ota-onasi uni yo yahudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi”, – deb marhamat qilganlar.

Demak, Islomda yoshlar tarbiyasiga e'tibor kelin yoki kuyov tanlashdan boshlanar ekan, bu jarayonda nimalarga e'tibor qaratish kerak? Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, quyidagilarni ko‘ramiz:

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ayol to‘rt narsa uchun nikohlanadi. Moli, hasabi, jamoli va dini uchun. Sen dindorini tanla! Qo‘ling tuproqqa to‘lgur!” – dedilar. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati.

Ibn Moja Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilib, quyidagi hadisni keltiradilar: “Ayollarga ularning chiroyi uchungina uylanmang, ularning chiroyi halokatga ketkazishi mumkin, molu davlatlari uchun ham uylanmang, balki shu molu davlatlari tug‘yonga solishi mumkin, lekin dindorlariga uylaninglar, albatta, qora cho‘ri bo‘lsa ham dindorlari afzal”.

Agar ota-ona diyonatli bo‘lsa, farzandini ham diyonatlik qilib tarbiyalaydi. Ko‘p jihatdan farzandning tarbiyasida onalarning ta'siri katta bo‘ladi.  

Bo‘lajak ona ham o‘z farzandining bo‘lajak otasini tanlashi lozim. Bunda ham bo‘lg‘usi otaning dinu diyonati, axloq va odobiga qaraladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu shunday rivoyat qiladilar: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Agar xulqi va dinidan sizlar rozi bo‘ladigan kishi (qizinglarga) sovchi bo‘lib kelsa, uni unga nikohlab beringlar, agar bermasanglar, yer yuzida katta fasod qilgan bo‘lasizlar”, – dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).

Diyonatli yigit va qiz turmush qurishgach, endi farzand tarbiyasining keyingi bosqichlari yuzaga keladi. Ayol farzandga homilador bo‘lgach yanada e'tiborliroq bo‘lishi lozim. 

Islom ota-onaning zimmasiga farzandning ta'lim-tarbiyasini ham yuklaydi. Zero, Islom dini o‘zi ta'lim-tarbiya dinidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga birinchi xitob qilingan vahiy ilm va ta'limni eslatish bo‘ldi.  Bolaga ilm berishda avvalo o‘qish va yozishni o‘rgatish lozim. Chunki o‘qish va yozish ilm olishning asosiy qurolidir. Shu bilan birga farzandni iqtidoriga qarab o‘zining zamonasidagi ilmlarni ham o‘rgatish lozim. Chunki, ilmsiz millatning quvvati pasayadi. Bizlar uchun namuna hisoblangan saodat asri kishilari o‘z davrlarining har sohada peshqadami bo‘lganlar. Biz ham Islom tarbiyasi o‘laroq yoshlarimizni zamonasining oldi yoshlari qilib tarbiyalashimiz zarur. Ularga boshqa tillarni o‘rgatishni ham yo‘lga qo‘yish kerak. Zero, donishmand xalqimizda “Til bilgan el bilar”, degan ajoyib naql bor.

Chunki odob Alloh taoloning roziligi, dunyo va oxirat yaxshiliklariga yetkazuvchi asosiy vositalardan biri hisoblanadi. Bu barcha dinlarda ta'kidlangan ishdir.

Islom dinininig asosiy manbasi bo‘lmish Qur'oni karimda ham, ikkilamchi manbasi bo‘lmish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham odob-axloq masalasiga alohida e'tibor berilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadisda u zot: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”, – deb marhamat qilganlar. (Muslim rivoyati).

Kishi o‘z farzandlarini ularning go‘daklik chog‘laridan boshlab tarbiyalashi, odob berishi lozim. Ma'lum yoshga yetgach, ba'zi narsalarni bolaga qabul qildirish qiyin bo‘ladi. Oila boshlig‘i oila a'zolarining ba'zi ayblarini kechirishi, ularni qo‘rqitib tarbiyalashdan ko‘ra kechirib yuborish yo‘li bilan tarbiyalashi kerak bo‘ladi.

Alloh taolo ota-onalarga qarata xitob qilib: “Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz”[1], deydi. Binobarin, Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: Har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilari uchun mas'uldir. Imom mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas'uldir. Erkak o‘z oilasida mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas'uldir. Ayol erining uyida mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas'uldir. Xodim o‘z xojasining mol-mulkida mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas'uldir.  Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati.

Yuqoridagi oyat va hadisda, har bir shaxsning jamiyat oldidagi mas'uliyati, har bir erkakning o‘z ahli ayoli oldidagi mas'uliyati, har bir ayolning o‘z erining xonadonidagi mas'uliyati va barcha insonlarning boshqa kishilar oldidagi mas'uliyatini bayon qilib berdi.

Go‘zal xulq insondagi barcha fazilatlarning eng oliy va afzalidir. Chunki odob va go‘zal axloq egasi bo‘lgan kishilardan doimo yaxshilik kutiladi. O‘ziga, oilasiga, jamiyatiga va butun atrof-muhitga undan faqat manfaat yetadi.

Yana bir hadisi sharifda esa: “Ey ummatlarim! Sizlar bir-biringizni hech qachon molu davlat, xayru ehsonlar bilan batamom minnatdor qila olmaysizlar. Binobarin, ochiq yuzlilik va xushxulqlik bilan bir-birlaringizning roziliklaringizni topishga harakat qilingizlar”[2], deb aytganlar.

Yaxshi farzandning sadaqai joriyasi, savobli ishlari ota-onasining qabrini pur nur, ruhi poklarini shod va masrur qiladi. Yaxshi xulq-odob belgilari o‘n  xil bo‘ladi:

  • Xayrli  ishlarda odamlar bilan ziddiyatlarga bormaslik.
  • His tuyg‘u va ehtiroslarga berilmaslik.
  • O‘zgalarning kamchiligini qidirmaslik.
  • Birovlarning baxtsizligiga hamdard bo‘lib, uni to‘g‘ri tushinish.
  • Agar aybdor o‘z aybiga iqror bo‘lsa, uni avf etish.
  • Muhtojlarga yordam ko‘rsatish.
  • Kishilar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish.
  • O‘z nuqsonlarini ko‘ra bilish.
  • Odob -axloqli bo‘lish.
  • Xushmuomalali bo‘lish.

Farzandlarimizni  yomon xulq, buzuq g‘oyalardan fikrini toza, musaffo qilmog‘imiz darkor. Payg‘ambarimiz bu borada aytadilarki: “Bamisoli sirka asalni buzganidek, badfe'llik va axloqsizlik ham kishining qilayotgan amallarini buzadi” - marhamat qiladilar.  

Yuqorida keltirilganlardan xulosa qilib aytamizki, odob chiroyli xulq yoshlar farzandlarimiz kamoli sari qo‘yilgan ilk qadam hisoblanar ekan. Odob va husni xulq egasi bo‘lgan yoshlargina ilm va kasb-hunarda yuksak cho‘qqilarga yetisha oladilar. Alloh taolo yoshlarimizni husni xulq va odob ila muzayyan qilsin.

[1] Tahrim surasi 6-oyat.

[2] Bazzor va Bayhaqiy rivoyati

ABDUHALIM MUHIDDINOV, Samarqand tumanidagi “Yangi masjid" jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 07/10/2019 12:20;   Ko‘rilganligi: 1834
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/odob-yoshlar-korki-va-baxtli-kelajak-asosidir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 14:34
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing