O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Farzandlarimizni jinoyatga qo‘l urishdan saqlaylik

 
 

Bismillahir rohmanir rohim.

     Insoniyat tarixidan yaxshi ma'lumki o‘tmishda ham, hozir ham insonlar o‘z farzandlari bilan faxrlanishni istaydilar. Hech bir insonga o‘z farzandining yomonligi yoki jinoyatchi ekanligi faxr keltirmaydi. Shunday ekan farzand tarbiyasida islom dini ta'limotiga rioya qilish muhimdir. Islom ta'limotidan  yaxshi ma'lumki farzand bu Alloh taoloning bandasiga bergan eng ulug‘ ne'matlaridandir. Insonga hech bir ne'mat besabab va behikmat berilmaydi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

Osmonlaru yerning mulki Allohnikidir. U zot xohlagan narsasini yaratur. U zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur. Yoki ularni juftlab - o‘g‘il qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug‘mas qilur. Albatta, U zot o‘ta bilguvchi va qodirdir” (Shuuro 49-50 oyatlar).

Ushbu oyatdan ma'lum bo‘ladiki, eng avvalo har bir ota-ona farzandni Alloh taoloning ne'mati deb bilishi va ne'matni shukrini ado qilishi lozim. Shukurning asosiysi - farzandni Alloh rozi bo‘ladigan darajada tarbiyalashdir. Bugungi kunda aksariyat oilalarda farzand tarbiyasi dolzarb muammolardan biridir. Chunki o‘sha muammoli xonadondagi ota-onalar farzand tarbiyasi borasida o‘z burchlarini ado qilmayotganligidandir. O‘sha burch ya'ni farzand tarbiyasi haqida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis salomdan ko‘plab tavsiyalar bor. Jumladan, Rasululloh (s.a.v): “Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqa­ berishidan yaxshiroqdir” (Imom Termiziy rivoyati) - deganlar. Boshqa bir hadislarida: “Ota bolasiga chiroyli tarbiyadan qimmatliroq narsa meros qoldirolmaydi.”–deganlar. Ushbu hadislardan ma'lum bo‘ladiki farzand tarbiyasida odob-axloq nihoyatda muhim. Odob-axloqni singdirishda ota-ona tarbiya berish bilan birgalikda, o‘zlari ham o‘rnak bo‘lishi va bolaning vaqtini to‘la qamrab oladigan zarur va  manfaatli mashg‘ulotlar, ya'ni ilm  va kasb-hunar o‘rganish uchun sharoit va imkoniyat yaratishi lozim bo‘ladi.

Donishmandlar, farzand tarbiyasi haqida ruhiy, axloqiy, jismoniy, aqliy, nafsiy, ijtimoiy va jinsiy tarbiya berish lozimligini ta'kidlaydilar. Shuning uchun ota-ona  farzandiga halol-harom, savob va gunoh, rostguylik va yolg‘onchilik kabilarning fazilati va zararlarini o‘rgatishi kerak. Farzand tarbiyasi haqida Abdulloh Avloniy shunday deganlar: “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”. Agar farzandga yaxshilik o‘rgatilsa u  voyaga yetadi dunyo va oxiratda baxtiyor bo‘ladi. O‘z holiga tashlab qo‘yilsa, baxtsiz bo‘ladi. Shuning uchun farzandlarimizni hayotda komil inson bo‘lib voyaga yetishligida atrofidagi kishilarning ta'siri muhimligini unutmasligimiz lozim. Chunki atrofidagi insonlar xoh uyda, xoh ko‘chada xoh maktabda bo‘lsin uning namuna olishiga sababchi bo‘ladi. Shuning uchun bolaning tarbiyasida qayerga borayotgani, kimlar bilan yurgani va nimalar bilan mashg‘ul ekanligi nihoyatda muhim. Bolalarimizning bo‘sh vaqti-dushmanlarimizni ish vaqtiga aylanishidan doim ogoh bo‘laylik.

RAFAEL RAVSHANOV - Nurobod tumani bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/01/2020 11:59;   Ko‘rilganligi: 1154
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/farzandlarimizni-jinoyatga-qol-urishdan-saqlaylik
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 03:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing