O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

DINIMIZDA ONANING O‘RNI

 
 

Tarixda Islom dinichalik ayolni ona sifatida ulug‘lagan birorta din yoki tuzum borligi ma'lum emas. Muhammad alayhissalom olib kelgan bu din uning mavqeini yuksaklarga ko‘tardi. Unga yaxshilik qilishni eng asosiy fazilatlar qatorida qilib qo‘ydi. Shuningdek, uning haqqini otaning haqqidan ko‘ra buyukroq deb belgiladi. Chunki, homiladorlik, tug‘ish, emizish va tarbiyalash kabi mashaqqatlar aynan onaning zimmasidadir. Farzandlar dunyoga kelgach tasodifan voyaga yetib qolmaganligini eslatib qo‘yish maqsadida Qur'oni karimning bir qator suralarida takror-takror so‘z ketgan.

Islomda onalarning o‘rni qanchalik ulug‘ ekanini ko‘rsatadigan dalillardan biri – bu, Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan ushbu hadisi sharifdir:

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: “Yo Rasululloh, kimga yaxshilik qilay?”– dedi.

“Onangga”, – dedilar.

“Keyin kimga?” – dedi u.

“Keyin onangga” – dedilar.

“Keyin kimga?” – dedi u.

“Keyin onangga” – dedilar.

“Keyin kimga?” – dedi u.

“Otangga”, – dedilar u zot”.

Bir kishi onasini yelkalarida ko‘tarib olib Ka'bani tavof qildirayotgan edi. Rasululloh alayhissalomni ko‘rib qolib: “Onamning haqqin ado etdimmi?” degan edi u zot: “Yo‘q! (To‘lg‘oq vaqti) bir marta oh tortganining haqqini ham ado etmading”, dedilar.

Bir kishi Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga kelib: “Ey, Allohning Rasuli! Jihodga chiqishni istayman, oldingizga sizdan maslahat so‘rab keldim”, dedi. Shunda u zot alayhissalom: “Onang bormi?” dedilar. “Ha”, dedi boyagi odam. “Sen onangni lozim tut, chunki jannat uning oyoqlari ostidadir”, dedilar Payg‘ambar alayhissalom.

         Darhaqiqat, ota-onaga yaxshilik qilish mavzusi bashariyat hayotidagi eng asosiy mavzulardan biri hisoblanadi. Chunki, o‘z ota-onasiga yaxshilik qilmagan kishi qolgan odamlarga ham yaxshilik qilmaydi. Shuning uchun ham biz hadisi sharifga oid barcha adabiyotlarda ana shu mavzuga atab alohida boblar ajratilganini yoxud alohida bir asarlar yozilganini ko‘ramiz. Ular orasidan quyidagi asarlar eng mashhurlaridir:

– Imom Buxoriyning qalamiga mansub “Birrul volidayn” asari.

– Abu Is'hoq Ibrohim ibn Is'hoq Harbiy Bag‘dodiy Shofeiy (vaf.285/898) ning “Birrul volidayn” asari.

– Abu Muhammad Qosim ibn Asbag‘ Qurtubiy Molikiy (vaf. 340/952) ning “Birrul volidayn” asari.

– Abush shayx Asbahoniy nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Hayyon vaf. 369/980) ning “Birrul volidayn” asari.

– Abu Muso Yumn ibn Ahmad ibn Yamn Tujibiy Tulaytiliy (vaf. 390/1000) ning “Birrul volidayn” asari.

– Abu Muhammad Hasan ibn Muhammad Xallol Bag‘dodiy (vaf. 439/1048) ning “Birrul volidayn” asari.

– Abu Bakr Muhammad ibn Valid Turtushiy Molikiy Andalusiy (vaf. 520/1126) ning “Birrul volidayn” asari.

– Jamoliddin Abulfaraj Abdurahmon ibn Ali ibn Muhammad ibn Javziy (vaf. 597/1200) ning “Birrul volidayn” asari.

– Taqiyuddin Ali ibn Abdul Kofiy Subukiy (vaf. 756/1355) ning “Birrul volidayn” asari.

– Jamoluddin Muhammad ibn Abdussalom Noshiriy Zubaydiy (vaf. 906/1501) ning “Muvjibu doris salom fi birril volidayni va silatil arhom” asari.

– AbulFutuh Ahmad ibn Muhammad Halabiy Halaviy (vaf. 1195/1781) ning “Saodatud daroyni fi birril volidayni” asari.

– Qutbiddin Abulvafo Umar ibn Muhammad Yofiy (vaf. 1233/1818) ning “Risolatun fil hazzi alaa birril volidayni” asari.

– Ibn Siddiq G‘umoriy nomi bilan tanilgan Abulfayz Ahmad ibn Muhammad (vaf. 1380/1960) ning “Birrul volidayn” asari.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Islom dini onaga yaxshilik qilishni ibodat darajasiga ko‘targan. Onasiga yaxshilik qilgan farzandga uning imoni barkamol, islomi go‘zal bo‘lishini, ko‘ksi yorug‘, qalbi xotirjam yurishini, mol-davlati va rizqiga barakalar kirishini, ismi ikki dunyoda yaxshilik bilan tilga olinishini, onasiga qilgan barcha yaxshiliklari o‘ziga farzandlaridan qaytishini va'da qilgan va jannatni onalarning oyoqlari ostida deb qo‘ygan.

Alouddin Hofiy


Kiritilgan vaqti: 10/06/2020 09:52;   Ko‘rilganligi: 1440
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/dinimizda-onaning-orni
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 17:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing