O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Davr nafasi

 
 

Bu yil nihoyatda katta qiziqish bildirilayotgan va intiqlik bilan kutilayotgan Prezidentimizning parlamentga murojaatnomasidan biz – samarqandlik imom-xatiblar, diniy idoralar vakillarining ham orzu-umidlarimiz, niyatlarimiz bisyor.

 

Shu paytgacha davlatimiz rahbari tomonidan ikki marta parlamentga yo‘llangan murojaatnomalarida belgilab berilgan vazifalar ikki yil davomida amalga oshirildi va bu hayotimizda o‘ziga xos yangiliklar, o‘zgarishlar yasadi.

Bu yil endi yangi saylangan parlamentga murojaatnoma ham avvalgilaridan ko‘lami va ahamiyati jihatidan tubdan farq qilishi tabiiy.

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar ta'lim-tarbiyasi, ularni turli yot g‘oya va oqimlar ta'siridan asrashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz 2019 yil 27 dekabr kuni yoshlar bilan uchrashuvda bu haqda yana kuyunib gapirdilar. To‘g‘ri-da bizning ertangi kunimiz, mamlakatimizning ertasi o‘sib kelayotgan yoshlarga bog‘liq.

Barkamol avlodni tarbiyalashda axborot xurujiga qarshi g‘oyaviy immunitetni shakllantirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. Axborot makonida ko‘pincha o‘z turmush tarzini tashviqot qilish, raqibning qadriyatlar tizimini obro‘sizlantirish kabi milliy o‘zlik tuyg‘usiga qarshi qaratilgan pinhoniy mexanizm kuchayib borayotgani har bir fuqaroni hushyor bo‘lishga undaydi. Yoshlarni internet tarmog‘idagi buzg‘unchi g‘oyalardan asrash kerak. Tan olish kerak ijtimoiy tarmoqlar orqali kirib kelayotgan yot g‘oyalar hayotni hali to‘la anglamagan, oqni qoradan ajrata olmaydigan o‘smir yoshlar ongini zaharlamoqda. Xo‘sh, bu borada nima qilish kerak? Qanday chora ko‘rsakgina bu muammoning oldi olinadi? Bugun ana shu savollarga javob beradigan, mazkur muammoga murosasiz kurashish davri keldi.

Bu borada nafaqat davlat va jamoat tashkilotlari balki butun jamoatchilik hamkorlikda kurashmog‘i lozim.

Agar ularga to‘g‘ri ta'lim-tarbiya berib, kasb-hunar o‘rgata olsak, zamonaviy ilmlarni puxta egallay olsalar, bu avvalo o‘zlarining kelajagi uchun, qolaversa, yurtimiz taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.

Shu jihatdan bu yilgi murojaatnomadan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar, tashabbuslarni kutyapmiz va ularni amalga oshirishga biz ham bor bilim va salohiyatimizni ishga solamiz.

Yana bir muhim masala – zaminimizdan yetishib chiqqan va dunyo ilm-fani, muqaddas dinimiz rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz ma'naviy merosini o‘rganish va undan xalqimizni bahramand etish. Bu yil mart oyida Samarqandda Imom Abu Mansur Moturidiy va moturudiya ta'limoti bo‘yicha yirik xalqaro konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, Imom Dorimiy, Abu Lays Samarqandiy singari ulug‘ bobolarimiz hayoti va faoliyati bilan bog‘liq anjumanlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Davlatimiz rahbarining murojaatnomalarida ushbu masalalar ham qamrab olinishidan umidvormiz.

Biz nima uchun bu ikki masalaga e'tibor qaratayapmiz? Buning boisi shundaki, yoshlar ta'lim-tarbiyasi va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish bir-biri bilan shunchalik uzviy bog‘liqki, bu jaholatga qarshi ma'rifat g‘oyasini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Zayniddin ESHONQULOV, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi

Manba:O‘zA


Kiritilgan vaqti: 23/01/2020 14:13;   Ko‘rilganligi: 781
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/davr-nafasi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 03:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing