O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Ақийда

Musaffo e'tiqod – saodat kaliti

 
 

Bismillahir rohmanir rohim

Bilmoq kerakkim, muqaddas Islom dinining metinligi va Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sallollohu alayhi vasallamning yo‘llarining kamoli uchta ilmga asoslanadi. Bular: Fiqh, Aqoid va Tasavvuf. Ushbu ilmlarning maqomi ulug‘ va darajasi yuksakdir. Bunga dalil sifatida Imom Muslim rahimahullohning hazrati Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan mashhur hadisni keltirishimiz mumkin. Hazrati Umar roziyallohu anhu aytadilar:

 “Biz Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirgan edik. Oldimizga oppoq kiyingan, soch saqollari tim qora bir kishi kirib keldi. U kishida musofirlik alomatlari ko‘rinmas edi. Bizning oramizdan hech bir kishi u zotni tanimadi. Kelib Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning tizzalariga tizzalarini tekkizib, ro‘paralariga o‘tirdi.  Kaftlarini Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning sonlariga qo‘yib, “Ey Muhammad, menga Islomdan xabar bering”, dedi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Islom bu Alloh taoloning yakka-yu yagonaligiga hamda Muhammad sallollohu alayhi vasallamni Uning bandasi va rasuli ekanligiga guvohlik bermoqligingiz, namozni to‘kis ado qilmoqligingiz, zakotni bermoqligingiz, ramazon ro‘zasini tutmoqligingiz, agar yo‘lga qodir bo‘lsangiz Allohning baytini haj qilmoqligingizdir”, dedilar. Haligi kishi: “To‘g‘ri aytdingiz”, dedi. Biz unga ajablandik. O‘zi so‘rab yana o‘zi tasdiq qilar edi. “Menga imondan xabar bering”, dedi notanish kishi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam:  “Allohning biru borligiga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham yomoni ham Alloh taolodan ekanligiga imon keltirmoqligingizdir”,  deb javob berdilar. U kishi yana: “To‘g‘ri aytdingiz. Endi menga ehsondan xabar bering”,  dedi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Ehson bu - Alloh taologa Uni ko‘rib turganingizdek ibodat qilmoqligingiz. Agar Uni ko‘rmasangiz U sizni ko‘rib turibdi”,  dedilar. Notanish zot: “Menga qiyomatdan xabar bering”,  dedilar. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “So‘raguvchi so‘ralguvchidan bu borada bilimliroq...” , deb javob berdilar”.

Hadis davomida Rasululloh sallollohu alayhi vasallam qiyomat alomatlarining xabarini beradilar. Notanish zot ketganlaridan keyin Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam hazrati Umar roziyallohu anhudan: “Ey, Umar soil ya'ni so‘raguvchi kimligini bildingizmi?”, deb so‘radilar. Umar roziyallohu anhu: “Alloh va Uning rasuli biluvchiroqdir”, deya javob berdim”, dedilar. Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam: “Albatta, ul zot Jabroil alayhissalom edilar. Sizlarning oldingizga diningizni o‘rgatmoq maqsadida kelgan edi”, dedilar.

         Hadisdagi Islomdan murod – shar'iy va far'iy amal va ahkomlarni o‘z ichiga olgan Fiqh ilmi edi. Imondan murod – e'tiqodga doir masalalardan iborat usulul kalom ya'ni Aqoid ilmi edi. Ehson – tasavvufning aslidir. Tasavvuf nafs riyozatidan iborat. Shuningdek, tirishqoqlik bilan qiyin bo‘lgan shariat amallarini ado etish, shariatni bashariyat tomonidan qilingan kirlardan tozalash, tanaga mashaqqat bo‘lsa ham Hozir va Mangu zot Alloh taologa sidq birla tavajjuh (ya'ni yuzlanmoq) qilmoqdir. Ehson (ya'ni Tasavvuf) toat-ibodatda, zikrda qat'iyatli, matonatli bo‘lish, uzluksiz davom etish hamda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning sunnati saniyalariga amal qilishdir.

         Mana shu uchta ilm birla din kamolga yetadi. Ulardan birini ishtirokisiz dinning komilligini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Tasavvuf ilmining kamolini fiqh ilmisiz tasavvur qilish qiyin. Chunki ilohiy ahkomlarni fiqhsiz bilib bo‘lmaydi. Xuddi shuningdek, fiqh ilmi ham tasavvufsiz tamomiy bo‘lmaydi. Chunki amal ishonch birla ado etilmasa to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu ikkalasi (ya'ni fiqh va tasavvuf) imonsiz sahih bo‘lmaydi. Misoli ruh bilan jasad biri ikkinchisisiz ro‘yobga chiqmaganidek.

         Shayx Rozuq rahmatullohi alayh o‘zlarining “Tasavvuf qoidalari” kitobida Imom Molik rahmatullohi alayhning ushbu so‘zlarini keltiradi: “Kimki tasavvufga berilsa-yu ilmi fiqhdan xabari bo‘lmasa, batahqiq u zindiqdir. Zindiqning ma'nosi dindan chiqishdir. Kimki fiqh ilmini bilsa-yu tasavvufga amal qilmasa batahqiq u fosiqdir (ya'ni gunohkordir). Kimki bu ikkalasini jam qilibdi, demak u haq yo‘lni topibdi”.

         Imom Molik rahmatullohi alayhning bu fikrlaridan iroda qilingan maqsad shuki, kimki toat ibodatga mashg‘ul bo‘lsa, lekin ibodat borasidagi Alloh taoloning hukmlarini bilmasa, uni zindiqlik holatiga tushib qolishdan qo‘rqiladi. Kimki Allohning hukmlarini bilsa-yu keyin unga amal qilmasa, bas u fosiqlik darajasiga tushib qolishdan qo‘rqiladi. Kimki bu ikkalasi o‘rtasini o‘z amal va ixlosida jam qilsa, bas u muhaqqiq komil insonlik darajasiga ko‘tariladi. Komillik esa fiqh, aqoid va tasavvuf ilmlarini jam qilishlik bilan hosil bo‘ladi.

         Aslida Tasavvuf ilmi mutlaq Fiqh ilmiga doxil bo‘lgan ilmdir. Shuningdek u, fiqh ilmining bir qismidir. Shuning uchun mazhabboshimiz Abu Hanifa Ko‘fiy rahmatullohi alayh fiqh ilmi va uning o‘z ichiga olgan ilmlar to‘g‘risida ta'kidlab shunday degan ekanlar: “Fiqh – nafs (ya'ni inson) o‘ziga nima foydali-yu nima zararli ekanini ma'rifatini hosil qiluvchi ilmdir”. Bu o‘rinda Abu Hanifa rahmatullohi alayh amalni ilm doirasiga kiritmadilar. Chunki fiqh ilmi barcha e'tiqodiy, amaliy, inson hayoti davomida duch kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni o‘z ichiga olgandir.

                                                 (Davomi bor)           

Mansurjon ABDUXOLIQOV - Payariq tumani “Islom nuri” jome masjidi imom xatibi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom Instituti Modul tizimi 1-bosqich talabasi


Kiritilgan vaqti: 09/11/2019 15:48;   Ko‘rilganligi: 1716
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/aqidah/musaffo-etiqod-saodat-kaliti-bismillahir-rohmanir-rohim
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 01:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing