O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Ақийда

Katta gunoh mo‘minni iymondan chiqarmas

 
 

Qur'oni karimni biz uchun ikki dunyo saodati qilib nozil qilgan va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlaridan qilib yaratgan Alloh taologa Uning zotiga munosib hamdu sanolar bo‘lsin!

Ana shu Qur'oni karimni bizlarga ham nazariy, ham amaliy jihatdan tushuntirib bergan, o‘z ummatlarini turli-tuman firqalarga bo‘linib ketishdan qattiq ogohlantirib ketgan Payg‘ambarimiz Muhammadga hamda u zotning oila a'zolari va sahobalariga salavot-u salomlar bo‘lsin!

Ming afsuslar bo‘lsinki, muqaddas dinimiz Islom insonlarni yagona e'tiqod va g‘oya ostida birlashishga, boshqalarning fikrlarini hurmat qilishga chorlagan, turli xil firqalarga bo‘linib ketishdan qaytargan, hatto firqalarga bo‘linib ketgan bizdan oldingi ummatlarning oqibatlarini bayon qilib bergan bo‘lishiga qaramasdan musulmonlar orasida firqalanishlar vujudga keldi. O‘zidan boshqalarning fikrlarini mutlaq qoralaydigan va faqat o‘zlarining qarashlarini eng to‘g‘ri va haqiqat deb biladigan kimsalar paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, ana shu firqalarning hammasi ham botil yo‘ldalar. Ular Ahli sunna val jamoadan ajralib qolgan kimsalardir. Ammo ularning ichidan hijriy 38, milodiy 658 sanada xorijiylar deb atalmish bir firqaning paydo bo‘lishi islom va musulmonlar uchun ulkan musibat bo‘ldi. Boshqa firqalardan farqli o‘laroq ular katta gunohlarga qo‘l urib qo‘ygan mo‘min-musulmonlarni kofirga chiqarishar, ularning mol-mulklari, xotinlari va boshqalarni o‘zlariga halol deb bilishar edi. Islom dini yashab kelayotgan o‘n to‘rt asrdan hech biri xorijiylarning aqidasidek e'tiqodda bo‘lgan firqa yoki guruhlardan xoli bo‘lgan emas. Hatto o‘zimiz yashab turgan hozirgi davrimizda ham mo‘min-musulmonlarni kofirga chiqaradigan kimsalar va guruhlar dunyoning turli hududlarida, afsuski, ko‘plab topiladigan bo‘lib qoldi. Turli xil zamonaviy axborot vositalari, ayniqsa, internet tarmog‘i ularning ana shu buzuq qarashlari qisqa fursat ichida diniy bilim saviyasi uncha yuqori bo‘lmagan yoki mafkuraviy immuniteti shakllanib ulgurmagan ko‘plab yoshlarning noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketishlariga sabab bo‘lmoqda.

Biz ushbu maqolamizda ana shu dolzarb mavzu yuzasidan so‘z yuritishni lozim topdik va bunda hijriy 471, milodiy 1078 yilda yashab o‘tgan buyuk vatandoshimiz Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil Nasafiyning “Al-aqoidun-nasafiyya” nomli asariga Doktor Abdul Malik Abdur Rahmon Sa'diy tarafidan yozilgan sharhdan keng foydalandik. Alloh taolo bu maqolani barchamiz uchun manfaatlik qilsin!

“Al-aqoidun-nasafiyya”da muallif imom Abu Hafs Najmiddin Nasafiy shunday yozadi:

“Katta gunoh mo‘minni iymondan chiqarmaydi va uni kufrga kirgizmaydi”.

Xo‘sh, katta gunoh nima o‘zi? Undan qaysi gunohlar nazarda tutilmoqda? Katta gunoh deyilganda kufrdan pastroq darajadagi ma'siyatlar tushuniladi. Aslida katta gunohlar haqida turli xil qarashlar mavjud. “Ortida buzg‘unchilik turgan gunoh katta gunohdir”, “Shariat sohibi tarafidan uning uchun tahdid mavjud bo‘lgan gunoh katta gunohdir”, “Aslida zarari oz bo‘lgan har qanday gunoh katta va zarari ko‘p bo‘lgan har qanday gunoh kichik gunohdir” kabi fikrlar shular jumlasidandir. Katta gunohlar ichidan kufr eng katta gunohdir. Nohaq odam o‘ldirish, erlik pokiza ayolga tuhmat qilish, zino, jang kuni ortga qochish, sehr, yetimning molini yeyish, ota-onaga oq bo‘lish, Masjidul haromda kichik gunoh qilish, o‘g‘irlik, xamr (mast qiluvchi ichimlik) ichish hamda sudxo‘rlik katta gunohlar sirasidandir.

Musulmonlar kufrdan boshqa katta gunohlarni qilgan kishilar borasida turli xil fikrlarni bildirganlar. U mo‘minmi yoki kofir yoxud bu ikkalasi o‘rtasidagi martabadami?

Ahli sunna val jamoa vakillari gunohi kabira qilgan kishi o‘zining bu ishi bilan iymondan chiqib ketmaydi va kufrga ham doxil bo‘lmaydi, deganlar. Ammo u o‘sha gunohni halol sanagan yoki shariatning undan qaytarganiga bepisandlik qilgan bo‘lsa yoxud shariat uni farz deb belgilagan bir ishni bepisandlik bilan tark qilgan bo‘lsa, albatta, u murtad va kofirdir.

Ahli sunna val jamoa vakillari o‘zlarining bu fikrlariga quyidagilarni dalil-xujjat qilib keltiradilar:

  1. Iymonning mohiyati – bu, qalbdagi tasdiqdir. Shunday ekan, mo‘min banda ma'siyatga qo‘l uradigan bo‘lsa-yu, qalbida mo‘minligicha qolsa, shubhasiz u o‘sha iymon bilan sifatlanguvchi bo‘lib qolaveradi.

Ha, Ahli sunna val jamoa e'tiqodidagi musulmonlar modomiki ochiq-oydin shirk yoki kufr keltirmas ekan, mo‘min-musulmon odamni hech qanday gunohi sababli kofirga chiqarmaydi.

Shu yerda: “Bu gapdan kelib chiqadiki, kufr gapni tilga olgan yoki sanamga sajda qilish yoki Qur'on nopok joylarga tashlab yuborish yoxud shunga o‘xshash uni kofirga aylantirib qo‘yadigan biror amalni bajargan kishini ham uning qalbdagi inkori va iymondan qaytgani bizga ayon bo‘lmaguncha kofirga chiqarib bo‘lmas ekan-da”, degan o‘rinli bir e'tiroz paydo bo‘ladi.

Biz bu e'tirozga: “Uning amali yoki kufr gapni talaffuz qilishi qalbidagi inkorning alomatlaridan biridir va shuning uchun ham uni kofir deb hukm qilinadi”, deb javob beramiz.

  1. Katta gunoh va ma'siyatlarga qo‘l urgan kishilarga nisbatan ham iymon lafzi ishlatilgan. Buning dalili Alloh taoloning:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى

Ya'ni: “Ey, iymon keltirganlar! Sizlarga o‘ldirilgan kishilar uchun qasos (olish) farz qilindi”[1], degan so‘zidir. Qasos o‘ldirish harom qilingan jonni qasddan o‘ldirgan kishilar uchungina farz qilingan.

Yana:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا

Ya'ni: Ey, iymon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz”[2], degan so‘zi ham.

Yana:

﴿وَإِنْ طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا

Ya'ni: Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urushib qolsalar[3], degan so‘zi ham. Musulmonlar o‘rtasidagi o‘zaro urushib qolish katta gunohlar jumlasidandir. Shunga qaramasdan Alloh taolo bu oyatda ularni mo‘minlar deb atamoqda.

Yana bir dalil Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflaridir:

"ما مِن عَبْدٍ قالَ: لا إلَهَ إلَّا اللَّهُ، ثُمَّ مَاتَ علَى ذلكَ إلَّا دَخَلَ الجَنَّةَ قُلتُ: وإنْ زَنَى وإنْ سَرَقَ؟ قالَ: وإنْ زَنَى وإنْ سَرَقَ قُلتُ: وإنْ زَنَى وإنْ سَرَقَ؟ قالَ: وإنْ زَنَى وإنْ سَرَقَ قُلتُ: وإنْ زَنَى وإنْ سَرَقَ؟ قالَ: وإنْ زَنَى وإنْ سَرَقَ علَى رَغْمِ أنْفِ أبِي ذَرٍّ وكانَ أبو ذَرٍّ إذَا حَدَّثَ بهذا قالَ: وإنْ رَغِمَ أنْفُ أبِي ذَرٍّ".

Ya'ni: “Biron banda yo‘qki, “La ilaha illalloh (Allohdan o‘zga haq iloh yo‘q)” deb aytib, shuning ustida (iymonda) vafot etsa, albatta, Jannatga kiradi”, dedilar. “Zino va o‘g‘irlik qilsa hammi?” – deb so‘radim. “Zino va o‘g‘irlik qilsa ham”, dedilar. (Yana) “Zino va o‘g‘irlik qilsa hammi?” – deb so‘radim. “Zino va o‘g‘irlik qilsa ham”, dedilar. (Yana) “Zino va o‘g‘irlik qilsa hammi?” – deb so‘radim. “Zino va o‘g‘irlik qilsa ham, Abu Zar buni istamasa (majburlikdan rozi bo‘lsa) ham!”[4].

  1. Yana bir dalil Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zamonlaridan boshlab hozirgi kunimizga qadar tavba qilmasdan vafot etgan bo‘lishiga qaramay mo‘minlarga janoza namozi o‘qib kelinayotganidir. Agar katta gunoh qilgan mo‘min kofir bo‘lganida unga janoza namozi o‘qish ham, uning haqqiga duo va istig‘for aytish ham mumkin bo‘lmas edi.

Xorijiylar[5] esa katta gunoh qilganlar borasida quyidagi fikrni ilgari surdilar:

U kofirdir. Chunki kufr bilan iymonning o‘rtasida hech bir vosita yo‘q. Qur'on va hadisda kelgan lafzlarning zohiriy ma'nolarida katta gunohga qo‘l urgan kishini kofir deyilgan va fosiq deb zikr qilingan o‘rinda ham kofir nazarda tutilgan.

Ana shunday iboralardan biri Alloh taoloning quyidagi so‘zidir:

﴿وَمَنْ لَمْ يَحْكُمْ بِمَا أَنْزَلَ اللَّهُ فَأُولَئِكَ هُمُ الْفَاسِقُونَ

Ya'ni: Alloh nozil etgan (oyatlar) bilan hukm qilmaydiganlar – ana o‘shalar fosiqlardir”[6]. Bu “Allohning hukmi asosida amal qilmagan kishilar” ma'nosidadir.

Yana:

﴿وَمَنْ كَفَرَ بَعْدَ ذَلِكَ فَأُولَئِكَ هُمُ الْفَاسِقُونَ

Ya'ni: “Shundan keyin ham kim kufr keltirsa, bas, ana o‘shalar, o‘zlari fosiqlardir”[7]. Alloh taolo bu oyatda kufrni fosiqlik deb ta'bir bermoqda.

Shuningdek, quyidagi oyati bilan fosiqlikni iymonga muqobil qilib qo‘ygan:

﴿أَفَمَنْ كَانَ مُؤْمِنًا كَمَنْ كَانَ فَاسِقًا  لَا يَسْتَوُونَ

Ya'ni: Axir, mo‘min bo‘lgan odam fosiq bo‘lgan odamdek bo‘ladimi?! Teng bo‘lmaslar[8].

Yana:

﴿وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا  وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ اللَّهَ غَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ

Ya'ni: Odamlardan yo‘lini topganlariga Alloh uchun baytni haj qilmoq burchdir. Kimki kufr keltirsa, Alloh odamlardan behojatdir”[9]. Bu oyatda Alloh taolo hajni tark qiluvchi kishini kofir deb hisoblamoqda.

Yana bir dalil Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ushbu so‘zlaridir:

مَن ترَكَ الصَّلاةَ متعمِّدًا فقَد كفرَ

Ya'ni: “Kim namozni qasddan tark qilsa, batahqiq kofir bo‘libdi”[10].

Shuningdek, ular yuqorida o‘tgan naqliy dalillardan tashqari aqliy dalillarni ham keltirganlar. Jumladan, ular shunday xujjat keltiradilar:

Azob bu, kofirlarning o‘zlariga xos bo‘lgan ishdir. Binobarin, gunohi kabira qilgan kishi azoblanadigan bo‘lsa, bu o‘sha gunohga qo‘l urib kofir bo‘lgani uchundir, xolos. Buning isboti Alloh taoloning ushbu so‘zlaridir:

﴿أَنَّ الْعَذَابَ عَلَى مَنْ كَذَّبَ وَتَوَلَّى

Ya'ni: (Allohning payg‘ambarlarini) yolg‘onchi qilgan va (iymon keltirishdan) yuz o‘girgan kimsalarga azob bo‘lur”[11].

Yana:

﴿لَا يَصْلَاهَا إِلَّا الْأَشْقَى١٥ الَّذِي كَذَّبَ وَتَوَلَّى١٦﴾

Ya'ni: U(o‘t)ga badbaxtdan boshqa hech kim kirmas. O‘sha yolg‘onga chiqargan va yuz o‘girgan edi[12].

Yana biri:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا

Ya'ni: Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur”[13].

Katta gunoh qilgan mo‘minlar kofir bo‘lishiga dalolat qiladigan bulardan boshqa ham bir qator oyat va hadislar ham bor.

Xorijiylarning bu da'volariga biz quyidagicha javob beramiz:

Birinchi oyatda kelgan kufr agar Alloh nozil qilgan narsadan boshqasi bilan hukm qilishni halol deb e'tiqod qilsa bo‘ladi va bunday e'tiqod qilgan odamning kofir bo‘lishida hech bir xilof yo‘q. Shuningdek, namozni tark qilganlik haqidagi hadis va haj haqidagi oyat ham xuddi shunday tushuniladi. Ikkinchi va uchinchi oyatda zikr qilingan fosiqlikdan murod kufrdir. Chunki u fosiqlikdan ko‘ra kattaroqdir.

Bir mo‘minni qasddan o‘ldirgan odamning do‘zaxda abadiy qolishi haqidagi oyatga kelsak, undan murod u yerda abadiy qolish emas, balki uzoq vaqt qolishdir. Shuning uchun ham kofirlarga azob va'da qilingan oyatlarda bo‘lgani kabi bu yerda “abadiy” so‘zini zikr qilmagan.

Demak, xorijiylar dalil sifatida keltirgan oyat va hadislarni ijmo'ga va katta gunohga qo‘l urgan kishilar ham mo‘min ekaniga dalolat qiladigan oyat va hadislarga muvofiq kelishi uchun ularning zohiriy ma'nolaridan burib tushinishimiz lozim bo‘ladi.

Mu'taziliylar[14] esa quyidagi fikrni ilgari surganlar:

Katta gunohga qo‘l urgan kishi mo‘min ham emas, kofir ham. U fosiq bo‘ladi. Mo‘minlik bilan kofirlik o‘rtasidagi bir manzilda bo‘ladi.

Ular o‘zlarining bu qarashlariga quyidagilarni dalil qilib keltirganlar:

  1. Katta gunohga qo‘l urgan kishini fosiq deb atash borasida barcha ulamolar hamfikrdirlar. Ammo u mo‘minmi yoki kofir ekani borasida turli xil fikrdalar. Ahli Sunna uni mo‘min desa, xavorijlar kofir deydi. Biz esa hamfikr bo‘lingan qarashni olib, ixtilofli bo‘lgan qarashni tark qildik va u fosiqdir, mo‘min ham emas, kofir ham dedik.

Biz mu'taziliylarning bu da'volariga quyidagicha javob beramiz:

Butun ummat ikki xil inson – kofir va mo‘min borligiga ijmo' qilgan. Shunday ekan bu o‘rinda uchinchi bir xilni o‘ylab topish ana shu ijmo'dan chetga chiqish hisoblanadi.

  1. Mu'taziliylar yana shunday dalil keltiradilar:

U mo‘min emas. Chunki Alloh taolo fosiqlikni mo‘minlikning muqobili qilib belgilagan. Buning dalili ushbu oyati karimadir:

﴿أَفَمَنْ كَانَ مُؤْمِنًا كَمَنْ كَانَ فَاسِقًا

Axir, mo‘min bo‘lgan odam fosiq bo‘lgan odamdek bo‘ladimi?![15].

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham “Zinokor zino qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida zino qiladi”[16], degan hadislarida katta gunoh qilgan kishining iymoni bo‘lmaydi deganlar. Shuningdek, “Omonatni saqlay olmaydigan kishining iymoni yo‘qdir”[17], deganlar. U kofir ham emas. Chunki butun ummat katta gunoh qilgan kishiga janoza o‘qib kelgan, uni musulmonlar qabristoniga dafn qilgan, unga nisbatan murtadlik hukmlarini joriy qilish orqali uni o‘ldirishmagan. Demak, u kufr bilan iymonning o‘rtasidadir.

Mu'taziliylar dalil qilib keltirgan oyatga biz shunday javob beramiz:

Haqiqatan ham bu oyatda zikr qilingan fosiqlikdan kufr nazarda tutilgan. Chunki u eng katta fosiqlikdir. Shuning uchun ham uni iymonning muqobiliga qo‘yilgan.

Ammo ular keltirgan birinchi hadis yuzasidan biz shunday javob beramiz:

Haqiqatan ham bu yerda zinokor zino qilayotgan vaqtida uning iymoni yo‘q bo‘lishi nazarda tutilgan. Chunki, o‘sha vaqtda iymon bilan sifatlangan va Alloh taolo bu ishi uchun unga g‘azab qilishi hamda azoblashiga aniq ishongan kishi ana shu qabih ishni qilmagan bo‘lar edi.

Ikkinchi hadisga kelsak, u yerda komil iymon bo‘lmasligi nazarda tutilgan. Ya'ni, omonatni saqlay olmaydigan kishining iymoni komil emas, degan ma'noda. Yoki qo‘rqitib qo‘yish ma'nosida aytilgan bo‘lishi ham mumkin. Buning dalili Abu Zarr roziyallohu anhu rivoyat qilgan o‘sha mashhur hadisdir. Chunki, u hadisda zinokor va o‘g‘ri ham jannatga kirishi aniq aytilgan.

Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘l va haq e'tiqodda bardavom qilsin. O‘zgalarni kofirga chiqarishdek xatarli ishdan O‘zining himoyasida saqlasin. Go‘zal axloqimiz, hikmatli so‘zlarimiz va yurish-turishimiz bilan hali iymon halovatini tatib ko‘rmagan insonlarning mo‘min-musulmon bo‘lishlariga bizlarni sababchi qilsin.

 [1] Baqara surasi, 178 – oyati.

[2] Tahrim surasi, 8 – oyati.

[3] Hujurot surasi, 9 – oyati.

[4] Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati.

[5] Xorijiylar — (arab. - ajralib chiqqan, isyonchi) - islomdagi ilk oqim tarafdorlari. Xalifa Ali bilan umaviylar o‘rtasidagi kurash davomida 7-asrning 2-yarmi boshlarida vujudga kelgan.

[6] Moida surasi, 47 – oyati.

[7] Nur surasi, 55 – oyati.

[8] Sajda surasi, 18 – oyati.

[9] Oli Imron surasi, 97 – oyati.

[10] Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati.

[11] Toha surasi, 48 – oyati.

[12] Layl surasi, 15-16 – oyatlari.

[13] Niso surasi, 93 – oyati.

[14] Mu'taziliylar — mu'tazila (arab. - ajralib chiqqanlar, uzoqlashganlar) -islomdagi ilohiyot oqimlaridan biri. 8-a. o‘rtasida Arab xalifaligida vujudga kelgan. Asoschilari Vosil ibn Ato va Amr ibn Ubayd. Ular o‘z guruhi bilan ustozlari Hasan al-Basriy  maktabidan ajralib chiqqan.

[15] Sajda surasi, 18 – oyati.

[16] Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyati.

[17] Imom Ahmad, Bazzor, Abu Ya'lo rivoyati.

Alouddin Hofiy, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi


Kiritilgan vaqti: 30/10/2019 15:29;   Ko‘rilganligi: 110
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/aqidah/katta-gunoh-mominni-iymondan-chiqarmas
Chop etilgan vaqti: 26/01/2020 23:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing