O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Ақийда

Imom Moturidiy rohmatullohi alayh

 
 

Imom Moturidiy nomi bilan mashhur bo‘lgan ulug‘ bobomizning to‘liq ismlari Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Ansoriy bo‘lgan. Kamoliddin Bayoziyning tahqiqiga ko‘ra Imom Moturidiyning nasabi ulug‘ sahobiy Abu Ayyub Ansoriyga borib taqaladi. Shuning uchun u zotga “Ansoriy” nisbati ham berilgan.   

Imom Moturidiyning tug‘ilgan sanalari aniq ma'lum emas. Manbalarni solishtirib chiqqan ulamolar imom Moturidiyning ustozlaridan biri bo‘lgan Muhammad ibn Muqotil Roziyning 248 hijriy sanada vafot etganiga ko‘ra, bu zotning tavalludlari hijriy 240 sana atrofiga to‘g‘ri kelishini aytganlar.

Ahli sunna val jamoaning imomi bo‘lgan ushbu zotning tug‘ilgan sanasi bu qadar noaniq bo‘lishi, hatto vafot etgan sanalarida ham ixtiloflar borligi to‘g‘risida ko‘plab sabablar aytilgan. Mazkur sabablarning eng asosiysi bu zotning o‘sha paytdagi abbosiylar davlati markazi bo‘lgan Bag‘doddan uzoqda yashaganlari hisoblanadi.

Imom Moturidiyning ustozlari

Imom Moturidiy quyidagi ustozlardan ta'lim olgan:

  1. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq Juzjoniy;
  2. Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyoziy;
  3. Nusayr ibn Yahyo Balxiy;
  4. Muhammad ibn Muqotil Roziy va boshqalar.

Ushbu to‘rtta ustoz imom Moturidiyni imom Abu Hanifagacha bo‘lgan sanadini bog‘lovchi ustozlar hisoblanadi. Chunki mazkur Ahmad Juzjoniy, Iyoziy va Balxiylar 200 hijriy sanada vafot etgan Abu Sulaymon Muso Juzjoniyning shogirdlaridir. Bu zot esa Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning shogirdi bo‘lgan. Demak shunga ko‘ra hanafiya mazhabi imom Moturidiyga quyidagi sanad bilan yetib kelgan:

-         Imom Abu Hanifa;

-         Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad;

-         Abu Sulaymon Muso Juzjoniy;

-         Ahmad Juzjoniy, Iyoziy va Balxiy;

-         Moturidiy.   

Imom Moturidiy rohmatullohi alayh fiqhda imom Abu Hanifa rohmatullohi alayh mazhablarida bo‘lganidek, aqidada ham u zotga ergashgan. Shuning uchun ham ba'zi asarlarda moturidiylarni hanafiylar deb ham ataladi.

Imom Moturidiyning shogirdlari

Imom Moturidiy rohmatullohi alayh ko‘plab shogirdlar yetishtirgan bo‘lib, ularning eng mashhurlaridan ayrimlari quyidagi zotlardir:

-         Abulqosim Is'hoq ibn Muhammad. Bu zot Hakim Samarqandiy nomi bilan mashhur bo‘lgan. Samarqandda qozilik lavozimida ishlagan. “Sohaiful ilahiya” (Ilohiy sahifalar), “Savodul a'zam” (Ulkan jamoat), “Roddu ala as'habil hava” (Nafsu havoga ergashganlarga raddiya) kabi ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Hijriy 345 sanada vafot etgan. 

-         Imom Abulhasan Ali ibn Sa'iyd Rustug‘faniy. “Irshadul mubtadiy” (Yo‘l boshidagi kishini maqsadga yo‘llash), “Zavaid va favaid fi anvail ulum” (turli ilmlardagi qo‘shimchalar va foidalar) kabi ko‘plab asarlar yozgan. Hijriy 350 sanada vafot etgan.

-         Abu Lays Nasr ibn Muhammd Samarqandiy. Bu zot tafsir, aqoid, fiqh, va tasavvufga oid o‘ndan ortiq kitoblar yozgan. Hijriy 373 sanada vafot etgan.  

-         Imom Abumuhammad Abdulkarim Pazdaviy. Bu zot fiqh ilmida peshqadam bo‘lgan. Zotan bu zot mashhur faqihlar sulolasining vakili hisoblanadi. Hijriy 390 sanada vafot etgan.

Imom Moturidiyning asarlari

Ulamolar Imom Abu Mansur Moturidiy rohmatullohi alayhni shar'iy ilmlarning uchta yo‘nalishi bo‘yicha asarlar ta'lif etganlarini bayon qilganlar:

  1. Tafsir;
  2. Usulul fiqh;
  3. Aqoid.

Tafsir yo‘nalishi bo‘yicha “Ta'viylotu ahli sunna” (Ahli sunnaning tushuntirishlari) nomli ulkan tafsir  yozgan. Bu tafsir ahli sunna val jamoaning Qur'on oyatlari tafsiridagi qarashlari to‘g‘ri ekanini isbotlash bilan birga, adashgan firqalarning noto‘g‘ri qarashlarini ham ochib beruvchi mo‘tabar asar hisoblanadi.

Usulul fiqh yo‘nalishi bo‘yicha “Ma'xozush sharoi'” (shariy hukmlar manbasi) va “Jadal” (ilmiy bahslar) nomli ikkita kitob yozgan. Ushbu ikki kitob hanafiya mazhabidagi qoidalar va ulardan kelib chiqadigan hukmlarni jamlagan asarlar, deb vasf qilingan. Zero bu kitoblar hijriy beshinchi asrgacha usulul fiqh bo‘yicha murojaat qilinadigan asosiy manbalar bo‘lgan. Keyinchalik esa ushbu yo‘nalish bo‘yicha yozilgan asarlarning asosi bo‘lib xizmat qilgan. Ulamolar bu ikki kitobning bizgacha yetib kelmaganini afsus bilan yodga oladilar.    

Imom Moturidiy rohmatullohi alayh aqoid yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab asarlar yozgan. Bu asarlarni o‘rganib chiqqan ulamolar ularni umumiy uch qismga ajratganlar:

A) Maqolalar;

B) Raddiyalar;

V) Alloh taologa iymon keltirish asoslari. 

Maqolalar

Aslida Imom Moturidiydan oldin ham “Maqolot” (maqolalar) nomli bir qancha kitoblar yozilgan va ularda asosan Islom diniga mansub turli firqalarning qarashlari jamlangan. Imom Moturidiyning “Maqolot” (Maqolalar) nomli asarining qo‘lyozma nusxasi hozirda Istanbuldagi “Kupriliy” kutubxonasida 856 raqam ostida saqlanmoqda. 

Raddiyalar

Aqoid ulamolari yozgan asarlarida faqatgina adashgan firqalarning qarashlarini keltirib “bu noto‘g‘ri” deyish bilan cheklanmaganlar. Balki mazkur qarshlarga birma-bir naqliy va aqliy dalillar asosida raddiyalar qilganlar. Bu raddiyalarda ahli sunna val jamoaning qarashlari to‘g‘riligini isbotlash bilan birga adashgan firqalarning xatoga yo‘l qo‘ygan joylarini ham bayon qilganlar.

Imom Moturidiy rohmatullohi alayh “Bayanu vahmil mu'tazila” (Mu'taziliy firqasining noto‘g‘ri tasavuri bayoni), “Roddu alal qaromita” (Qarmatiylarga raddiya) kabi adashgan firqalarning umumiy qarashlaridagi xatolarni bayon qiluvchi ko‘plab asarlar yozgan. 

Imom Moturidiy rohmatullohi alayhning qilgan eng ulkan xizmati ahli sunna val jamoaga qarshi chiqqan firqalarning da'volariga umumiy raddiya qilishdan tashqari ularga batafsil raddiyalar qilganidir. Ya'ni, bu zot o‘sha paytlarda omma musulmonlarga tashvish tug‘dirib turgan mu'taziliy yetakchilarining asarlariga birma-bir raddiyalar yozib, ularni “ochiq maydon”da mag‘lub qilgan. Bunga u zotning quyidagi asarlari yaqqol dalildir:

-         Abu Muhammad Bohiliy mu'taziliyning “Usulul xomsa” (beshta asos) nomli kitobiga “Roddu usulil xomsa” (“beshta asos” kitobiga raddiya);  

-         Abulqosim Ka'biy mu'taziliyning “tahziybul jadal” (ilmiy bahslarni o‘rgatish) nomli kitobiga “Roddu tahziybil jadal” (“ilmiy bahslarni o‘rgatish” kitobiga raddiya);

-          Abulqosim Ka'biy mu'taziliyning “Va'iydul fussaq” (Fosiqlarga tahdid) nomli kitobiga “Roddu “Va'iydil fussaq” (“Fosiqlarga tahdid” kitobiga raddiya);

-         Abulqosim Ka'biy mu'taziliyning “Availul adilla” (Dastlabki dalillar) nomli kitobiga “Roddu availil adilla” (“dastlabki dalillar” kitobiga raddiya) nomli asarlar yozgan.

Alloh taologa iymon keltirish asoslari

Imom Moturidiy rohmatullohi alayh Alloh taologa iymon keltirish asoslari bo‘yicha “Tavhid” nomli kitob yozgan. Bu kitob Imom Moturidiyning “shoh” asari hisoblanadi. Bu asarda ahli sunna val jamoaning aqoid borasidagi asosiy qoidalari bayon qilingan. Shunga ko‘ra keyinchalik yozilgan Abul Muin Nasafiyning “Tabsirotul adilla”, Umar Nasafiyning “Aqoidun Nasafiy” kabi moturidiya mazhabi qoidalarini bayon qiluvchi kitoblar “Tavhid” kitobi asosida ta'lif etilgan asarlar hisoblanadi.

Imom Moturidiyning unvonlari

Imom Moturidiyga u zotni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan martabalarini namoyon qiluvchi ko‘plab laqablar berilgan: 

-         Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi);

-         Imomul mutakallimiyn (kalom ilmi olimlari peshvosi);

-         Musahhihu aqoidil muslimiyn (musulmonlarning aqidalaridan xatolarni daf qiluvchi);

-         Roisu ahli sunna val jamoa (Ahli sunna val jamoa boshlig‘i);

-         Nosirus sunna va qomi'ul bid'a (sunnatni himoya qiluvchi va bid'atni bostiruvchi);

-          Muvattidu aqoidi ahlis sunna (ahli sunna aqidalari asoschisi).

Imom Moturidiy rohmatullohi alayh tahqiqlarga ko‘ra hijriy 333 sanada to‘qson besh yoshlar atrofida Samarqandda vafot etgan. Alloh taolo yotgan joylarini jannat bog‘laridan qilgan bo‘lsin.  

Alloh taolo barchalarimizni to‘g‘ri yo‘lda saodatmand hayot kechirib, oxiratda jannatga erishishga muvaffaq qilsin.

Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga  hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin.

 

Abdulqodir Abdur Rahim 

Manba:muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 20/10/2019 21:36;   Ko‘rilganligi: 117
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/aqidah/imom-moturidiy-rohmatullohi-alayh
Chop etilgan vaqti: 26/01/2020 23:44
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing