O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Yoshlarimiz oldidagi burchimiz

 
 

Allohning o‘zi yaratgan bandalariga bergan ne'matlari nihoyatda ko‘p. Bu ne'matlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Shudardan biri tinchlik-osoyishtalik, xotirjam yashashdir. Busiz hayotning zavqi, fayzi yo‘q. Allohning inoyati istiqlol sharofati tufayli xalqimiz mana shunday osuda yashamoqda. Lekin, biz kundalik radio, televideniya, internet saytlari  yoki ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan xabarlarda jahonning ko‘pgina davlat va mamlakatlarida notinchlik, buzg‘unchilik, tabiiy ofatlar sodir bo‘layotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Albatta, qabih ishlar, qo‘poruvchilik sodir etilayotgan joylarda xalq qiynalmoqda. Uy-joyidan vatanidan jido bo‘lib, og‘ir ahvolda kun kechirayotir.

Xo‘sh yuqoridagi buzg‘unchilik, zo‘rozonlik, qo‘poruvchilik, notinchlikning sababi nima, kimlarning bunda “qo‘li” bor? Albatta, oddiy xalqning emas. Mol-dunyo hirsiga tushgan, tinch-osoyishta yashab, mamlakatini gullab-yashnashiga intilayotgan xalqlarning taraqqiyoti yuksalishini ko‘ra olmaydigan yovuz kuchlar, sof islom dinini niqob qilib olgan terrorchi guruhlar sodir etmoqda. Ularning niyati xalq orasiga nifoq solib shu davlat rivojini izdan chiqarishdir. Shu bois har birimiz tinch-xotirjam yashash uchun o‘z uyimizni, oilamizni himoya qilishimiz lozim. Ayniqsa yoshlarimizni bu balo qazodan saqlashimiz ham farz ham qarz.

Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Har biringiz rahbarsiz va qo‘l ostingizdagilar haqida mas'ulsiz” deb takidlaganlaridek, ota-onalar, qolaversa, yoshlar talim-tarbiyasi bilan shug‘ullanishga mutasaddi bo‘lgan kishilar bu ishga javobgar ekanliklarini qalbdan his qilmoqlari lozim. Farzand  Alloh taolo tomonidan ato etilgan ulug‘ ne'mat va ota – onaga berilgan katta omonatdir. Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga farzand tug‘ulgani xabari berilganda “Farzand bir rayhonki men uni hidlayman, u yaqinda menga yaxshilik qiluvchi do‘st yoki zararli dushmanga aylanadi” deb aytgan ekanlar.

Yoshlarimizning yaxshilik qiluvchi farzand bo‘lishlarii uchun ularni tarbiyalashda imon-e'tiqod va ona vatanga sadoqat masalasi muhim o‘rin egallaydi. Shuning uchun tarbiya berish o‘ta nozik hisoblanib, u to‘g‘ri bo‘lsa farzand kamolga yetib, el-yurtga foyda keltiradi.

Dinimizga yod bo‘lgan oqimlar  dunyoni boshqa joylari kabi yurtimizda ham o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun intilmoqda. Ular ayrim yoshlarning soddadilligi, e'tiqodi sustligidan foydalanib, ularga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatish kabi bahonalar bilan o‘z tuzoqlariga ilintirishga harakat qilishmoqda. Shu bois barchani hushyorlikka, har qanday yot g‘oya va firqalarga befarq bo‘lmaslikka, mustaqil ona diyorimiz xalqiga uning tinch turmushi va farovonligiga tahdid soladigan turli xavflardan ogoh bo‘lishga chaqirmog‘imiz kerak. Biz shunday yo‘l tutamiz.

Zayniddin DUSTOV – Kattaqo‘rg‘on tuman “Xo‘ja Abdurahmon ota” jome masjidi imom xatibi  


Kiritilgan vaqti: 31/10/2019 13:25;   Ko‘rilganligi: 1038
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/yoshlarimiz-oldidagi-burchimiz
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 02:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing