O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

YOLG‘ONCHILIK OG‘IR GUNOH

 
 

Bugungi kunda jamiyatimizda keng tarqalgan illatlardan biri yolg‘onchilikdir. Ming afsuslar bo‘lsinki, bu illat odamlar orasida juda ham avj olmoqda. Ayniqsa uyali aloqa vositalaridan foydalanishda yolg‘on gapirishlik ko‘payib bormoqda. Vaholanki, Alloh taolo bandalarini yolg‘on gapirishdan qaytargan. Yolg‘on gapirish eng og‘ir gunohlardan sanaladi. Shuning uchun ham Qur'oni Karimda yolg‘on haqida 167 ta oyat nozil bo‘lgan.

Alloh taolo G‘ofir surasining 28-oyatida “Albatta, Alloh haddidan oshgan, kazzob shaxsni hidoyat qilmas” – deydi. Bu oyati karimada yolg‘onchi shaxs haddidan oshgan kishi ekanligi ta'kidlanmoqda. Bundan yolg‘onchi shaxs gap-so‘zida haddidan oshishi kelib chiqadi. Eng yomon tomoni esa, yolg‘onchini Alloh taolo hidoyat qilmas ekan. Demak Alloh taolo O‘zining kitobida yolg‘on gapirishni qattiq qoralagan.

Shuningdek Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o‘zlarining xadisi shariflarida yolg‘onchilikni qattiq qoralaganlar. Yolg‘onchilik qanchalik yomon illat ekanligini quyidagi xadislardan bilib olishimiz mumkin.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar banda yolg‘on gapirsa, u qilgan narsaning sassig‘idan farishta undan bir mil nariga uzoqlashadi”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisning ma'nosi shundan iboratki, bu dunyoda bandani qo‘riqlab turish uchun biriktirilgan farishta xam uning yolg‘onini sassig‘idan hazar qilib, undan qochar ekan. Farishtasi qochgan odam kim degan odam bo‘ladi? Xalqimiz ichidagi “Falonchining farishtasi yo‘q” degan gaplar bejiz emas ekan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Munofiqning belgisi uchta: gapirsa, yolg‘on gapiradi, va'da bersa bajarmaydi, omonat topshirilsa, xiyonat qiladi”, dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Imom Ahmad Abdulloh ibn Omirdan rivoyat qilgan hadisda Ibn Omir bunday deydi: “Yoshligimda, ya'ni bolaligimda biznikiga Payg‘ambar alayhisalom keldilar. O‘ynagani chiqib ketayotgan edim, onam, ey Abdulloh, bu yoqqa kel, bir narsa beraman dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unga nimani bermoqchi eding?” – deb so‘radilar.

“Onam: “Xurmo” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar aytganingni qilmasang senga yolg‘onchilik bo‘lib yozilib qoladi” dedilar”.

Mana bu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hatto yosh bolalarni ham aldab bo‘lmaslikni aytmoqdalar.

Bas shunday ekan, yuqoridagi oyat va hadislarga amal qilgan holda zinhor va zinhor yolg‘on gapirmasligimiz lozim bo‘ladi. Biz mo‘min-musulmonlar odamlarga ham, telefonda gaplashayotgan kishiga ham, hatto farzandlarimizga ham yolg‘on gapirishlikdan Allohdan qo‘rqaylik!

Alloh taolo barchamizni yolg‘onchilik illatidan O‘zi asrasin!

A.Axmedov - Jomboy tuman bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/10/2020 11:15;   Ko‘rilganligi: 1561
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/yolgonchilik-ogir-gunoh
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 20:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing