O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Silai rahmning fazilati

 
 

Silai rahmni uzish gunohi kabiralardandir. Shuni bilib ham hech bir sabab va shubhasiz silai rahmni uzishni halol sanagan, mumkin deb e'tiqod qilgan kishi jannatga kirmaydi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis rivoyat qilinadi:

عن أبي محمد جبير بن مطعم رضي الله عنه أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: » لا يدخل الجنة قاطع» قال سفيان في روايته: «يعني قاطع رحم». (متفق عليه).

ya'ni: “Kesuvchi jannatga kirmaydi”. Sufyon o‘z rivoyatida: “Qarindoshlikni uzuvchi nazarda tutilgan”, deydi (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

“Silai rahm” arabcha so‘z bo‘lib, “sila” – bog‘lash, “rahm” – qarindosh (onaning bachadonini ham rahm, deyiladi), ya'ni “qarindosh urug‘lik aloqalarini bog‘lash” degan ma'noni bildiradi.

Silai rahm qilish – o‘zgalarga nisbatan qarindoshlariga g‘amxo‘r va muhabbatliroq bo‘lish, ulardan xabardor bo‘lib, moddiy-ma'naviy jihatdan qo‘llab turishdir.

Silai rahmga eng haqdor kishilar ota-ona, aka-uka, opa-singil kabi qon-qarindoshlardir.

Qur'oni karimning bir qancha oyatlarida qarindoshlik aloqalarini bog‘lashning fazilati va uni uzishning yomonligi haqida so‘z yuritilgan.

Jumladan, quyidagi oyatda qarindoshlikni bog‘laydigan kishilar maqtaladi:

وَالَّذِينَ يَصِلُونَ مَا أَمَرَ اللَّهُ بِهِ أَنْ يُوصَلَ وَيَخْشَوْنَ رَبَّهُمْ وَيَخَافُونَ سُوءَ الْحِسَابِ

ya'ni: “Ular Alloh bog‘lanishga buyurgan narsalarni (ya'ni qarindoshlar bilan aloqani) bog‘laydilar, Parvardigorlaridan qo‘rqadilar va (oxiratda) hisob-kitobning noxush kechishidan cho‘chiydilar” (Ra'd surasi, 21-oyat).

Alloh taolo yaxshiliklarga buyuradi, yomonliklardan qaytaradi. Buyurilgan yaxshiliklar ichida muhimlaridan biri silai rahm qilishdir:

إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُ بِالْعَدْلِ وَالْإِحْسَانِ وَإِيتَاءِ ذِي الْقُرْبَى وَيَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَالْبَغْيِ يَعِظُكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ

ya'ni: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur”.

Oyati karimalarda qarindosh urug‘lik aloqalarini uzganlarga qattiq tahdid qilinadi:

فَهَلْ عَسَيْتُمْ إِنْ تَوَلَّيْتُمْ أَنْ تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ وَتُقَطِّعُوا أَرْحَامَكُمْ أُولَئِكَ الَّذِينَ لَعَنَهُمُ اللَّهُ فَأَصَمَّهُمْ وَأَعْمَى أَبْصَارَهُمْ

ya'ni: “Agar (imondan) bosh tortsangiz, aniqki, sizlar yerda buzg‘unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzasiz, albatta unday kimsalarni Alloh la'natlagandir, bas, ularning (quloqlarini) «kar», ko‘zlarini «ko‘r» qilib qo‘ygandir” (Muhammad surasi, 22-23-oyatlar).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham bu mavzu juda muhimligini hadisi shariflari ta'kidlaydilar:

وعن أَبي هريرة رضي الله عنه أن رَسُول الله صلى الله عليه وسلم قَالَ : » … مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ باللهِ وَاليَومِ الآخِرِ ، فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ …» (مُتَّفَقٌ عَلَيهِ).

ya'ni: “…va kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qarindoshlik aloqalarini bog‘lasin…” (Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayradan rivoyat qilishgan).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bizga silai-rahm sababli rizqning mo‘l-ko‘l bo‘lishi, umrning uzoq bo‘lishini uqtiradilar:

وعن أنسٍ رضي الله عنه أن رَسُول الله صلى الله عليه وسلم قَالَ » من أحَبَّ أنْ يُبْسَطَ لَهُ في رِزْقِهِ ، ويُنْسأَ لَهُ في أثَرِهِ ، فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ ) مُتَّفَقٌ عَلَيهِ .

ya'ni: “Kim rizqi keng bo‘lishi, umri uzun bo‘lishini xush ko‘rsa, qarindoshlik aloqalarini bog‘lasin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim Anas ibn Molikdan rivoyat qilishgan).

Alloh taoloning izni bilan silai rahm, uni bog‘laganlarni duo, uzganlarni duoibad qilib turadi. Oisha onamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi:

عن عائشة رضي الله عنها قالت قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «الرَّحِمُ مُعلَّقة بالعرشِ ، تقولُ: «من وَصَلَني وَصَلَهُ اللهُ ، ومن قطعني قَطَعَهُ الله «. (أخرجه البخاري ومسلم).

ya'ni: “Rahm (qarindoshlik) Arshga osilib: “Kim meni ulasa, Alloh uni ulasin. Kim meni uzsa, Alloh uni uzsin”, deydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Alloxu Taolo silai raxmda bardavom qilsin. Qarindoshlari bilan kelishmay, gina adovat qilib silai raxmni kesuvchilardan bo‘lmaylik.

 

Anvarjon domla Ibaydullayev,

Oltinko‘l tumani «Uyshin»

jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 24/12/2020 16:02;   Ko‘rilganligi: 1777
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/silai-rahmning-fazilati
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 18:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing