O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

RAMAZONNING SAVOBI CHEKSIZ...

 
 

Har bir mo‘min kishi muborak Ramazon oyi kelishini intiqlik bilan kutadi. Qur'oni karimning mazkur oyda nozil qilina boshlanishi bu oyning naqadar ulug‘ligidan dalolat beradi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur'on nozil qilingan.  (Baqara surasi, 185 oyat).

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) bu muborak oyning tashrifi haqida marhamat qilib: Bu oyda  jannat eshiklari ochiladi, jahannamning eshiklari esa berkitiladi, shaytonlar kishanlanadi, deganlar. (Imom Ahmad rivoyati).

Hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Odam bolasining barcha amallari o‘zi uchun, ammo ro‘za Men uchun. Uning mukofotini o‘zim beraman, deb marhamat qiladi (Imom Buxoriy rivoyati).

Darhaqiqat, ro‘za bandaning taqvosini oshiradi, insonni ulug‘ martabaga ko‘taradi. Boy-kambag‘al, shohu-gado, hamma-hammani bir qatorga qo‘yadi.  Albatta, Ramazon oyi xayru-ehson oyi. Gunohlar mag‘firat etilib, Alloh rozi bo‘ladigan amallar evaziga  ko‘plab savoblarga ega bo‘ladigan oy. Lekin, yillar bir-biriga o‘xshamasligi mumkin. Bu yilgi Ramazon  dunyo mamlakatlari xalqlari salomatligiga xavf solib turgan tojsimon virus kasalligi avj olgan, kuchli shamol va suv toshqinlari kabi tabiiy ofatlar bilan sinalayotgan murakkab kunlarga to‘g‘ri keldi. Bularning barchasi Alloh taoloning sinovli kunlaridir.   Mamlakatimiz aholisi sinovli kunlarni boshidan o‘tkazmoqdalar. Allohning inoyati bilan Muhtaram Prezidentimiz boshchiligidagi hukumatimiz tomonidan o‘z vaqtida  zarur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida talofat oqibatlari bartaraf etilib, yurtdoshlarimiz o‘z uylariga qaytib kelmoqdalar. Ezgulikka tashna xalqimiz esa bunday sinovli kunlarda odamiylikning eng yuksak namunasini ko‘rsatib, o‘zgalar dardini o‘z dardi deb qabul qildilar. Jabrdiyda yurtdoshlarimizga mehr-muruvvat, sahovat va ko‘mak qo‘rsatdilar. Ularni  ham moddiy va ham ma'naviy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqdalar.

Mamlakatimizda karantin va cheklov qoidalari amal qilib turganligi sababli, mo‘min-musulmonlar ushbu Ramazon oyida o‘tkazadigan iftorlik ehsonlarini ommaviy tarzda o‘tkazish mumkin emas. Albatta bu muborak oyda ehson uchun atagan mablag‘larni qo‘llarida qolib ketmasligi uchun har-bir kishi qayg‘urishi lozim bo‘ladi, boshqacha qilib ifodalaydigan bo‘lsak,  ehtiyojmand kishilarlar uchun ochilgan maxsus hisobga o‘tkazib berishimiz juda fazilatli va savobli ish bo‘lardi. Mahalliy hokimliklarimiz tomonidan mehr-sahovatga muhtoj xonadonlar ro‘yxati shakllantirilgan. Ehsonimizning ana shu muhtoj insonlar qo‘liga borib tushishi esa, o‘sha insonlarning dilini ravshanlashtiradi, mushkulini oson qiladi, hayotga, yashashga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi.

Muborak Ramazon oyi barcha yurtdoshlarimizga xayrli va barokatli bo‘lsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin.

  N.Temirova - O‘MI viloyat vakili xotin qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 


Kiritilgan vaqti: 15/05/2020 10:49;   Ko‘rilganligi: 25
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ramazonning-savobi-cheksiz
Chop etilgan vaqti: 30/05/2020 17:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing