O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi

 
 

Saudiya elektron universitetida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlar universitet binosini ko‘zdan kechirib, talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va Saudiya elektron universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bu o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari nufuzli xorijiy elektron universitetning «Internet orqali arab tilini o‘rganish» dasturidan foydalanish, arab tilini chuqurroq egallashiga imkoniyat yaratadi.

– Internet orqali arab tili dasturi o‘zga tilda so‘zlashuvchilarning arab tilini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga mo‘ljallangan bo‘lib, arab tili o‘rganishni hech qanday zamon va geografik makonga bog‘lamagan holda tashkil qilish imkoniyatini yaratadi, –deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Sharq tillari kafedrasi dotsenti Murtazo Saydumarov. – Ushbu tizim ko‘p sonli talabalar uchun ta'lim xarajatlarini tejash imkoniyatini beradi.

Uchrashuvda Elektron universitetning xizmatlaridan foydalanishni ko‘zda tutuvchi tizim qulayliklari va talabalar uchun imkoniyatlari haqida Saudiya elektron universiteti rektori, doktor Laylak bint Ahmad as-Safadiy batafsil ma'lumot berdi.

Saudiya elektron universiteti Saudiya Arbistonida 2011 yili ta'sis etilgan davlat oliy ta'lim muassasasi hisoblanib, u masofadan ta'lim olishni va uzluksiz ta'limni birinchi bo‘lib yo‘lga qo‘ygan. Universitet bakalavr, magistrlik va doktorlik darajalarini berish bilan birga uzluksiz ta'lim bo‘yicha kurslar tashkil qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 15/09/2020 09:25;   Ko‘rilganligi: 754
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ozbekiston-va-saudiya-arabistoni-oliy-oquv-yurtlari-ortasida-hamkorlik-shartnomasi-imzolandi
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 18:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing