O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Olimlarni obro‘sizlantirish rejalashtirilgan holda amalga oshirilmoqda

 
 

Oxirgi paytlarda ahli ilmlarni obro‘sizlantirishga har tarafdan turli ko‘rinishdagi urinishlar avj oldi. Bu holat butun dunyo bo‘ylab kuzatilmoqda. Bu holat arab olamida ham bor. Aftidan, bu ish atayin, rejali qilinayotir. Axborot urushi ichida bunday rejani amalga oshirish ancha oson kechmoqda. Kishilar o‘zlari bilgan-bilmagan holatda ushbu noxush ishga aralashib qolmoqda. Eng xatarlisi – bu harakat ko‘pincha haqiqat himoyasi da'vosi ostida olib borilayotgan bo‘lsa-da, aslida boshqa maqsadlarga yetaklab ketmoqda. Bu holat, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda juda ham ommalashdi. Shu bois mana shu mavzuda ayrim mulohazalarni siz bilan baham ko‘rgim keldi.

«Yana o‘sha gap ekan-da, o‘zlarini o‘zlari himoya qilaverishadi, oqlayverishadi», «Saroy mullalari shunaqa, allachi», kabi gaplarni aytishga shoshilmang! Bu satrlarni muallif ko‘p mulohaza va kuzatuvlardan keyin yozmoqda va barchasini chin ko‘ngildan, samimiy qalb ila, yaxshi maqsadda yozmoqda. Nojo‘ya g‘araz yo‘q, buyurtma yo‘q va biror ma'lum hodisaga qaydlanmagan, umumiy holat taqozosida yozilmoqda.

Ko‘pchilik odamlar ahli ilmlarni, imom-domlalarni tanqid qilishda, ularni qoralashda faqat tanganing bir tarafiga, yuzasiga qarab gapirmoqda. Aslida esa tanganing boshqa tarafi ham bor. Men bu yerda tanganing ana o‘sha, ko‘pchilik ko‘rmay qolayotgan orqa tarafiga e'tiborni qaratmoqchiman. Shu bois hamma gapirib turgan jihatlarga ko‘p ham to‘xtalmoqchi emasman.

Tarixga bir nazar

Ulamolarni va domlalarni yomon ko‘rish, obro‘sizlantirish aslida din dushmanlarining va so‘ngi asrlarda xossatan dahriylarning bosh g‘oyasi bo‘lgan. Sahobai kiromlarning xalqlar qoshidagi obro‘lari, yetakchiliklariga hasad qilgan munofiqlar va ularga ergashgan adashgan toifalar sahobalarning obro‘sini to‘kishga qattiq harakat qilishgan, oralarida nizo chiqarishgacha yetib borishgan edi. Ular hatto Usmon, Ibn Abbos, Zayd ibn Sobit, Aliy roziyallohu anhumdek buyuk sahobalarni ham mensishmagan va birini taqvosizlikda, adolatsizlikda, boshqasini ilmsizlikda ayblab, obro‘larini to‘kib, hatto jonlariga qasd etishgacha jur'at qilishgan.

Dahriylik tuzumi davrida avvaliga ahli ilmlarni, ulamolarni turli ayblar bilan yomonotliq qilib borib, so‘ng birdan ularni haqsiz deb e'lon etib, qatag‘on qilishdi. Omma xalq deyarli tomoshabin bo‘ldi. Xudosizlar bu bilan ham tinchishmadi, u yer-bu yerda qolgan sanoqli ahli ilmlarni ham tinimsiz ta'qib qilib borishdi, domlalarni mazax qilish ularning eng sevimli ishiga aylandi. Tashviqot shu darajaga yetdiki, domlalarning farzandlari o‘z otalaridan, otinoyi onalaridan nafratlanadigan, or qiladigan bo‘lib qoldi. Eng alam qiladigan joyi – ahli ilmlarni ta'qib qilayotganlar ham, qatag‘on qilayotganlar ham begonalar emas edi, shu yurt farzandlari edi. Iningning orqadan urgan pichog‘ining zarbi tanangdan oldin yuragingga yetadi.

Yurtimiz ulamolari ana shunday mudhish davrlarni boshdan o‘tkazsalar-da, o‘z e'tiqodlariga sodiq yashab o‘tdilar va qochib, berkinib bo‘lsa ham, imkon qadar kelajak avlodga din-diyonatdan, axloq-odobdan ta'lim berdilar, o‘zlikni asrash uchun bor kuchlari bilan kurashdilar. Nihoyat, kutilgan kunlar ham keldi, xalqqa e'tiqod erkinligi berildi. Biroq, bu davr alg‘ov-dalg‘ovlarga to‘la bo‘lib, ko‘p o‘tmay ilm ahli boshiga yana har turli sinovlar tusha boshladi.

Ochig‘ini aytganda, din peshvolariga, olimlariga nisbatan ta'qib va tazyiqlarning, sinovlarning yuzdan biri boshqa biror soha vakillarining boshiga tushganida o‘sha soha allaqachon tag-tugi bilan yo‘q bo‘lib, yer yuzidan supurilib ketgan bo‘lar edi. Ammo Alloh taolo O‘z dinini saqlashni va'da qilgani uchun, bu dinning buyukligi, hududlarni emas, qalblarni zabt etgani sababli va Parvardigor O‘zi hidoyat in'om etgan muxlis zotlarning fidokorona xizmatlari evaziga Islom ilmlari qayta jonlanib, ahli ilmlar silsilasi uzilmay davom etib kelmoqda.

Voqelik

O‘tgan sal kam bir asrlik davrni oladigan bo‘lsak, ahli ilmlarga nisbatan qanchalar ayovsiz qatag‘onlar, tuhmatlar bo‘lmadi deysiz. Bu, albatta, ularning ruhiyatida o‘ziga yarasha iz qoldirishi tabiiy edi. Ulardagi ayrim doiralarga nisbatan ishonchsizlik, ba'zan o‘ta ehtiyotkorlikning asl ildizi ham shunga borib taqaladi.

Tan olishimiz kerak, biz mazkur sinovlar paytida ahli ilmlarni yetarlicha himoya qila olmadik, ularga tirgak bo‘lishga yaramadik. Bir-ikkita fidokor odamlar kimlar uchundir nimadir xizmatlar qilgan bo‘lishi mumkin, ammo ommaviy ravishda olganimizda, biz o‘z qahramonlarimizni ko‘pincha himoyasiz qoldirib keldik. Juda himmat qilganimizda, haqlariga duo qila oldik, xolos. Aksar holatlarda esa vafo o‘rniga jafo qildik. Ba'zan aybni ularning o‘zlariga to‘nkadik, «Ehtiyotkorlik qilmagan-da» deb, o‘zimizni siyladik. Ba'zan esa «Bir nimasi bordirki, shunday bo‘lgan» deb, turli gumonlarga bordik, hatto ulardan yuz o‘girdik. Kechagina bizga peshvo bo‘lib turgan bir ahli ilm haqida kimlardir ig‘vo tarqatsa, surishtirib ham o‘tirmay, o‘sha tuhmatni mish-mish qilib ko‘tarib yurdik. Birorta ahli ilm ta'qib qilinayotgani haqida gumonga tushsak, undan o‘zimizni olib qochdik. Kecha u bilan qadrdonligimizni aytib, har joyda og‘iz to‘ldirib faxrlanayotgan bo‘lsak, bugun uning o‘zini ko‘rsak ham xuddi tanimagandek, o‘girilib o‘tib ketadigan bo‘lib oldik. Farzandlarimizga nimanidir o‘rgataman deb uringan ustozning boshiga sinov kelganda ko‘pincha faqat o‘zimizning tinchligimiz, mol-pulimizni asrash g‘amiga tushib qoldik, «menga tegishmasa bo‘ldi, boshqasi bilan ishim yo‘q» qabilida ish tutdik. «Bu yo‘lni o‘zi tanlagandan keyin, boshga tushganiga chidaydi-da», deya beandishalik bilan tag‘oful qildik. Vaqti kelsa, o‘zi bir tarafdan zulm ko‘rib, tashvishda turgan ustozga boshqa tarafdan zarba berishga ham jur'at qildik. Xullas, vafo qilganlarimiz juda ham kam bo‘ldi.

Bu gaplarni men shunchaki taxmin bilan yozayotganim yo‘q, balki bir qanchasini boshdan o‘tkazgan, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan tirik guvoh sifatida aytmoqdaman. Shu bilan birga, bu bilan kimnidir yoki, Alloh asrasin, butun xalqni ayblamoqchi ham emasman. Hammamiz ham bandamiz, ojizmiz. Faqat aytmoqchimanki, holimiz shunday bo‘lgach, ulamolardan talabni ham shunga yarasha qilishimiz kerak, shunisi insofdan bo‘ladi. Boshqacharoq qilib aytganda, hamma narsa o‘zimizga yarasha bo‘lishini tushunishimiz kerak.

Bir bo‘lgan voqeani aytib bersam. Bir imomga qavmdagi «mard»lardan biri: «Domla, Rasululloh haqni baralla aytganlar, hech narsadan qo‘rqmaganlar. Nega siz haqni aytmay, qo‘rqasiz?» debdi. Shunda haligi imom: «Bo‘tam! Nabiy sollallohu alayhi vasallam haqni aytganlarida yonlarida u zot uchun jonini ham ayamaydigan, o‘q kelsa ko‘ksini, qilich tushsa qo‘lini qo‘yib turadigan sahobalar bor edi. Mayli, men sen aytgandek bo‘lay, sen ham sahobalardek yonimda turib bera olasanmi?» degan ekan. Bu javob qanchalik o‘rinli ekani boshqa masala, ammo unda jon borligi aniq.

Ahli ilmlarga nima bo‘lgan?

Bugungi kunda ahli ilmlar va domlalarga qo‘yilayotgan asosiy ayb – haqni gapirmaslik, qo‘rqoqlikdir. Bu da'vo qaysidir ma'noda to‘g‘ri. Ular ba'zan biz kutgan haq gapni aytmay qolayotgan, biz kutgan munosabatni qilmayotgan bo‘lishlari mumkin. Biroq, bu holatni mutlaq ravishda qoralab bo‘lmaydi, chunki avvalo bunda vaziyatni atroflicha aniqlash kerak, qolaversa, buni baholash hammaning ham ishi emas. Shu bilan birga, bu degani ular Islomga hech qanday xizmat qilmayapti, dinni buzyapti degani ham emas. Qani endi ular biz kutgandek shijoat va g‘ayrat ko‘rsatishsa, deymiz. Biroq o‘zimiz ularning o‘rnida bo‘lsak shunday qila olarmidik? Buni ham xolis o‘ylab qo‘yishimiz kerak. Har kim o‘zining shaxsiy vaziyatini o‘zi biladi. Birovni malomat qilishdan oldin o‘z holimizga ham boqib qo‘yishimiz kerak.

Aslida holat biz o‘ylagandan boshqacha bo‘lishi ehtimoli ko‘proq. Ahli ilmlar biz bilmagan narsalarni bilishi, biz hisobga olmayotgan jabhalarni ham inobatga olayotgan bo‘lishi, ba'zan keskinlik suvni battar loyqalatishidan qo‘rqishlari, vaziyatni o‘nglash uchun sukutni ko‘proq munosib ko‘rayotgan bo‘lishlari va shu kabi boshqa holatlar bo‘lishi mumkin. Ular jamiyatning barcha tabaqalari bilan muloqotda bo‘lganlari uchun ko‘pchilik ko‘rmaydigan, his etmaydigan jihatlarni anglaydilar, ular bilan hisoblashadilar va bunga majburlar. Ayrim dindorlarimiz esa faqat o‘z atrofini ko‘radi, shundan xulosa chiqaradi, boshqa taraflar bilan umuman ishi yo‘q, o‘z qobig‘iga o‘ralashib qolgan. Imom-domlalar esa odatda bu ma'noda kengroq tushunchaga ega bo‘ladilar va bu borada ularda ancha yillik tajribalar ham bor..

Bu bilan men ularning barcha tasarruflarini oqlamoqchi emasman. Balki ularni tushunishimiz, ularga samimiy nosih – xayrixoh nasihatgo‘y bo‘lishimiz, qo‘limizdan kelsa, tirgak bo‘lishimiz lozim, demoqchiman.

Bilishimiz lozim bo‘lgan haqiqatlar

Ahli ilmlarimiz haqida bir qancha haqiqatlar borki, ularni e'tirof etish insofdandir.

* Ahli ilmlar, imom-domlalar aslida dinga, ilmga muhabbati bo‘lganidan shu yo‘lni tanlashgan. Bu bor haqiqat. Masalan, men ayni paytda tijorat yoki mansab ilinjida yoxud dinni buzish uchun ilm o‘rgangan odamni bilmayman. Chunki mazkur maqsadlar uchun boshqa ko‘plab tinch, xatarsiz sohalar bor, har qanday aqlli odam tanlov paytida o‘shalarni tanlaydi. To‘g‘ri, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, bitta-yarimta betayin kishilar bo‘lishi, yarim yo‘lda aynib qolishi mumkin, lekin bu bilan barcha ahli ilmlarga baho berilmaydi, hammani yaksar qoralanmaydi.

* Imom-domlalar odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi kishilardir. Ularning o‘z vazifasida faol bo‘lmagani ham odamlarga qaysidir darajada yaxshilik o‘rgatadi, ezgulikka chaqiradi, har holda yomonlikka da'vat emaydi. Hadisi sharifda «Yaxshilik muallimlari uchun suvdagi baliqlar ham mag‘firat so‘rab turadi», deyilgan. Biz bundan ibrat olishimiz kerak.

* Ahli ilmlarimizning barchasi dinga xayrixoh kishilar, shariatning ravnaqini kerak bo‘lsa boshqalardan ko‘ra ko‘proq istashadi. O‘zim kuzatdim, ko‘pchilikning nazdida eng taqvosiz imom bo‘lib turgan kishi ham dinning ravnaqidan aslida xursand bo‘lmoqda. Yurtimizdagi juda ko‘p ahli ilmlarni taniyman, lekin dinning ravnaqini xohlamaydigan yoki musulmonlarga yomonlik istaydigan birorta ham ahli ilmni shaxsan bilmayman. Qarash yoki yondashuvlari boshqacha bo‘lishi mumkin, ammo umuman olganda dinga xayrixohliklariga shubha qilmasa bo‘ladi. Faqat dunyoqarashdagi nuqsonlar, o‘ta xavfsirash kabi illatlar ko‘p xatolarga sabab bo‘ladi. Shuningdek, qalb fiqhidan g‘ofil ayrim kishilarni shaxsiy g‘arazlar chalg‘itishi ham uchrab qolishi mumkin.

* Aslida ko‘pchiligimizning hidoyatga yurishimizga, oilalarimizga din-diyonat kirib borishiga shu ahli ilmlar sabab bo‘lgan. Shunday emasmi? Hozirda o‘zini hammadan taqvodor deb bilayotganlarimizning aksari ham aslida shu domlalardan nimadir nasihat tinglab, insofga kelgan, ibodatga kirgan. Buni unutmaslik kerak.

* Domlalar biz kutgan ayrim haqiqatlarni baralla aytmayotgan bo‘lsa, bu ular bu masalani aslo o‘ylamaydi, haqiqatni gapirmaydi degani emas. Balki kerakli o‘rinlarda gapirishayotgandir, ammo biz bilmayotgandirmiz? Ular o‘z yo‘llari bilan buning g‘amini yeyayotgan bo‘lishlari mumkin. Ammo buni hammaga e'lon qilib, maqtanilmaydi.

* Ular dinimizdagi ayrim hukmlarni ommaga ayta olmayotgan bo‘lsa, boshqa o‘nlab, yuzlab ahkomlarni yetkazishmoqda. Agar har birimiz o‘zimizning dinga qilayotgan xizmatimizni ularning faoliyatiga taqqoslasak, uyalib qolishimiz ham hech gapmas. Boshqani ayblashdan oldin «Din uchun men o‘zim nima qildim?» degan savolni o‘zimizga berib ko‘rishimiz kerak. Zero, aslida dinga xizmat qilish har bir musulmonning vazifasidir. Buni ham inobatga olishimiz kerak.

Bir kuni «Hazrati imom» masjidi oldida tursam, bir notanish yigit ko‘zlari qizargan, yuzlari bo‘zargan holda kelib, so‘rashib‑so‘rashmay 9‑sinfda o‘qiydigan singlisining maktabga qanday usti‑boshda borishi masalasida tashvishdaligini aytib, kuyinib gaprib qoldi. U ham ko‘pchilik qatori gapni domlalarga ta'na qilishdan boshladi: «Falonchi domla undoq demadi‑da, pistonchi imom bunday qilishi kerak edi‑da», deb yozg‘irdi. Men unga: «Xo‘p, o‘sha domlalar siz kutgan gapni gapirishmabdi, siz aytgan ishni qilishmabdi. Mayli, o‘zlari biladi, o‘zlari javob beradi. Xo‘sh, siz o‘zingiz shu maqsadingiz yo‘lida amalda nima ish qildingiz?» dedim. Haligi yigit gapi chaynalib, aljirab qoldi. Men unga: «Ukam, ko‘rdingizmi, ayblash oson, ammo amaliy harakat qiyin. Siz o‘zingizni ehtiyotlaysiz‑u, nega domlani o‘ylamaysiz? Odam o‘z haqqini o‘zi talab qilishga o‘rganishi kerak», dedim.

* Ahli ilmlarning xalqni to‘g‘ri yo‘lga yetaklashda, qalblarni dinga moyil qilishda ko‘z ilg‘amas xizmatlari ham talaygina. Buning tafsilotlarini aytishga imkon yo‘q. Umuman olganda, din-diyonat masalasida juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlardan xursand bo‘lamiz, ammo bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘lmasligini, bizning g‘iybat-shikoyatimiz bilan bitmaganini hech o‘ylab ko‘rmaymiz.

* Ba'zan shunday vaziyatlar bo‘ladiki, ma'lum bir mavzuda minbardan turib gapirish yaxshilik keltirmaydi, ammo uni pastda turib gapirsa bo‘laveradi. Bu gapda shaxsiy manfaat emas, umumiy manfaat nazarda tutilayotganini unutmaslik kerak. Binobarin, siz bozorda aytayotgan gapni imom minbarda turib aytishi shart emas.

* Bugungi kunda ahli ilmlarga eng ko‘p ta'na keltirayotgan mavzu ro‘mol masalasi desak xato bo‘lmaydi. Zohiran olib qaraganda, ular bunga beparvodek ko‘rinadi. Ammo aslida esa unday emas. Men o‘zim ahli-ayoli ro‘mol o‘ramaydigan, voyaga yetgan qizlari satri avratda yurmaydigan birorta ham tayinli ahli ilmni bilmayman. Qaysidir chekka qishloqda agar ikkita ro‘molli ayol bo‘lsa, bittasi o‘sha yerdagi imom-domlaning xotini bo‘ladi. Endi o‘ylab ko‘ring, o‘z ahli-oilasini satri avratda ushlab turgan qaysi domla ularning boshidan ro‘moli tortib olinishini istaydi? Qanday qilib ular o‘z oilalarida joriy qilgan ushbu o‘zlikni asrashni xohlamasliklari mumkin?

* «Domla ro‘molning farzligini bilib turib aytmayapti», deymiz. Aslida satri avrat masalasini ham ko‘pchiligimizga shu ahli ilmlar uqtirgan. Ular bu borada yaxshigina xizmat qilishgan, shaxsiy namuna ko‘rsatishgan. Bugun agar bu hukmni baralla aytishmayotgan bo‘lsa, buning sababini mulohaza qilishimiz kerak, o‘rni kelganda, ma'zur tuta bilishimiz kerak. Qolaversa, hukmni bilib turib, hadeb ulardan bu haqda fatvo so‘rayverish ham o‘rinsiz.

* Ustozimiz shayx hazratlaridan biror masala so‘rab, «Shu haqda fikringiz qanday?» deyishsa, «Mening fikrimni nima qilasiz? Shariatda buning hukmi qanday deb so‘rang, shu to‘g‘ri bo‘ladi», der edilar. Xuddi shu kabi, shariatda farzligi Qur'onu Sunnat bilan sobit bo‘lgan amal haqida domla odam nima deyishi mumkin? Satri avrat farzligida ixtilof yo‘q, bo‘lishi mumkin ham emas. Buni hamma biladi. Buyog‘iga har kim o‘zi bilib amal qilishi kerak, harakat qilishi kerak.

* Ahli ilmlar, imom-domlalar ko‘rinishdayoq kishilarga Islomni eslatgani uchun ham ular xususida so‘z aytishda ehtiyot bo‘lish darkor. Chunki ularga ana o‘sha vaziyatda ta'na yetkazish dinga qaratilgan tajovuz bo‘lib qolishi, Islomga zarar berishi mumkin. Bu esa og‘ir gunoh, hatto iymonga xatarli holatdir. Zotan, bu Islom shiorlarini behurmat qilish ostiga kirib qoladi.

* Domlalar ham bizga o‘xshagan odam, o‘zimizning aka-ukalarimiz, farzandlarimiz, qo‘ni-qo‘shni, yoru og‘aynilarimiz. Shuning uchun ularni qandaydir bir alohida toifa deb fahmlab olmaslik kerak. Bunday qarash dahriylikning sarqitidir.

Ba'zan ana o‘sha mafkuraning ta'sirida ayrim kishilar ijtimoiy tarmoqlarda jamiyatdagi qandaydir muammo haqida gapirgan domlaning og‘zini yopishga urinishadi, go‘yo ahli ilmlar bu jamiyatning vakillari emasdek. Bu ham xato tushuncha.

* Ahli ilm, imom-domlalar ham inson, odam bolasi, ular ham sizu bizga o‘xshab xato qiladi, toyiladi, ba'zan biror ishni qilishdan ojiz bo‘lib qoladi. Binobarin, ularda ayrim kamchiliklarni ko‘rganda buning uzrini topishga harakat qilishimiz, imkon qadar yaxshi gumonda bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir.

* Ahli ilmlar, imomlar ham musulmon, ularning ham obro‘si, sha'niga tajovuz qilish xuddi ularning joniga tajovuz qilish kabi haromdir. Ularni g‘iybat qilish, ularga tuhmat qilish ham og‘ir gunoh sanaladi. Shuningdek, ba'zi fosiqlarning ular haqida aytgan xabarlariga darrov ishonib ketavermaslik kerak.

* Imom-domlalarning ko‘pchiligi hurmatga, ehtiromga loyiq insonlar, chunki ular qaysidir darajada dinga, xalqqa xizmat qilmoqda. Din g‘ami da'vosida ularni behurmat qilishdan ko‘ra qasddan dinga qarshi ish qilayotganlarni tartibga chaqirishimiz o‘rinli bo‘ladi. Ammo kuchi yetganni qopib, kuchimiz yetmaganning oldida dum qisish musulmon odamga yarashmaydi.

* Ahli ilmlar, imom-domlalar ko‘pchiligimizga ustoz. Har birimiz ham ulardan nimadir o‘rganganmiz, ortlarida turib namoz o‘qiymiz, yaxshi-yomon kunimizda ko‘pchiligimizga asqotishadi. Shunday ekan, munofiqning ishini qilmaylik!

* Ahli ilmlardek jamiyatning barcha qatlamlariga ta'sir o‘tkazadigan, beminnat xizmat qiladigan boshqa biror soha vakili yo‘q bo‘lsa kerak. Ahli ilmlarchalik xalqqa xolis xizmat ko‘rsatadigan boshqa biror toifa ham yo‘q bo‘lsa kerak. Ahli ilmlarchalik o‘zbek xalqining o‘zligini asrashga intilayotgan biror qatlam yo‘q.

* Bir-ikkita qattiqroq gapni gapirib qo‘ygan odam haqgo‘y bo‘lib, to‘g‘ri yo‘ldagi, din g‘amidagi kishi bo‘lib qolavermaydi. Xuddi shuningdek, ayrim haq gaplarni baralla aytishdan ojiz bo‘lgan odam butkul adashgan, fosiq hisoblanavermaydi. Buning uchun voqelikni atroflicha anglash, fiqhiy taammulga suyanish lozim. Qolaversa, ba'zan haqni aytish dinga zarar bo‘lishi yoki foydasidan zarari ko‘p bo‘lishi ham mumkin.

* Dunyoning bir burchagida turib olib, boshqa bir joydagi siyosatni tanqid qilgan bilan kishi mard, jasur bo‘lib qolmaydi. E'tibor berilsa, ana shunday og‘zi polvonlar o‘zlari yashab turgan yurtdagi siyosatni hech tanqid qila olmaydi, aksincha, ularni to‘g‘ri tushunishga harakat qiladi. «Ishtoni yo‘q tizzasi yirtiqqa kulibdi», qabilida ish qilish o‘zini bilgan odam uchun sharmandalikdir. Qolaversa, vatanni obod qilishni, xalqni isloh qilishn o‘ylagan odam ular bilan birga bo‘ladi, qozonda birga qaynaydi.

* Ahli ilmlarni yomonotliq qilishga urinish dahriylarning, din dushmanlarining eng sevimli ishlaridan hisoblanadi. Mo‘min kishi ularga ko‘mak berib qo‘ymasligi kerak. Odamlarni dindan sovutish, ilmdan qaytarish, ularni bebosh qilish, turli buzuq mafkuralarga ilintirish uchun eng avval qilinadigan ishlardan biri – ahli ilmlarni obro‘sizlantirishdir. O‘tgan asrning birinchi yarmida ham xuddi shu yo‘l bilan odamlar dinsizlashtirilgan, komunistik g‘oyaga ergashtirilgan. Bugun ham o‘zlarining turli buzg‘unchi g‘oyalariga odamlarni ergashtirmoqchi bo‘layotganlar aynan ahli ilmlarning obro‘sini to‘kishni o‘zlariga kasb qilib olishgan. Musulmon odam bunday qabih o‘yinlarga aldanib qolmasligi lozim.

Nima qilishimiz kerak?

Yuqoridagi satrlar aytmoqchi bo‘lgan gaplarimizga go‘yo kirish, asos edi. Endi maqsadga o‘tsak.

Mo‘min kishi har bir ishida Allohning ko‘rsatmalariga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishi kerak. Musulmonning ustunligi ham shunda. U g‘azablanganda ham, xursand bo‘lganda ham, kenglikda ham, tanglikda ham, hatto dushman bilan jang qilganda ham, dinining dushmaniga ro‘para kelganda ham Alloh va Rasulining ko‘rsatmasiga ko‘ra adolat ila ish tutadi. Binobarin, musulmon shaxs ahli ilmlar bilan muomalada ham o‘z didi, xohishi bilan emas, ko‘ngliga kelgan fikrlar bilan emas, balki Allohning shariatiga muvofiq ish tutishi darkor. Ana shunda Alloh undan rozi bo‘ladi va u o‘zi uchun ham, dini uchun ham, boshqa insonlar uchun ham manfaatli ish qilgan bo‘ladi. Ana shundagina u chin ma'noda, nafsi havosidan xoli holda dinning tashvishi uchun harakatlangan bo‘ladi va qilgan amali dunyoyu oxiratda samara beradi, Parvardigorimizning huzurida xijolat bo‘lib qolmaydi. Zotan, shariat faqat adolat va insofga chorlaydi.

Xo‘sh, shariat ko‘rsatmalariga ko‘ra biz bugungi kunda ahli ilmlarga, imom xatiblarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak? Bu borada nima qilishimiz darkor? Quyida ushbu savollarga qo‘ldan kelgancha va qisqacha javob berishga harakat qilamiz.

– Avvalo, har bir inson haqida, har bir hodisa haqida faqat yaxshi gumon qilishga o‘rganishimiz kerak. Xususan, ahli ilmlar haqida, o‘zimiz orqasida namoz o‘qib turgan imom xususida imkon qadar yaxshi gumonda bo‘lsak, keyin nadomat qilmaymiz. Afsuski, bizda holat aksincha. Bir musulmon haqida avval ming xil yomon gumonlarni qilamiz-da, keyin taxminlarimiz o‘zini oqlamagach, noiloj yaxshi gumon qilishga o‘tamiz.

Salafi solihlardan biri aytadi: «Agar bir mo‘min do‘stim toqqa chiqib olib, «Men oliy Robbingizman!» desa, men uni Nozi'ot surasidan tilovat qilyapti deb gumon qilaman» (Nozi'ot surasida Fir'avnning ushbu so‘zi keltirilgan.)

– Birorta ahli ilmda qandaydir kamchilik ko‘rsangiz, avvalo o‘sha ishning shariatdagi bahosini aniq bilib, keyin xulosa chiqarish kerak. Bir imomning didingizga yoqmagan, shaxsan sizga karih ko‘ringan ishi aslida shariatda gunoh bo‘lmasligi ham mumkin. Misol uchun, bir domla: «Davlat rahbariga shukr keltirish kerak», dedi. Ayrim odamlar uni shosha-pisha shirkda, kufrda aybladi. Birortasi o‘ylamaydiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim odamlarga shukr keltirmasa, Allohga shukr keltirmabdi», deganlar.

– Bir domlada rostdan ham bir kamchilikni ko‘rib, uni tuzatishga aqlingiz yetsa, uni xoli joyga chaqirib, shaxsan o‘ziga yotig‘i bilan, odob bilan, samimiy nasihat qiling. Odamlar oldida ovoza qilib, ig‘vo tarqatib yurmang.

Imom Shofe'iy aytadilar: «Agar meninga aybimni o‘zimni xoli qilib aytsang, demak menga nasihat qilmoqchi ekansan. Ammo uni odamlar oldida aytadigan bo‘lsang, unda meni sharmanda qilmoqchi bo‘libsan».

Odamlar oldida birovning aybini oshkora aytish shunchalik nomaqbul ish ekan, endi o‘sha aybdorning yo‘g‘ida uning ortidan g‘iybat qilish qanchalik yomon ekanini o‘zingiz bilavering. Bir mo‘minning aybini bir-ikkita odam oldida g‘iybat qilish qanchalar gunoh ekanini bilasiz, endi uni minglab odamlarga namoyish qilishning gunohini o‘zingiz o‘ylab ko‘ring.

– Ahli ilmlarga, imomlarga samimiy xayrixoh bo‘ling. Zero, Islomning mohiyati shunday, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni o‘z hadislarida ta'kidlaganlar.

Tamim ibn Avs Doriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz: «Din samimiy xayrixohlikdir», dedilar. Biz: «Kim uchun?» dedik. U zot: «Alloh uchun, Uning Kitobi uchun, Rasuli uchun hamda musulmonlarning imom-rahbarlari va hammalari uchun», dedilar».

Imom Muslim rivoyati.

Xayrixohlik – pand-nasihat qilish, toyilsa turg‘izish, adashsa shafqat ila yo‘l ko‘rsatish, boshiga ish tushganda dalda bo‘lish, to‘g‘ri yurganida yoniga kirish, qo‘llab-quvvatlash kabi ishlar bilan ro‘yobga chiqadi.

– Ahli ilm odam jur'at qilib, haqni aytsa, siz unga dalda bo‘ling, himoya qilishga urining, unga ko‘maklashing. Aslida din xizmatiga faqat domlalar mas'ul emas, balki har bir musulmon o‘z imkoniyatiga qarab, dinga xizmat qilishi lozim.

– Ularning haqqiga chin dildan duoda bo‘ling, Allohdan ularga hidoyat va sabot so‘rang. Insof bilan o‘ylang, siz birorta ahli ilmning haqqiga sabot so‘rab, namozlar ortidan chin dildan duo qilganmisiz? Ko‘pchiligimiz g‘iybatni do‘ndiramiz, ba'zan mo‘min birodarlarimizning toyilishidan xursand ham bo‘lamiz. Bu ahvolda uning haqqiga qanday qilib chin qalbdan duo qilamiz?

Duoda ish ko‘p, ayniqsa, bu o‘rinda duo o‘ta xolis bo‘ladi, ijobati yaqin bo‘ladi. Ana o‘sha duolardan bittasi qabul bo‘lib qolsa, juda ko‘p yaxshiliklarga sabab bo‘lasiz. Shu bilan birga, ustingizda bir farishta «Senga ham shunday bo‘lsin!» deb turadi. Binobarin, duoning foydasi hammadan ham ko‘ra sizga ko‘proq bo‘ladi.

– Ularga nisbatan samimiy bo‘ling. Musulmon odam barchaga samimiy bo‘lishi kerak. Xususan, din peshvolariga nisbatan samimiylik o‘ta zarur. O‘zini ko‘rganda yetti bukilib, ta'zim qilib, osmonga olib chiqib maqtab, benihoya ixlosu tavoze ko‘rsatib, orqasidan har balo deb yurish musulmonning siyrati emas. Ochig‘ini aytganda, bu munofiqlikdir. Mana shunday nosamimiylik ham ayrim domlalarning to‘g‘ri yo‘ldan toyilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ahli ilmlarning obro‘-mansabi, mol-puli boriga, foydasi tegadiganiga boshqa muomala, nochoriga, sizga moddiy manfaati yo‘g‘iga boshqa muomalada bo‘lish pastkashlikdir, xudbinlikdir.

– Ahli ilmni ilmi uchun, imom-domlani dini uchun hurmat qilish savobli amal ekanini unutmang. Har qanday holatda ham siz ushbu ehtirom uchun niyatga yarasha savob olaverasiz. Ammo hurmatsizlik qilishda hech qanday manfaat bo‘lmaydi.

Ba'zilar ahli ilmlarga qilgan beodobliklarini din g‘amidagi tashabbus deya oqlashga urinadi. Vaholanki dinga o‘sha imomdan ming chandon qattiq zarar berayotgan minglab boshqa toifa insonlar bor, ammo ular bilan umuman ishimiz yo‘q. Aksincha, ularning ichidagi qo‘lida quvvati borlari oldida g‘ing deya olmay qolamiz. Bu ham mazkur da'voning qanchalar puchligini ko‘rsatadi.

– Ayrim kimsalar obro‘li kishilarni behurmat qilish orqali obro‘ orttirishga urinadi. Bu ham nafsdagi kasallik bo‘lib, ko‘pincha hasaddan ham kelib chiqadi. Imomlarga qaratilgan tanqidda ana o‘sha shaytoniy qutqu turtki bo‘lishi ham ko‘p uchraydi. Mo‘min banda bunga hushyor bo‘lishi kerak.

– Nima uchun ko‘pchilik aynan imomlarning kichik bir xatosini topib olib, ayyuhannos soladi-yu, boshqa odamlarning katta-katta gunohlari haqida indamaydi? Buning bir qancha sabablari bor. Avvalo, bo‘tana suvda tezak oqib kelayotgan bo‘lsa ham ko‘rinmasligi mumkin, ammo bir chelak sutga bir dona qil tushsa ham yaqqol ko‘rinadi. Ya'ni dinsiz, ilmsiz, ibodatsiz odamning katta-katta gunohlari hech kimning ko‘ziga ko‘rinmaydi, ammo imom-domlaning salgina xatosi ham darrov ovoza bo‘lib ketadi. Bu esa dindor bo‘lishning, imom bo‘lishning mas'uliyati naqadar katta ekanini ko‘rsatadi. Nachora, odamlarga Alloh taoloning dinini yetkazish mas'uliyatini zimmaga olishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu ulug‘ vazifa – payg‘ambarlarning,  ulardan keyin esa ularning vorislari bo‘lmish ahli ilmlarning vazifasidir. Bunday zotlarning har bir ishi, har bir so‘zi odamlarning doimiy nazari ostida bo‘ladi, shuning uchun ularning kichik insoniy xatosi ham odamlarning ko‘ziga katta narsa bo‘lib ko‘rinadi. Biroq, shu o‘rinda o‘ta nozik, ammo muhim nuqta bor – imom-domladan komil (ideal) inson bo‘lishni, sal qolsa farishtadek begunoh bo‘lishni talab qilayotganlar imom ana shunday bo‘lishi kerakligini bilishar ekan, unda nima uchun qolgan musulmonlar ham shunday bo‘lishi kerakligini tan olishmaydi? Alloh taolo shariatning buyruqlarini faqat imom-domlalarga yuklamagan‑ku! Yoki qolganlar nima qilsa qilib yuraverishi kerakmi? Siz imomdan talab qilayotgan ideal fe'l-atvor aslida har bir musulmonda bo‘lishi kerak, jumladan sizda ham. Alloh taolo Qur'onda «Ey iymon keltirganlar, nima uchun o‘zingiz qilmayotgan ishlarni gapirasiz?» deb tanbeh beradi. E'tibor beraylik, oyatda «ey imomlar, ey ahli ilmlar» emas, «ey iymon keltirganlar» deb o‘zini mo‘min sanaydigan har bir insonga murojaat qilinmoqda. Agar siz o‘zingizni iymonli sanasangiz, imomdan talab qilayotgan fe'l-atvorni o‘zingiz ham qoyillatib qo‘ying. O‘zingizda ham nuqson bormi, boshqalarni ham tushunishga o‘rganing. Har qalay, namozni boshlaganida kirill yozuvida yozib olib, ostin‑ustin qilib yodlab olgan o‘nta surasi shuncha yildan beri o‘n bitta bo‘lmagan, haligacha birgina janoza namozidagi duolarni yodlay olmagan odam Qur'onning hammasini yoki bir qismini yod olgan, bag‘rini zaxga berib ilm tahsil qilgan imomni xatokorlikda ayblashdan oldin o‘z holiga bir qarab qo‘yishi kerak.

– Birovlarning aybini poylab o‘tiruvchi bo‘lmang. Hozirgi kunda shunday tabiatdagi kishilar ko‘payib qolgan. Bundaylar domlalarning biror ayb ish qilishini kutib turadi. Bilib qo‘yish kerakki, Alloh bandalarining aybini titikilagan kishining o‘zini sharmanda qilib qo‘yadi.

– Din dushmanlariga ko‘mak bermang. Ahli ilmlarga adovat qilish, ularni yomon ko‘rish doimo dahriylarning, munofiqlarning ishi bo‘lib kelgan. Kimningdir bitta aybidan g‘azablanib, barcha musulmonlarga, din ahliga, ulamolarga zarar keltirib qo‘yish mumkin.

– Ba'zi ahli ilmlarning qaddi bukilishiga, jasorati sinishiga moddiy yetishmovchilik ham sabab bo‘ladi. Ba'zan ilm olish, xalq koriga yarash bilan band bo‘lib, oila uchun yetarli ta'minot qila olmagan bo‘ladi. Bu esa uning butun hayotiga ta'sir qiladi. Qo‘lingizdan kelsa, ana shunday muxlis tolibi ilmlarga, olimlarga moddiy ko‘mak berib boring va bunda xolis bo‘ling, minnat qilmang, xo‘jayin chiqmang. Mana shunisi isnofdan bo‘ladi.

– Qo‘lingizdan kelganicha olimlarni himoya qilavering, kam bo‘lmaysiz. Ayniqsa, jamiyatdagi yetakchi kishilar, katta yoshdagilar bunda bosh bo‘lishi kerak.

Hech esimdan chiqmaydi, bir yig‘inda bir yoshi kattaroq odam shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhga shikoyatomuz ohangda: «Taqsir, bu domlalarga bir nasihat qilib, ularni tartibga chaqirib qo‘ysangiz bo‘lar ekan», deb qoldi. Shunda hazrat u odamga o‘ta qattiq ohangda, juda ham jiddiy nigoh ila, keskin javob berdilar: «Siz kimsiz? Siz chizib bersangiz, domlalar o‘shanga qarab yurishi kerakmi? Yo‘q, domlalar chizib beradi, siz o‘shanga qarab yurasiz. Ahli ilmlar sizdan yaxshi biladi nima qilishni». Haligi odam hazratning javobidan muzlab, qotib qolgan edi o‘shanda. Ana shu tanbeh bilan ko‘pgina fitna gaplarning oldi olingan edi.

Shayx hazratlari o‘z o‘rnida ahli ilmlarga nasihat qilardilar, ularga tanbeh berardilar, ammo buni hammaga ko‘rsatib, eshittirib qilmasdilar.

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, ahli ilmni, din peshvolarini hurmat qilish avvalo o‘zimizga foyda. Bu bilan jamiyatning, xususan, yoshlarning ilmga rag‘bati oshadi, kelajakka ishonchi ortadi. Tajribalardan ma'lumki, ahli ilmlarga muhabbatli kishilarning zurriyotlaridan olimlar chiqadi.

Ilm nisbiydir. Alloh taolo: «Har bir ilmli kishidan ko‘ra bilimdonroq kishi bordir», deydi. Ilmga hurmat avvalo o‘zidan ilmliroq kishiga hurmat bajo keltirish bilan ro‘yobga chiqadi. Shu bilan birga, hayoti ilmga bog‘liq insonni hurmat qilish ham ilmga nisbatan ehtirom bo‘ladi.

Ayrim mutasaddilar rahbarlik kursisidan kelib chiqib, ahli ilmlarni behurmat qilishga o‘rganib qoladi. Bu aslida madaniyatsizlikdir. Yevropa prezidentlari Rim papasining qo‘lini o‘pib, ta'zim bajo keltirishadi. Ruslarda ham davlat arboblari nafaqat nasroniy dini peshvolariga, balki Islom ulamolariga ham o‘ta odob bilan, hurmat bilan munosabatda bo‘lishadi. Umuman olganda, zamonaviy dunyoda barcha xalqlar o‘zining diniy arboblarini, olimlarini hurmat qilish bilan o‘zliklariga bo‘lgan ehtiromni namoyish etishadi. Bu bilan mas'ullarning hurmati tushib qolmaydi, aksincha, ko‘tariladi. Faqat biz musulmonlar bu borada ham boshqalardan ortda qolganmiz.

Ba'zan masjidga rasmiy idoralardan kelgan mas'ullar ichida ayrim «amaldorcha»lar uchrab qoladi. O‘zi qaysidir tashkilotning oddiy bir ishchisi, qo‘pol qilib aytganda, yugirdagi. O‘zini mansabdor fahmlab, masjid xodimlariga, hatto, imomlarga ham past nazar bilan qarab, buyruqbozlik qiladi, salomga alik olgisi kelmaydi. «Hay baraka topgur, amalni qo‘y, o‘tkinchi narsa, inson bo‘lgin», deging keladi.

Ahli ilmlarning obro‘sini to‘kish yaxshilikka olib kelmaydi. Buning diniy jihatdan tashqari ijtimoiy-siyosiy zarari ham juda ko‘p. Muammolarga boshqacharoq yo‘l bilan chora ko‘rish lozim.

Olim va imomlarni hurmat qilishda ahli ilmlar va imom domlalar o‘zlari barchaga namuna bo‘lishlari kerak. Ular birga bo‘lganlarida ham, orqavarotdan ham o‘zaro ishonch va ehtiromda bo‘lishlari darkor. Ularning o‘zaro muomalalarini ko‘rib boshqalar ibrat olsin. Xalq orasida nufuzli kishilarning o‘rtasida eng ko‘p yoyilgan va eng xatarli illat hasaddir. Ahli ilmlar bundan hazir bo‘lishlari, qalbni turli gina‑kuduratdan sof tutishlari, bir‑birlariga samimiyatda, xayrixoh bo‘lishlari lozim. Fazl egasining fazlini e'tirof etishdan qochmaslik, har bir insonning yaxshi xislatini eslash o‘zaro muhabbat va ehtiromning poydevoridir. Kimdir fiqhda, kimdir hadisda ustun. Siz voizlikda ilg‘or bo‘lsangiz, boshqasi qiroatda peshqadam. Buni tan olish insofdir.

Bu bitiklarni o‘qiganda kimdir: «Ahli ilmlar, domlalar ham o‘z maqomiga yarasha bo‘lishi kerak-da. Hadeb ommaga nasihat qilavermay, imomlaringizga ham gapiring», deyishi mumkin. Juda to‘g‘ri gap. Ammo men o‘zimni ahli ilmlarga nasihat qiladigan darajadagi odam deb bilmayman. Ustozlardan nasihat kutib qolamiz. Shunday bo‘lsa-da, shu mavzuda avvalo o‘zimga, qolaversa, boshqalarga ham foydali dil so‘zlarni xatga tushirish niyati yo‘q emas. Alloh O‘zi tavfiq va ilhom bersa, ajab emas.

Alloh taolodan hammalarimiz uchun tavfiqu hidoyat so‘rab qolaman.

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Manba: muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 25/10/2019 17:09;   Ko‘rilganligi: 63
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/actual/olimlarni-obrosizlantirish-rejalashtirilgan-holda-amalga-oshirilmoqda
Chop etilgan vaqti: 13/12/2019 21:44
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing