O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Odob iymon gavhari

 
 

Alloh taologa U Zotning ulug‘ligiga munosib hamdu sanolar bo‘lsin! Nabiylarning afzali Muhammad Mustafoga mukammal va tugal salovatu salomlar bo‘lsin!

Islom odob dinidir. Payg‘ambarimiz alayhissalom eng go‘zal odoblarni yetkazish uchun yuborilganliklarini bayon qilib bunday  dedilar: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: “Men yaxshi axloqlarni kamoliga yetkazish uchun payg‘ambar qilib yuborildim”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Odob so‘zi arabcha «adab» so‘zi bo‘lib, yaxshilikka chaqirishni anglatadi, u «ma'daba» o‘zagidan olingan. Ma'daba esa odamlarni yaxshilikka, ma'naviy ziyofatga chaqirishni anglatadi. Odob ham odamlar doimo da'vat qilinadigan ma'naviy «ma'daba», ya'ni ziyofat bo‘lgani uchun shu nomni olgan. Demak, odob yaxshilik demakdir. «Falon kishi odobli ekan» deyilgani o‘sha odamning yaxshiligi ko‘p ekan, deganidir. «Kiyinish odobi» deganda yaxshilab kiyinish tushuniladi. «Suhbat odobi» deganda suhbatni eng yaxshi saviyada olib borish ko‘zda tutiladi.

Odob so‘ziga bir nechta ta'rif berilgan. Ulardan ba'zilarini keltirib o‘tamiz. Abu Zayd rohmatullohi alayhi: “Odob fazilatlardan biriga eltuvchi yaxshi urunishga ishlatiladigan nom”, degan bo‘lsa, Abu Muhammad o‘z asarida: “Odob odamlarni maqtalgan narsalarga chaqirganligi uchun odob deb nomlangan”, deydi. Yana, odob haqida “Maqtovga sazovor so‘z va amalni ishlatish va rioya qilish odobdir”, “Karamli axloqlarni ushlash odobdir”, “O‘zingdan kattani ulug‘lab, o‘zingdan kichikka mehr ko‘rsatishing odobdir”, deyilgan.

Islom dini har bir ishni mukammal darajada puxtalik bilan bajarishga buyuradi. Shuningdek, dinimiz har bir ishda odob-axloq masalalariga ham katta e'tibor qaratadi.Chunki Alloh taologa qurbat hosil qilishda odobning o‘rni juda muhim. Beodoblik barcha narsani, jumladan, amalni ham, qalbni ham, tilni ham, boshqa barcha urinishlarni ham buzadi. Odobsiz odam biror narsaga erishishi, jamiyatda yaxshi o‘rin topishi mumkin emas. Odobsiz kishi hatto boshqalar bilan aloqasi, munosabatlarini ham yaxshilay olmaydi. Qur'oni karim, Rosululloh sollollohu alayhi vasallamning sunnatlari hamda buyuk ulamoi kiromlarimizning pandu nasihatlari bizni odob va go‘zal xulq bilan ziynatlanishga chaqiradi. Ulamolarimiz butun umrlarini ilm hosil qilishga sarflaganlar. Ular faqat ilm olibgina qolmay, egallagan ilmlarini odob bilan bezaganlar. Hayotlari davomida orttirgan tajriba va ko‘nikmalari bilan barchaga namuna bo‘lib, o‘zlaridan keyin shogirdlariga mana shu odoblarga amal qilishlarini vasiyat qilib ketganlar.

Yaxshi odob aslida nafsning kamolotga yetgani, uning intizomliligi, jilovlangani va yaxshilikda ekanining alomatidir. Aksincha, beodoblik nafsning hali poklanmagani, jilovlanmagani va intizomda emasligi alomatidir.

Shuning uchun ham ota-ona bolalariga doimo odoblarni qunt bilan, zerikmasdan o‘rgatib borishlari lozim. Chunki ota-onaning bolalarga beradigan narsalari ichida eng qimmatlisi  va zaruriysi odobdir. Sa'iyd ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: “Hech bir ota o‘z farzandiga yaxshi odob o‘rgatishdan ortiq hadya qila olmaydi”, - dedilar” (Termiziy rivoyati). Demak, ota–ona o‘z farzandiga beradigan odobdan yaxshi hadya beraolmas ekan. Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: “Kishi farzandini odobli etib tarbiyalashi uning uchun har kuni yarim so' sadaqa qilishidan yaxshiroqdir”, dedilar” (Imom Termiziy va Ahmad rivlyat qilgan). Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: “Farzandlaringizni hurmatlang va ularning odobini go‘zal qiling”, - dedilar” (Ibn Moja rivoyat qilgan).

Umar ibn Hattob roziyallohu anhu: “Avval odob, so‘ng ta'lim beringlar”, - deganlar. Abu Abdulloh Balhiy: “Nafsning odobi ilmning odobidan ko‘proq, ilmning odobi ilmning o‘zidan kattaroq”, deganlar. Abdulloh ibn Muborak aytganlar: “Agar menga, bir kishida avvalgilaru oxirgilarning ilmi bor, deb sifatlashsa-yu, unda odob bo‘lmasa, u bilan uchrashmaganimga afsuslanmayman. Agar bir kishi haqida nafs odobi bor deb eshitsam, unga yo‘liqishni orzu qilaman, uchrashmasam afsuslanaman”.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, odob – insonning ko‘rki, hayotimizning mag‘zi, iymon gavhari degan xulosaga kelish mumkin.

Boxodirov Faxriddin - Kattaqo‘rg‘on tumani “Yangiravot” jome' masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 26/06/2020 09:41;   Ko‘rilganligi: 3730
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/odob-iymon-gavhari
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 17:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing