O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Me'yor dasturimiz bo‘lsin!

 
 

Me'yor – o‘rtacha yo‘lni tutish, mo‘tadillik demak. Har sohada, har bir mavzuda o‘rta yo‘lni tutish marg‘ub sanaladi. Hatto yaxshi, savobli ishni bajarishda ham me'yor shart. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir” (Furqon, 67).

Namoz – dinning ustuni, ro‘za – imon qalqoni. Ammo bu ibodatlarni bajarishning ham me'yori bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh ajr berishdan charchamaydi, lekin siz zerikib qolasiz, shuning uchun o‘rtahol ibodat qiling, degan mazmunda o‘git beradilar. U zot yana ifrotga ham, tafritga ham ketib qolishdan qaytaradilar. Ya'ni, o‘ta beparvo ham bo‘lib qolmang, tarkidunyochilikka ham berilib ketmang, deb ogohlantiradilar.

Hadisi shariflarda aytilishicha, Alloh yo‘lida bir kishi bilan do‘st tutinish boshqa soya bo‘lmaydigan Kunda Arshning soyasidan joy olishga sabab bo‘ladi.

Ammo yana shu hadislarda mazkur xususda ham o‘rtacha yo‘l tutish – do‘stni me'yorida yaxshi ko‘rish bilan birga dushmanni yomon ko‘rishda ham chegaradan oshmaslik kerakligi nasihat qilinadi. Doimo ishlarning o‘rtachasi yaxshi ekani uqtiriladi.

Bularning barchasidan xulosa chiqarsak, o‘rtachalik – inson tabiatiga mos, xilqatiga xos xislat. Aynan, u bilan dunyoning nizomi, jamiyat intizomi barqaror bo‘ladi. Me'yordan og‘ishmasak, e'tiqodimizu amallarimiz Kitob va sunnatga mos bo‘ladi. O‘tmish solih ajdodlarimiz tutgan yo‘l ham shu aslida.

“Hidoyat” jurnalidan


Kiritilgan vaqti: 13/08/2020 07:17;   Ko‘rilganligi: 893
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/meyor-dasturimiz-bolsin
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 04:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing