O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MATONATLI BANDALAR

 
 

Kishilar muntazam tansihatlik, doimiy sog‘liq haqida qanchalik qayg‘urishmasin, bu yo‘lda nechog‘li fidokorlik ko‘rsatishmasin, har vaqt, har qachon batamom salomat bo‘lishning aslo iloji yo‘q.

Birorta odam o‘zini hamma jihatdan «soppa-sog‘man» deb hisoblay olmaydi, «mening hech qanday kasalim yo‘q», deya baralla ayta olmaydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, kasalliklarning kelib chiqish sababi ko‘p bo‘lsa-da, uning asli faqat bir mohiyatga borib taqaladi. Alloh taolo bandalarini vaqti-vaqti bilan, ba'zilarni esa bir umrga turli xastaliklar, a'zolarning mayib-majruhligi yoki yetishmovchiligi bilan imtihon qilib turadi. Ayniqsa O‘zi suygan bandalariga dard va xastalikni, og‘riq va bemorlikni ko‘proq beradi.

Rasululloh (alayhissalom) marhamat qilib aytadilar: 

“Alloh kimgaki yaxshilikni istasa, unga musibat beradi”. Yana bir rivoyatda Rasululloh (alayhissalom) shunday marhamat qiladilar: Mo‘minga nimaiki kasallik, mashaqqat, tashvish, qayg‘u va ozor yetsa, hatto unga tikan kirsa ham albatta Alloh shu sababli uning gunohlarini o‘chiradi. (Buxoriy va Muslim rivoyati)

Ushbu rivoyatlardan bizlarga yetadigan kasalliklar mutlaq zarar emas balki foydamizga bo‘lishi ochiq-oydindir. Chunki, kasallik tufayli musulmon kishi o‘zining ojizu notavon bir banda ekanligi, har lahzada Allohning inoyatiga muhtoj ekani yodiga tushadi. Allohga iltijo qilib, shifo va yengillik so‘raydi. Allohga ubudiyati kuchayadi. Sabr qiladi. Natijada ko‘p yaxshiliklarga erishadi.

Shunday ekan biror kasallikka chalingan kishilar ranjimasdan, jazavaga tushmasdan buni Allohning sinovi va ne'mati deb bilishlari maqsadga muvofiqdir.  

Butun dunyo aholisining 1 milliarddan ortig‘ida, ya'ni yettita kishidan kamida bittasida muayan bir turdagi nogironlik mavjud. Barcha nogironlarning 100 milliondan ortig‘ini bolalar tashkil etadi.

 “Xalqaro nogironlar kuni” sananing nishonlanishida barcha tomonlar, xususan hukumat, BMT agentliklari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, nogironlar uyushmalari qatnashib, nogironlarning jamiyatimizdagi ishtirokini yanada faolroq etish bilan bog‘liq barcha masalalar yoritiladi hamda nogiron insonlar turli dastur va loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari kengayadi.

Ushbu kunni nishonlashdan asosiy maqsadlaridan biri butun dunyoda amalga oshiriladigan dastur va loyihalarda nogironlar boshqa nogiron bo‘lmagan kishilar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, nogironlarning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini, barcha mamlakatlarda nogironlarning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini ta'minlab, barcha uchun ochiq va do‘stona bo‘lgan jamiyat qurishdan iboratdir.

Xabaringiz bor, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ham nogironligi bo‘lgan fuqarolar, jumladan, eshitish-so‘zlash va ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan fuqarolar bilan tizimli ravishda uchrashuvlar, xayriya tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Bu kabi uchrashuvlar, o‘zlariga qaratilayotgan e'tibordan mamnun bo‘layotgan yurtdoshlarimiz tashkil etilayotgan tadbirlardan o‘zlari uchun ko‘plab bilim, manfaatlar topayotganliklarini ko‘zlarda yosh bilan izhor qilishmoqda.

Shular jumlasidan, yurtimizning markaziy  masjidlarida imkoniyati cheklangan fuqarolar, eshitish va nutq a'zolarida nuqsoni bor kishilar uchun juma mav'izasi surdo tarjimon vositasida masjidda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilmoqda. Buning uchun Respublikaning har bir xududidagi markaziy masjidda juma mav'izalarini surdo-onlayn  uzatish imkoniyatlari yaratildi. Juma namoziga kelgan imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘zlari uchun belgilangan joyda monitorlarlarda imom-xatibni, uning yonida esa surdo tarjimon harakatlarini kuzatib borish imkoniga ega bo‘ldilar.

Hozirgi paytda Respublika bo‘ylab 25 ta jome masjidda maxsus surdo-onlayn tarjimalar tashkil etilgan. Xususan Samarqand shahridagi “Xo‘ja Is'hoqi vali” jome masjidida ham ushbu xayrli ish yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur loyiha bosqichma-bosqich keyinchalik har bir shahar va tumanlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Muallif: Z.Eshonqulov - O‘MI Samarqand viloyati vakili


Kiritilgan vaqti: 02/12/2019 19:36;   Ko‘rilganligi: 1153
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/matonatli-bandalar
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 11:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing