O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mahr kelinning mulkidir

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ummu Habiba roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«U kishi Ubaydulloh ibn Jahshning xotini edilar. Bas, u Habashiston yerida o‘ldi. Shunda Najoshiy uni (Ummu Habibani) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nikohlab berdi. Mahriga u zotning nomlaridan to‘rt ming dirham berdi. So‘ng u kishini Shurahbil ibn Hasana bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yubordi».

Abu Dovud, Nasaiy va Ahmad rivoyat qilganlar.

Sharh: Ummu Habiba – Ramla bintu Abu Sufyon roziyallohu anho erlari Ubaydulloh ibn Jahsh bilan musulmon muhojirlar qatorida Makkadan Habashistonga hijrat qilgan edilar.

Ubaydulloh ibn Jahsh u yerda Islomni tark etib, masihiy diyniga kiradi.

Ummu Habiba roziyallohu anho Islomda sobit qoladilar. Keyin Ubaydulloh ibn Jahsh o‘ladi. Bu xabar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib kelganda Ummu Habiba roziyallohu anhoning sabot-matonatlarini taqdirlab, musiybatlarini yengillashtirish maqsadida u kishiga uylanishga qaror qiladilar.

Shu maqsad bilan Amr ibn Umayya az-Zammariyni Habashistonga yuboradilar. U kishi orqali Habashistonning musulmon bo‘lgan podshosi Najoshiyni Ummu Habiba onamizga uylanishda o‘z vakillari etib tayinlaganlarini bildiradilar. Habashistondagi muhojir musulmonlar ichida Abu Sufyonning amakisining Xolid ibn Sa'iyd ismli o‘g‘li bor edi. U kishi Ummu Habiba roziyallohu anhoning valiylari bo‘ldi. Najoshiy hammani to‘plab, ishdan xabardor qildi. Ko‘pchilikning oldida Xolid ibn Sa'iydning oldiga mahrga atalgan to‘rt ming dirham kumush tangani to‘kdirdi.

Oldin Najoshiy roziyallohu anhu, keyin Xolid ibn Sa'iyd roziyallohu anhu xutba qildilar. O‘sha yerdagi musulmonlarning guvohligida nikoh o‘qildi. Keyin to‘y marosimi bo‘lib o‘tdi.

To‘ydan keyin Najoshiy roziyallohu anhu Ummu Habiba onamizni Shurahbil ibn Hasana roziyallohu anhu bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yubordilar.

Bu hodisadan mahrni erning vakili bersa ham, xotinning valiysi olsa ham joizligi ko‘rinib turibdi.

Ammo mahrni valiy qabul qilib olgani bilan u hech qachon valiyning mulkiga aylanib qolmaydi. Mahr doimo kelinning mulki bo‘ladi.

Tojiyev Hamidullo Urgut tumani "Imomi Hasan"  masjidi imom-xatibi "Hadis va hayot" kitobi asosida tayorladi


Kiritilgan vaqti: 25/06/2020 10:40;   Ko‘rilganligi: 1146
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/mahr-kelinning-mulkidir
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 16:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing