O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Kimki fitnaga aralashsa, halokatga uchraydi!

 
 

Tarixdan ma'lumki, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi jamiyatning osoyishta hayot kechirishiga bog‘liq bo‘lgan. Tinchlik – barcha millat va elatlar qatorida o‘zbek xalqining ham asrab-avaylaydigan eng oliy qadriyatlaridan hisoblanadi. Qur'oni karimdagi 50 dan ziyod suradagi yuzlab oyatlarda insonlarni mo‘min-qobillik, tinchlikparvarlik va bag‘rikenglikka chaqirilgan.

So‘nggi yillarda davlatimiz Rahbari boshchiligida yurtimizda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va erishilgan yutuqlar zamirida ham aynan mamlakatda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik ekani hech kimga sir emas.

Afsuski, bugungi kunda qora kuchlar tomonidan Yaqin Sharq mintaqasida, qo‘shni Afg‘onistonda sodir etilayotgan qonli to‘qnashuvlar uyushtirilib, siyosiy va iqtisodiy tanglik keltirib chiqarilmoqda. Mazkur hududlarda go‘yoki haqiqiy “islomiy davlat” qurish shiori ostida ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik, vahshiyliklarga qo‘l urayotgan turli guruh va jamoalar ko‘payib ketdi. Ushbu holat bizdan doimo ogohlik va hushyorlikni, sodir bo‘layotgan hodisalarga ziyrak ko‘z va teran nigoh bilan qarashni talab etadi.

Taassufki, Islom dinini niqob qilib olgan mutaassib shaxslar ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek kontentida Iroq va Suriya kabi mamlakatlarda terrorchilik harakatlari olib borayotgan jangarilarni qo‘llab-quvvatlashga targ‘ib qilmoqda. Xususan, shu kunlarda Instagram tarmog‘ida mutaassib g‘oyalar targ‘ibotchilaridan biri Instagramda fuqarolarimizni jangarilarga qarshi kurash olib borayotgan Suriya va Rossiya Federatsiyasiga qarshi go‘yoki “jihod” qilishga chaqirdi.

Ta'kidlash joizki, bu kabi radikal g‘oya targ‘ibotchilari “hijrat”, “jihod” kabi diniy tushunchalarni buzib talqin qilish orqali yoshlarimizni oilasi va yaqinlarining tarbiyasidan chalg‘itish, tinchlik va omonlikda yashayotgan vatanlarini tark etishga targ‘ib qilmoqda. Ularning asl maqsadlari aldangan yoshlarni qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan Suriya, Iroq, Liviya yoki Afg‘oniston kabi mamlakatlarga jo‘natib, manqurt-jangari yoki “tirik bomba”ga aylantirishdan iboratdir.

Shu o‘rinda yuqorida keltirilgan tushunchalarga izoh beradigan bo‘lsak, “hijrat” so‘zi lug‘atda biror narsadan ajrash, istilohda esa, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Makka shahrini tark etib, Madina shahriga borishga qiyosan Islom dini yo‘lida musulmonlarning yashab turgan yerlarini tashlab, boshqa yurtlarga ko‘chib ketishi nazarda tutiladi. Biroq, g‘araz maqsadlarni ko‘zlayotgan kimsalar “hijrat kilmaganlar kofir, kofir yurtda yashamoqlik kufr” degan soxta da'vo bilan vatandoshlarimizni aldamoqchi bo‘lmoqda.

Aslida esa, islom ta'limotiga muvofiq, islom diyori bo‘lgan, ya'ni, aholisining 90 foizidan ziyodi Islom dinida bo‘lgan, musulmonlar o‘z e'tiqodlarini ochiq aytoladigan, azon aytiladigan, kundalik, juma va hayit namozlari emin-erkin ado etiladigan, yil sayin masjid va madrasalari hamda hojilari ko‘payayotgan, xullas, islomning besh arkonlari to‘liq ado etilib, fuqarolari xotirjamlikda hayot kechirayotgan O‘zbekiston kabi musulmon mamlakatdan “hijrat” qilinmaydi.

Ayni vaqtda Abu Usmon Mujoshi' ibn Mas'ud rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q...”, dedilar” (Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy; Sahihi Buxoriy, Al-Jomi' as-Sahih; 3078-3079-hadislar) deyilganini ham eslash joizdir.

O‘z navbatida, “jihod” so‘zi “jiddu-jahd”, ya'ni inson o‘z maqsadiga erishish yo‘lida bor imkoniyatini ishga solib, harakat qilish ma'nosini anglatadi. Xususan, darsini o‘zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solib harakat kilayotgan o‘smirni ilm yo‘lida jihod qilmoqda, desa bo‘ladi. Hadisda aytiladi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga jihodga izn so‘rab keldi. Shunda unga: “Sening ota-onang bormi?” dedilar. “Ha”, dedi. “Bas, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar”.

Boshqa bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning nazdida jihodning afzali havoi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingdir”, deb ta'kidlaganlar.

“Jihod” tushunchasi takror va takror islom ulamolari tomonidan sharhlanib, jihod bu – jang qilish emasligi, arab tilida urushni anglatuvchi “qitol” so‘zi mavjudligi alohida ta'kidlangan bo‘lsada, radikal oqimlarning targ‘ibotchilari tomonidan yoshlar ongida jihod qurolli kurash degan tushuncha shakllantirishga qaratilgan harakat davom etmoqda.

Vaholanki, “jihod”ning asosiy negizi islom va uning asoslarini insonlarga to‘g‘ri talqin etishdir. Bunga turli fiqh kitoblarining jihod bobi hujjat bo‘la oladi. Mazkur asarlarda insonlarni yaxshilikka chorlash va yomonlikdan qaytarish jihodning asosiy mag‘zi ekani bayon etilgan.

Imom Navaviy o‘zlarining “Al-Manhaj fiy Avval kitab al-Jihad” kitobida “jihod”ning ta'rifi va turlari bayonida “... yaxshi ishlarga buyurish va yomon ishlardan qaytarish” markaziy o‘rinda turishini bayon qilgan. Imom Dirdiyr o‘zlarining “Aqrob al-Masalik” degan asarining “jihod” bobini shariat ilmlarini tarqatish, yaxshi ishlarga buyurish va yomon ishlardan qaytarish vojib ekanini tushuntirish bilan boshlaganlar.

Islom olamining yetuk ulamo va olimlari tomonidan bugungi kunda musulmonlar emin-erkin yashayotgan, musulmonchilik ko‘rinishlari amalda namoyon bo‘layotgan mamlakatlar “islom diyori” ekani nuqtai-nazaridan “jihod” bu – o‘sha davlatlarning mudofaasi bo‘lishi ekanini, ushbu mamlakatlarda beqarorlik keltirib chiqarayotganlar esa fitna qilayotgani ta'kidlanmoqda.

Shu o‘rinda, Instagramda o‘zbeklarni go‘yoki “jihod” qilishga chaqirayotgan profil egasiga savol tug‘iladi. Faraz qilaylik, Suriyaga “jannat” izlab borgan aka-ukalardan biri vaziyat taqozosi bilan “Hay'at Tahrir ash-Shom” jangarilariga, ikkinchisi esa o‘zini “Islom davlati” deb atayotgan guruhga borib qo‘shildi. Ma'lumki, bu ikkala guruh hukumatga qarshi chiqish barobarida o‘zaro ham jang olib bormoqda. Xo‘sh, jang maydonida o‘zaro ro‘baro kelib qolsa, aka-ukalardan qaysi biri “mujohid”, qaysi biri esa islom dushmani sanaladi? Bir-birlarini o‘ldirishsa, qaysi biri shahid bo‘ladi, qaysi biri do‘zaxga tushadi? Ushbu savollarga javob bitta. Suriyada ham, Iroqda ham, Afg‘onistonda ham hech qanday “jihod” bo‘layotgani yo‘q, balki g‘arazli kuchlar tomonidan katta fitnalar amalga oshirilmoqda. Yuqoridagi profil egasi yovuz niyatli homiylarga malaylik qilib, yoshlarimizni ushbu fitna oloviga o‘tin qilishga xizmat qilmoqda.

Islom ta'limotida, begunoh odamlarni o‘ldirish, mulkiga ega chiqish, ayollarini o‘zlariga halol deb e'lon qilish kabi qabih ishlar orqali fitna chiqarish, xalqning xavfsizligi va xotirjamligini buzib, tahlikaga solish katta gunoh.

Musulmonlarga fitnada qatnashish Qur'oni karimda qat'iy man etilgan: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob) dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (“Anfol” surasi, 25-oyat).

Imom Buxoriy hazratlaridan rivoyat qilingan hadisi sharifda musulmonlar fitnadan ogohlantirilib, aytiladi: “Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: Fitnalar sodir bo‘lganda tik turgandan ko‘ra o‘tirgan afzaldir, tik turgan esa, yurib ketayotgandan, yurib ketayotgan esa yugurib ketayotgandan afzaldir, kimki fitnaga aralashib qolsa, halokatga uchraydi va kimki fitnadan panoh topsa, darhol yashirinsin!” (3601-hadis).

Ulamolar ushbu hadislarni musulmon odam jamiyatda beqarorlik keltirib chiqaruvchi fitnalardan qanchalik uzoqda bo‘lsa, o‘zi va musulmon jamiyati uchun shunchalik foydali bo‘ladi, deb sharhlaydilar.

Yoshlarimiz yuqoridagi hadislardan to‘g‘ri xulosa olib, fitna bo‘layotgan joylarga yugurmasliklari, ona-Vatani va oilasida, ilm va halol hunarda panoh topishlari lozim.

Masalaning yana bir jihati shundan iboratki, bugungi kunda Suriyada 6,5 milliondan ziyod fuqarolar jon saqlash maqsadida mamlakatni tark etgan bir vaqtda terrorchi tashkilotlarning domiga ilingan shaxslar ushbu mamlakatga turmush o‘rtoqlari va bolalarini ham yetaklab borayotgani na mantiqqa sig‘adi, na islom ta'limotiga to‘g‘ri keladi.

Zero, Qur'oni Karimda Alloh taolo barchamizni ogohlantirib aytadi: “O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!” (Baqara surasi, 195-oyat).

Terrorchi tashkilotlar safida bo‘lgan, jangovar harakatlar davomida ayanchli o‘lim topgan yoki Iroq va Suriya qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan shaxslarning turmush o‘rtoqlari va bolalari ayanchli ahvolda, bir burda nonga zor abgor holatda qolib ketmoqda. Begunoh norasida bolalarning ruhiy va jismoniy qiyinchiliklarda qolib ketishiga, bir tomonidan ota-onalarining noto‘g‘ri qadam bosishi sabab bo‘lgan bo‘lsa, asosiy aybdorlar chetda turib, Internet orqali ularni aldayotgan, musulmonlar orasiga fitna solayotganlarning qo‘lida “qo‘g‘irchoq” bo‘layotgan kimsalardir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning topshirig‘i bilan “Mehr” va “Mehr 2” amaliyotlari doirasida Yaqin Sharqdagi qurolli harakatlar davom etayotgan nuqtalardan O‘zbekistonga qaytarilgan 48 nafar ayollar va 171 nafar yosh bolalarning boshidan kechirgan azob-uqubatlari yuqoridagi fikrimizga dalil bo‘ladi.

Hayotimizda jamiyat barqarorligiga rahna solishi mumkin bo‘lgan ayrim noqonuniy xatti-harakatlarni ko‘rib ko‘rmaslikka oladigan, tinchlikni asrash faqat davlatning ishi deb o‘ylaydiganlar hamda farzandlar tarbiyasi va yurt kelajagi bilan qiziqmaydigan fuqarolar ham borligini afsus bilan qayd etish lozim.

Yosh avlodning vatanparvar, xalqparvar, milliy va diniy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga g‘amxo‘rlik nafaqat hukumatimiz, balki jamoat va diniy tashkilotlar, har bir oila, har bir ota-onaning ham burchi sanaladi.

Shunday ekan, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning mustaqilligi va barqarorligini ta'minlash, yoshlarimizni fitna to‘rlaridan asrab-avaylash diyorimizda yashayotgan barcha fuqarolar, u davlat yoki jamoat tashkilotida ishlashi, tadbirkor yoki boshqa kasb egasi bo‘lishidan qat'iy nazar eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.

 O‘.HASANBAYEV

Manba: Muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 18/02/2020 12:38;   Ko‘rilganligi: 956
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/kimki-fitnaga-aralashsa-halokatga-uchraydi
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 23:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing