O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Karantin talablarini yumshatish davom ettiriladi!

 
 

Alloh taoloning inoyati bilan ko‘zga ko‘rinmas dushman asta sekin ortga chekinib, kundan kunga bu kasallikdan sog‘ayayotganlar soni ortib bormoqda. Tojdor virus nomini olgan ushbu kasallik butun insoniyat boshiga kelgan bir sinov bo‘ldi. Uni bartaraf qilish, aholini ushbu kasallikdan himoya qilish bo‘yicha mamlakatmizda ham hukumatimiz tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Sabr-matonat, o‘zaro himmat va qo‘llab quvvatlash kabi oliyjanob fazilatni namoyon etgan xalqimiz ham hukumat vakillari va mutaxassislarning talablariga itoat etib, ushbu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishda boshqa ellarga namuna bo‘lmoqda desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ushbu kasallik chekinmoqda. Ammo, bu hali beparvolikka berilish degani emas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 13 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishini ko‘pchiligimiz ko‘rdik.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida dunyoda pandemiya hali davom etayotgani, lekin qator davlatlar karantin cheklovlarini asta-sekin yumshata boshlaganini qayd etdi.

 Dunyo hamjamiyati koronavirusga qarshi vaksina va davolaydigan dori vositasi hali topilmagani sababli ushbu infeksiya mavjud bo‘lgan sharoitda yashash va ishlashga o‘rganish zarurligi to‘g‘risida yakuniy xulosaga kelmoqda. Biz ham epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlagan holda, karantin talablarini yumshatishni boshlaganmiz va buni bosqichma-bosqich davom ettiramiz.

Buni, eng avvalo, iqtisodiy faollikni tiklash orqali, aholining ishlashi va daromad olishini ta'minlash maqsadida amalga oshirmoqdamiz.

Bu borada o‘zimizdagi haqiqiy ahvol va xalqaro tajribani keng o‘rganyapmiz. Dastlabki tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, qayerda hokimlar butun mas'uliyatni o‘ziga olib, chuqur o‘ylab, odamlar bilan maslahatlashib, ish olib borayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda yaxshi natija bermoqda.

Lekin ba'zi joylarda berilgan erkinlikni noto‘g‘ri tushunib, aholi, ayniqsa, yoshlar hech qanday zaruratsiz ko‘chalarni to‘ldirib yurgani kuzatilmoqda. Bunday holatlar hamda oxirgi kunlarda infeksiya yuqtirganlar soni yana oshayotgani hammamizni hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.

Umuman, koronavirus xavfi yo‘qolganidan keyin ham xalqimiz karantin paytidagi ayrim qoidalarni o‘zining odatiy turmush tarziga aylantirishi kerak. Jumladan, shaxsiy gigiyenaga qat'iy amal qilish, qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish, dezinfeksiya qilish, turli to‘y-marosimlarni juda cheklangan tarkibda o‘tkazish, yuqumli kasal bo‘lsa maska taqish odatiy qoidaga aylanishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Mutaxassislarning ham ta'kidlashlaricha tozalik, shaxsiy gigiyena ushbu kasallikni keskin zavol topishining omillaridan biri ekan. Azizlar, poklikka rioya qilish inson, uning sog‘ligi, turli xil kasalliklarning tarqamasligi uchun juda zarur vosita ekanligini Islom dini o‘n to‘rt asr oldin ibodat darajasiga ko‘tarib, uni iymonning yarmi deb e'lon qilganini unutmaylik. Balki, bu amrlarga amal qilib, hammaga o‘rnak bo‘lishimimz, o‘zimiz, kiyim-bosh, turar-joylarimiz, shahar-qishloqlarimiz, hamma taraflarimiz pokligiga doimo qat'iy rioyada bo‘lishimimz Qur'oni karim va sunnatga muvofiqligini ham unutmaylik. Allo azza va jalla:

«Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadir» degan (Tavba surasi, 108-oyat).

Shuningdek, yig‘ilishda koronavirus xavfi yo‘qolganidan keyin turli to‘y-marosimlarni juda cheklangan tarkibda o‘tkazish bo‘yicha ham tavsiyalar berildi. Ushbu pandemiyaning tarqalishida ham bir hikmat bordir. Shu bahonada ko‘pchilik o‘zlarining hayot yo‘lini bir bor tahlil qilishga, xatolaridan xulosa chiqarib, yaxshilik xislatlarni o‘zlashtirishga imkon bo‘lgandir. Shular qatori shu kunga qadar dabdaba, hashamat, isrof bilan o‘tgan to‘y-marosimlarda ham me'yor, shariatmiz ko‘rsatmalariga mos tartib joriy bo‘lsa ajabmas.          

Yig‘ilishda pandemiyaga qarshi kurashish hamda karantin sharoitida aholi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Prezidentimiz pandemiya sharoitida avvalgi berilgan imtiyozlarga qo‘shimcha ravishda tadbirkorlar va aholini qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini ta'kidladi.

  Yig‘ilishda yurtimizdagi epidemiologik vaziyat hamda hududlar rahbarlarining takliflaridan kelib chiqib, karantin talablarini yanada yumshatish masalalari muhokama qilindi. Xususan, “yashil” va “sariq” hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga qat'iy amal qilgan holda xizmat ko‘rsatish turlariga bosqichma-bosqich ruxsat berish mumkinligi belgilandi.

Respublika komissiyasiga pandemiya qayta kuchaygan taqdirda vazirlik va idoralar bajarishi lozim bo‘lgan birlamchi vazifalar belgilangan tartibni tasdiqlash topshirig‘i berildi.

   Shuni alohida takidlash lozimki, inson yer yuzida bekorga o‘rinbosar qilib yaratilmagan. Unga yer yuzidagi barcha narsaning egaligi ishonib topshirilgan. Bu dunyoda yashar ekanmiz, dunyoning tartib intizomlariga rioya qilishimiz va dinimizning ko‘rsatmalariga to‘la amal qilishimiz kerak, aks holda dunyo va oxiratda ziyonkorga aylanishimimz mumkin. Insonning Yerdagi o‘rinbosar ekanligi bu, uning yer yuzini obodonligi va undagi narsalarni muhofaza qilishdagi mas'ulligi demakdir.

Dunyo haqida mana shunday tasavvurda bo‘lishgina insonni doimo bu dunyoda yaxshilik qilishga va yomonlikdan chetlanishga undab turadi. Boshqa har qanday tasavvur, har qanday omil kutilgan natijani bera olmasligi har lahzada tasdiqlanmoqda.Alloh taolo bizlarga buyuradi:

 “Yaxshilik yo‘lida va taqvo qilishda yordamchi bo‘linglar, ammo gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang, Allohdan qo‘rqing, chunki Allohning azobi qattiqdir” (Moida surasi, 2-oyat)

Ushbu oyatdan ma'lum bo‘ladiki, bu din bilan Alloh taolo doimo bandasining foydasini ko‘zlaydi. Bu dunyoda banda masrur va mas'ud yashashligi uchun beshta asosiy manfaatlar muhofaza qilinadi: Bandaning diniy-e'tiqodi sofligi, uning hayotini tinchligi, obro‘yining himoyasi, naslu nasabining pokizaligi va haloldan molu mulkini bo‘lishligiga diqqat qiladi.

Zayniddin Eshonqulov - Samarqand viloyat bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/05/2020 14:22;   Ko‘rilganligi: 909
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/karantin-talablarini-yumshatish-davom-ettiriladi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 03:09
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing