O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

JAHOLATGA QARSHI MA'RIFAT (Islom dini nomidan olib borilgan jinoyatlarga raddiya)

 
 

Shariatimizda shunday so‘zlar borki, u so‘zlar aslida muqaddas tuyg‘ularni anglatadi. Lekin hozirgi kunda adashgan firqa va guruhlar ayni shunday muqaddas tuyg‘ularni anglatadigan, mo‘min-musulmonlar uchun qadr-qimmatli bo‘lgan so‘zlardan o‘zlarining g‘arazli maqsad va niyatlarini amalga oshirishda foydalanishlari achinarli holdir.

Hozirda “jihod” nomi ostida bo‘layotgan ishlarga ham aynan shular sabab bo‘lmoqdalar. “Jihod” so‘zi go‘yoki “terrorist”, “fundamentalist”, “ekstremist”, “xudkushlik” so‘zlari bilan ma'nodoshdek ishlatiladigan bo‘lib qolgan. Aslida esa, ularning o‘rtasida iymon bilan kufr yoki osmon bilan yerchalik farq bor. Aslida esa, Alloh taoloning roziligi mavjud ishlarda, bor imkoniyatni sarflash “jihod” ekanini anglash lozim.

Ana shunda bu ma'noni jamiyat hayotidagi insonlar va jamiyatga manfaatli bo‘lgan tinchlik, farovonlik, bunyodkorlik, ilm va ma'rifat kabi ezguliklarga  nisbatan qo‘llasa bo‘ladi.

Dinni, jonni, aqlni, nasl va mol-mulkni saqlashda shariatning maqsadlarini ro‘yobga chiqaradigan va ularning yo‘lida xizmat qiladigan barcha narsalar ayni shariat va shariatning manfaatlaridandir. Imom G‘azzoliy bu borada  shunday deganlar: “Shariatning xaloyiqlardan ko‘zda tutgan maqsadi beshtadir: “Ularning dinlarini, jonlarini, aqllarini, nasllari va mol-mulklarini himoya qilmoqlik. Binobarin, mana shu beshta asosni o‘z ichiga olgan barcha narsalar manfaatdir. Mana shu asoslarni zoye qiladigan barcha narsalar buzg‘unchilik bo‘lib, uni daf qilish manfaatdir”[1].

 “Jihod” haqida so‘z borar ekan avvalambor uning nima ekanini bilib olish lozim. Ba'zi tomonlar jihodni salbiy istiloh ma'nosida qo‘llasa, boshqa tomon esa uning ijobiy ma'noda ekanini ta'kidlaydi. Bu ikki xil qarash oldida jihodning asl mohiyatidan bexabar kishida ikkilanish paydo bo‘lishi shubhasiz. Jihodga salbiy yoki ijobiy yondashgan tomonlar qarshisida ham ikkita savol paydo bo‘lishi tabiiydir.

Birinchidan: Agar jihod haqiqatdan salbiy bo‘lsa, unda u nima uchun o‘zining nomlanishi va butun mohiyati bilan tinchlikka targ‘ib qiluvchi Islom dinida mavjud?!

Ikkinchidan: Agar jihod ijobiy bo‘lsa, unda nima uchun “jihod” shiori ostida minglab begunohlarning qoni to‘kilib, mol-mulklari talon-taroj va vatanlari vayron qilindi?! Yoxud jihod yaxshilik bo‘lsa, nima uchun undan yomonlik paydo bo‘lmoqda?

Bu savollarga javob topish uchun, avvalam-bor, biz “jihod” so‘zining lug‘aviy va istilohiy ma'nolarini o‘rganib chiqishimiz lozim.

 “Jihod” – lug‘atda “urushmoq”, “kurashmoq”, “harakat qilmoq”, “intilmoq”, “mehnat qilmoq”, “zo‘r bermoq”, “kuch sarflamoq”, “bor kuch va imkoniyatini sarflamoq”[2], “mashaqqat”[3] va “musulmonlarning din himoyasi uchun dushmanlari bilan urushmog‘i[4] ma'nolarida kelgan.

Istilohda esa: “Alloh taoloning rizoligini istab, haqning qaror topishi va unga rioya etish uchun bor kuch va imkoniyatni sarflash” ma'nosida kelgan.

Albatta, “jihod”, bu hozirda ko‘pchilik odamlar zehnida o‘rnashib qolgan tor ma'nodagi tushunchadan ko‘ra ancha kengroq ma'noni anglatadi. Soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, “Alloh taolo rozi bo‘ladigan ishlarda bor kuchini sarflab, bu yo‘lda yetgan mashaqqatlarni sabr va matonat bilan yengib o‘tish, ularning bardavom bo‘lishi uchun doim qayg‘urish va pirovardida ularning barchasining mukofotini Alloh taolodangina umid qilish” – mana shu haqiqiy “jihod” bo‘ladi.

Jihod so‘zining lug‘atdagi xususiyatidan kelib chiqib jihodning turlari ham ko‘paygan. O‘shalarning ichida jihodning “dushmanga qarshi urushmoq” ma'nosi boshqalaridan ustun kelib, keyinchalik “jihod” deganda faqat “qitol” ya'ni urushni tushuniladigan bo‘lib qolgan[5].

Biz yuqorida: “Jihod – Alloh taoloning roziligiga erishmoq uchun maqsad sari bor imkoniyatini sarflash” ekanini aytib o‘tdik. Ta'kidlab aytishimiz lozimki, Alloh taolo norozi bo‘ladigan ishlarni amalga oshirish uchun bor imkoniyatni sarflash, bu “jihod”ning ma'no va mohiyatiga mutlaqo ziddir. Chunki ulamolarimiz “jihod”ga ta'rif berar ekanlar, nohaqlikka emas, balki haqiqatni ro‘yobga chiqarish, shaytonni emas, balki Alloh taoloning roziligini maqsad qilishgan.

Islom tarixidan ma'lumki, “jihod” Rasululloh (sav)ning Madinai munavvaraga hijrat qilishlaridan ilgari joriy bo‘lmagan. Shunday bo‘lsa-da, “jihod” so‘zi Makkiy suralarda ham zikr qilingan. Alloh taolo Islomning dastlabki bosqichida mushriklar bilan aqidaviy tortishuv qilib turgan payg‘ambari Muhammad alayhisalomga “Furqon” surasining 52-oyatida shunday xitob qiladi:

فَلَا تُطِعِ الْكَافِرِينَ وَجَاهِدْهُم بِهِ جِهَادًا كَبِيرًا

“Kofirlarga itoat etma! Ularga qarshi u (Qur'on) bilan katta jihod qil!”.

Makka davrida qurol bilan jihod qilinmagani barchaga ayon haqiqat. Demak, Qur'on bilan katta jihod qilingan. Shuningdek, Alloh taolo “Nahl” surasining 10-oyatida:

ثُمَّ إِنَّ رَبَّكَ لِلَّذِينَ هَاجَرُوا مِن بَعْدِ مَا فُتِنُوا ثُمَّ جَاهَدُوا وَصَبَرُوا إِنَّ رَبَّكَ مِن بَعْدِهَا لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ

“So‘ngra, albatta, Robbing fitnaga uchraganlaridan keyin hijrat etib, jihod qilgan va sabr etgani uchun, albatta, Robbing shulardan keyin mag‘firatli va rahmlidir”, degan.

Mazkur suralar jumhur tafsir ulamolari nazdida Makkiydir. “Jihod” so‘zining Makkiy suralarda zikr qilinishi, uning “urushmoq”, “kurashmoq” ma'nosida emas, balki “Alloh taoloning kalimasini baland ko‘tarish, ya'ni, Uning risolatini insonlar ongu shuuriga hikmat va go‘zal mav'iza orqali singdirishda bor kuch va imkoniyatni sarflash” ma'nosini anglatadi.

Hadisi shariflarda ham “jihod”ning “urushmoq”, “kurashmoq”dan boshqa ma'nolarga dalolat qilib kelganini ko‘rishimiz mumkin. 

وعن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: أَفْضَلُ الْجِهَادِ كَلِمَةُ عَدْلٍ عِنْدَ سُلْطَانٍ جَائِرٍ.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sav) dedilar: “Jihodning afzali zolim sulton huzurida aytilgan adolatli so‘zdir”[6].

Bu rivoyatdan zolim huzurida aytilgan adolatli so‘zni jihod ekanini bilishimiz mumkin.

عَنْ عَائِشَةَ ، قَالَتْ : قُلْتُ : يَا رَسُولَ اللهِ ، هل عَلَى النِّسَاءِ من جهاد؟ قَالَ: عَلَيْهِنَّ جِهَادٌ لاَ قِتَالَ فِيهِ : الْحَجُّ وَالْعُمْرَةُ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Oisha roziyallohu anho dedilar: “Men: “Ey, Allohning rasuli! Ayollar zimmasida jihod bormi?” dedim. U zot (sav): “Ularning zimmasida urushsiz jihod: “haj va umra qilmoq bordir”, dedilar”[7].

Bu rivoyatdan ham, “jihod”ning urushdan boshqa ma'noda qo‘llanganini bilishimiz mumkin.  Endi sahobalar “jihod”ning “qitol”, ya'ni “urushmoq”dan boshqa ma'noda qo‘llagan so‘zlariga e'tibor qaratsak:

وقال علي رضي الله عنه: "أفضلُ الجهادِ الأمرُ بالمعروف والنهيُ عن المنكر".

Ali roziyallohu anhu: “Jihodning eng afzali – yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarishdir” dedilar.[8] Ibn Abbos roziyallohu anhu:

قال ابن عباس رضي الله عنه: "أفضل الجهاد من بنى مسجداً يعلم فيه القرآن والفقه والسنة" .

 “Kimki masjid qurib, unda Qur'on, fiqh va sunnat ta'lim berilsa, (ana o‘sha) jihodning afzalidir”, dedilar.

Keyingi ikki rivoyatdan ham yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish va shariat ilmlarini o‘rganish Alloh taolo yo‘lidagi jihod ekanini va jihod bo‘lganda ham afzal jihod ekani bildik. Yuqorida aytilganlardan shuni xulosa qilishimiz mumkinki, “jihod” bu faqatgina “urushmoq va kurashmoq” emas, balki undanda kengroq ma'noni qamrab olguvchidir. Qolaversa, “jihod” ba'zi tanqidchilar aytganidek “terror”ning murodifi ham emas.

 “Livanlik yozuvchi olim Muhammad Sammok o‘zining “Musulmonlar va zamonaviy qarama-qarshilik” nomli kitobida terror tarixi haqida quyidagilarni yozadi: “Terror arab ixtirosi yoki islomiy bid'at emas, balki zamonaviy asrda siyosiy iztiroblar natijasida yuzaga kelgan nafratning bir ko‘rinishidir. Aslida terror ikki asr oldin yuzaga kelgan. Terror Fransiyada 1793 yil 10 martdan 1794 yil 27 iyulgacha davom etdi. Fransiya inqilobi davrida Robespyer, Sen Jyust, Kuton kabi kimsalar tomonidan keng ko‘lamda siyosiy zo‘ravonliklar kelib chiqdi. O‘sha paytda Fransiya aholisi 27 million edi. Mana shu guruh 40 ming nafar kishining kallasini jodi (gilotina) bilan kesib, 300 ming kishini hibsda ushlab turdi”[9].

Raqamlarga murojaat qilsak, dunyo bo‘yicha 1984 yilda 700 ta, 1985 yilda 800 ta, 1987 yilda 832 ta, 1989 yilda 856 ta terrorchilik harakati sodir etilgan. Hozirgi vaqtda dunyoda 500 ga yaqin terrorchilik tashkilotlari va ekstremistik yo‘nalishdagi guruhlar mavjud[10].

Terror – o‘z nomi bilan terrordir. Islom nuqtai nazaridan uni kim, qaysi millat, qaysi din yoki qaysi davlat vakili amalga oshirishidan qat'iy nazar, bunday ishlar ulkan jinoyat va jazoga munosibdir. Bugunlik kunda “jihod”, “xalifalik” va “hijrat” kabi nomlar ostida amalga oshirilgan ishlar, ularning barchasi islom ulamolari va oddiy musulmonlar tomonidan ham qattiq qoralangan ishlardir. Qolaversa bu kabi razil ishlarning Islomga nisbat berilishi, butun dunyo musulmonlarining nafratiga sabab bo‘lmoqda.

Bugunlik kunda butun insoniyatga birdek xavf solib turgan “terror”mi yoki dinlararo keskinlikni yuzaga keltiruvchi “missionerlik”mi yoxud yosh avlod vakillarini befarq manqurtlarga aylantirishga xizmat qiladigan “ommaviy madaniyat”mi, ularning nomi qanday atalishidan qat'iy nazar bularning barchasi Islom ta'limotida “Fitnalar” deya nomlanadi. 

Bu “fitnalar” qiyomatga yaqin avj olishi, ularning ko‘rinishlari va ulardan qanday qilib saqlanish yo‘l-yo‘riqlari bundan o‘n besh asr ilgari Rasululloh (sav) tomonlaridan bayon qilib berilgan. Rasululloh (sav) vafotlaridan so‘ng sahobalar, ulardan so‘ng tobi'iynlar, taba'a tobi'iynlar va hozirgacha kelayotgan “ko‘zi ochiq” insonlar mazkur fitnalarni uyg‘onib, avj olmasligi va pirovardida uning ishtirokchilariga aylanib qolmaslik uchun jiddiy ahamiyatli bo‘lishgan. Zero, Rasululloh (sav):

الْفِتْنَةُ نَائِمَةٌ لَعَنَ الله مَنْ أَيْقَظَهَا

“Uxlab yotgan fitnani uyg‘otgan va qo‘zg‘otgan kishini Alloh la'natlasin!”, deganlar. [11]

Zehnimizga: “Fitnalar bo‘lishi haqida xabar berilgan bo‘lsa, bizning vazifamiz nimadan iborat?” degan savol kelishi tabiiy hol. Javob shundan iboratki, biz o‘zimiz va atrofimizdagi kishilar mana shu fitna ishtirokchilariga aylanib qolmasliklari uchun qo‘limizdan kelgunicha harakat qilmog‘imizdir. Chunki fitnalarning oldini olish bu, Alloh taoloning buyrug‘i va hayotimizning osudaligi garovidir. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qiladi:

وَاتَّقُوا فِتْنَةً لَا تُصِيبَنَّ الَّذِينَ ظَلَمُوا مِنْكُمْ خَاصَّةً وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

“Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (Zot)dir”[12].

Alloh taolo barchalarimizni bunday fitna-larning ishtirokchilari bo‘lib qolishimizdan O‘z panohida asrasin va butun dunyoda O‘zining tinchlik va xotirjamlik ne'matini bardavom qilsin!

 [1] Doktor Imoduddin Xiytiy. Ishidning botil da'volariga raddiyalar. Ilmiya, 2015.

[2] Imom Ismoil ibn Hammod Javhariy. Mu'jamu-s-sihoh. – Bayrut. Doru-l-ma'rifa, 2007.

[3] Ibn Hajar Asqaloniy. Fathu-l-boriy sharh sahih al-Buxoriy. J. 6. – Bayrut. Doru-l-ma'rifa, 1959. – B. 3.

[4] Jubron Mas'ud. Ar-roid. – Bayrut. Doru-l-ilm, 1992. – B. 284.

[5] http://savollar.islom.uz/smf/index.php topic=23394.0;wap

[6] Hasan hadis. Abu Dovud va Termiziy rivoyati. Muhammad Amin ibn Muhammad Muxtor Shanqiytiy. Azvau-l-bayan fiy iyzohi-l-Qur'an bi-l-Qur'an. J. 1. – Bayrut. Doru-l-fikr, 1995. – B. 466.

[7] Imom Jaloliddin Suyutiy. Ad-durru-l-mansur. J. 1. – Bayrut. Doru-l-fikr, 1993. – B. 506.

[8] Muhammad ibn Muhammad Imodiy. Irshod aqlu-s-salim ila mazaya-l-Qur'an al-Karim. J.2. – Bayrut. Dor ihyo at-turas al-arabiy. – B. 431.

[9] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ochiq xat. – T.: Hilol nashr, 2015. – B. 10-11.

[10] Ular turli din, oqim, sekta, millat, xalq va davlatlarga mansub kishilardir.

[11] Jaloliddin Suyutiy. Al-fathu-l-kabiyr. J. 2. – Bayrut. Doru-l-fikr, 2003. – 265.

[12] “Anfol” surasi, 25-oyat mazmuni.

Olimxon YUSUPOV - Oqdaryo tuman "Maxdumi A'zam" jome masjidi imom-xatibi,

Imom Buxoriy hadis ilmi maktabi rektori


Kiritilgan vaqti: 18/11/2019 11:06;   Ko‘rilganligi: 2604
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/jaholatga-qarshi-marifat-islom-dini-nomidan-olib-borilgan-jinoyatlarga-raddiya
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 00:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing