O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Jaholatga qarshi ma'rifat – dinning asl mohiyatlaridan biri

 
 

Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 16 aprelda qabul qilingan «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonda ma'rifatparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilatlar va qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashda diniy-ma'rifiy soha vakillarining o‘rni va ishtirokini oshirish hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq bir qator vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, “Jaholatga qarshi ma'rifat” ulug‘vor g‘oya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma'rifiy faoliyatni jadal tashkil etish, islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarning ong-u tafakkurini shakllantirish, dinni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadigan buzg‘unchi yot g‘oyalarning asl mohiyati va maqsadlari haqida aholining, ayniqsa, yoshlarning xabardorlik darajasini oshirish, jamiyatda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan g‘oyalarga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish, jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashda diniy-ma'rifiy soha vakillarining daxldorlik hissi va ishtirokini yanada oshirish, diniy-ma'rifiy tashkilotlarning moddiy-texnika ta'minotini mustahkamlash, soha vakillari mehnatini munosib rag‘batlantirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, globallashuv sharoitida jamiyatimizdagi ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligi va e'tiqod erkinligiga tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarni barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan axborot-tahliliy faoliyatni kuchaytirish, diniy va dunyoviy bilimlar uyg‘unligini rivojlantirish asosida ta'lim sifatini oshirish, diniy-ma'rifiy sohada malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimini yaratish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

         Islom dini ta'limotida yurti va millatiga xiyonat qilish, begunoh odamlarning qonini to‘kish og‘ir gunoh sanaladi. Islomning muqaddas kitobi bo‘lgan Qur'oni karimda terror harakatlariga qarshi shunday oyatlar keltirilgan: Alloh buzg‘unchilik-fasodni sevmaydi  (Baqara, 205-oyat).    

     Yana bir oyatda esa:  “Ey mo‘minlar, Allohga, payg‘ambariga va o‘zlaringizdan bo‘lgan boshliqlarga itoat qilinglar”, deyiladi. (Niso surasi, 59-oyat).

Islom dunyosidagi dastlabki terrorchilik harakatini qo‘llagan jamoa sifatida 657 yili vujudga kelgan “Xorijiylar” oqimini ko‘rsatish mumkin. Ushbu guruh  “Gunohi kabira” (katta gunoh) qilganlar imondan chiqadi va ularga qarshi urush (jihod) olib borish kerak, deb e'lon qilgan va o‘zlariga ergashmagan musulmonlarni qirg‘in qilishgan.

         Shunday ekan, yosh avlodda mustaqil teran fikrlash, sog‘lom dunyoqarash va mustahkam iroda, qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom, mafkuraviy tahdidlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor bo‘lib yashash tuyg‘usini bolalikdan shakllantirish lozimdir.

     Islomda tinchlik inson qalbining tinchligidan boshlanadi. So‘ngra qalbdagi tinchlik oilaga ko‘chadi. Islom oila tinchligi uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ishga soladi. Demak, asta-asta oiladagi tinchlik qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar orasiga ko‘chadi. So‘ngra tinchlik jamiyatga ko‘chadi. Har bir jamiyat o‘zaro tinchlikda yashash uchun nimalar qilishi lozimligi ham muqaddas dinimiz ko‘rsatmalarida belgilab qo‘yilgan.

Janob Rasul Akram (s.a.v.) muborak Hadisi shariflarida aytadilarki: "Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U xotirjamlik va sihat-salomatlik".

Insonda xotirjamlik bo‘lmas ekan, na yeguligida halovat bo‘lsin, na uyqusida. Ko‘ngliga hech narsa sig‘maydi, chunki unda xotirjamlik yo‘q-da! Agar kishining salomatligi bo‘lmasa, u suyib tanovul qiladigan lazzatli taom ham tatimaydi. Chunki uning tanasida og‘riq bor. Hadisi sharifdan ko‘rinib turibdiki, tinchlik, osoyishtalik va xotirjamlik ulug‘ ne'matdir. Tinchlik bor joyda yurt ravnaq topadi.

Darhaqiqat, inson ogoh bo‘lsagina kelishi yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fitna-fasod, xavf-xatarni oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo‘ladi. Aksincha, g‘ofil, beparvo va loqayd bo‘lgan kimsa esa atrofida nimalar bo‘layotganiga ham e'tibor bermay, oxir-oqibat turli balo va musibatlarga duchor bo‘ladi. Har bir musulmon turli fitna, fasod ishlardan, buzg‘unchilik, dinda fitnaga tushish, xususan bir jamiyatda yashovchi insonlar o‘rtasida tafriqa solish, buzg‘unchi fikr va botil g‘oyalarni tarqatish kabi noshar'iy amallardan ehtiyot bo‘lishi zarur.

Donishmandlardan biri shunday degan edi: “Dushmanlardan qo‘rqma – nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma – nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamdan qo‘rq – ular seni o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi”. To‘g‘ri, dushman qotilligi, do‘st xiyonati – bu og‘ir musibat, katta yo‘qotish, ammo beparvo va loqaydlikning zarari oldida hech narsa emas. Chunki loqaydlikning zarari ko‘pchilikka, jamiyatga bo‘ladi.

Hasan TALXAYEV  - Payariq tuman “Chinobod” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 31/10/2019 16:05;   Ko‘rilganligi: 1914
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/jaholatga-qarshi-marifat-dinning-asl-mohiyatlaridan-biri
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 23:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing