O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

IYMONINGIZNI ASRANG (MISSONERLAR FITNASIDAN OGOH BO‘LING)

 
 

Iymon – Alloh ta'oloning o‘z bandalariga bergan eng buyuk ne'mati hisoblanadi. Alloh ta'olo qaysi bandaga iymon bergan bo‘lsa, hidoyat yo‘lini ko‘rsatgan bo‘lsa, u mo‘min degan nomga musharraf bo‘lib, bu olamda undan baxtli kishi topilmaydi. Demak iymon bu barcha insonlarga zarur bo‘lib, uni pok asrashi va mo‘minlik nomiga dog‘ tushirmasligi lozim bo‘ladigan dur-u gavhardir.

Iymon lug‘atda “ishonmoq” ma'nosini anglatib, shariatda esa “Allohga, uning farishtalariga, kitoblariga, elchilariga, o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga va taqdirning yaxshi-yu yomonligini Allohdan deb bilishga” aytiladi. Kishi mo‘minligini izhor qilishi uchun iymon kalimalarini tili bilan iqror qilib dili bilan tasdiqlashi shart bo‘ladi.

Ming afsuslar bo‘lsinki, bugunki kunda bu bebaho ne'matdan ko‘pchilik insonlar judo bo‘lib qolmoqda. Ya'ni, o‘zlari mo‘min-musulmon bo‘la turib, e'tiqod qilib kelayotgan dinidan voz kechib boshqa dinni qabul qilishmoqda. Ayniqsa, mamlakatimiz eshiklari xorijiy mamlakatlar, ularning turli-tuman tashkilotlari uchun ochiq deb e'lon qilindi. Ammo yurtimizga bo‘lgan qiziqish, uning mintaqada egallab turgan muhim mavqei va bir-biridan go‘zal urf-odatlarimizning asosi sifatida e'tirof etiluvchi Islom dini yaxshi niyatli hamkorlar bilan bir qatorda g‘arazli maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan “mehmon” larning tashrifiga ham sabab bo‘ldi. Ana shunday mehmonlardan biri bizni muqaddas islom dinimizdan ayirish maqsadida yurgan “missionerlar”dir!

Missionerlar haqida gap ketar ekan, avvalo  ushbu tushunchaning lug‘aviy va istilohiy ma'nolarini tushunib olish muhim ahamiyatga egaligini alohida qayd etish lozim.

Ushbu so‘z lotin tilidagi «missio» so‘zidan olingan bo‘lib, «yuborish», «vazifa topshirish», missioner esa “vazifani bajaruvchi” degan ma'nolarni anglatadi. Istilohda esa, “Missionerlik biror diniy birlashma vakillarining o‘z e'tiqodini boshqa din vakillari orasida yoyish harakati” degan ma'noni bildiradi.

Umuman olganda, turli lug‘atlar va manbalarda bayon etilgan ta'riflar bib-biriga juda yaqin va o‘xshash bo‘lib, ularga tayangan holda quyidagi xulosani chiqarish mumkin: missionerlik - bir dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ‘ib qilishdir.

Prozelitizm - bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri biron bir dinga ishongan fuqaroni o‘z dinidan voz kechishga va o‘zga dinni qabul qilishga majbur qilishdan iboratdir.

Missionerlarning bugungi kundagi faoliyati hech bir mintaqa, hech bir davlat bunday tahdiddan holi emasligini ko‘rsatadi. Bunday holatlarning oldini olish uchun esa missionerlikning mohiyatini to‘g‘ri va chuqurroq anglash, uni bartaraf etish yo‘lida maqsadli, tizimli va tadrijiy faoliyat olib borish zarur bo‘ladi

Bugungi kunda faol missionerlik bilan turli yo‘nalishdagi tashkilotlar shug‘ullanayotgan ekan, bunday harakatlarning g‘oyaviy-aqidaviy asoslarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Masalan,  xristianlar “Missionerlik har bir dindor uchun shart”, -deb hisoblaydilar. Bunday fikrlarning asosi va manbaini «Injil»dan topish mumkin. Jumladan, “Injil”da Iso Masihning o‘ziga 12 havoriyni tanlab olishi va ularni Isroilning qishloqlari bo‘ylab da'vat qilish uchun yuborgani qayd etilgan. Bu haqda Markdan rivoyat qilingan “Injil”da «Iso shogirdlariga dedi: “Butun jahon bo‘ylab yuringlar va hamma tirik jonga Injil Xushxabarini targ‘ib qilinglar”, Mattodan rivoyat qilingan «Injil»da esa “...barcha xalqlardan shogird orttiringlar. Ularni Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruh nomi bilan cho‘qintiringlar. Men sizlarga buyurgan hamma narsalarga amal qilishni ularga o‘rgatinglar...”, -degan da'vatlarni o‘qish mumkin.

Shu o‘rinda bir narsani ta'kidlash zarur: da'vat boshqa, missionerlik boshqa. Bir din vakilining o‘z qavmiga xitobi da'vat bo‘lib, har bir inson bu ishni emin-erkin bajarishi mumkin. Ammo, bir din vakilining boshqa dindagilarni o‘z diniga og‘dirish uchun qiladigan harakati esa, missionerlik deyiladi va O‘zbekiston qonunlari mana shu ishni ta'qiqlaydi.      

Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam o‘zlarining bir muborak hadislarida Ahli kitobdan hech narsa so‘ramanglar. Ular adashgan odamlardir, sizlarni hargiz hidoyatga sola olmaydi. Ularga ishonsangiz, yo botilni tasdiq  qilgan bo‘lasiz, yo haqni yolg‘onga chiqargan bo‘lasiz. Allohga qasamki, Muso va Iso tirik bo‘lganlarida, menga ergashishdan boshqa narsa ularga halol bo‘lmasdi.

Yurtimizda faoliyat olib borayotgan missionerlarning asosiy qismini nasroniylik dini niqobidagi turli sektalar tashkil qilganligi uchun biz nasroniy missionerlar haqida fikr yuritamiz. Bu turdagi missionerlarning asosiy maqsadlari xuddi boshqa missionerlar kabi turli yo‘l va usullar bilan o‘z saflarini mahalliy millat vakillari hisobiga kengaytirishdan iboratdir.

Ularning maqsadlari asosan uch nuqtada jamlanadi:

  1. Xalqlarni nasroniylashtirish. Shu orqali ularni iqtisodiy, siyosiy, ma'naviy jihatdan G‘arb davlatlari ta'sir doirasiga olish.
  2. Xalqlarda o‘z diniga nisbatan shubha uyg‘otish, ularni o‘z dinidan chiqarish va dinsiz qoldirish.
  3. Qadimdan nasroniy bo‘lganlarni o‘z dinlarida mustahkamroq turishga chorlash va ular safini «yangi nasroniylar» bilan to‘ldirish.

Missionerlar o‘z maqsadlari yo‘lida hech qanday vositani ayamaydilar, ularning usul-nayranglari doimo takomillashib boradi. Quyida ulardan bir nechtasini keltirib o‘tamiz:

  1. Insoniy yordamlar ko‘rsatish. Bunga, albatta, moddiy yordamlar (tibbiyot, oziq-ovqat) va so‘zsiz, «ruhiy» yordamlar kiradi.
  2. Mahalliy xalq tilida o‘sha xalqning urf-odatlarini hisobga olgan holda, sifatli, rangli, rasmli da'vat kitobchalarini bepul tarqatish. Musulmonlar uchun chiqarilgan bu kitoblar ko‘pincha Qur'on oyatlari bilan «bezaladi».
  3. Nasroniylikni targ‘ib qiluvchi gazeta-jurnallar chiqarish.
  4. Nasroniylikka qiziqtiruvchi audio-video kassetalar tarqatish.
  5. Radio-televideniye orqali jonli ko‘rsatuvlar tayyorlash. Bu ko‘rsatuvlar orqali aholini muloqotga chorlash, adreslar almashish.
  6. Turli mavzularda tadbirlar va anjumanlar uyushtirish.
  7. Musulmon o‘lkalarga turli nomlar ostida (masalan, hamshira, til o‘rgatuvchi, tarbiyachi) missioner kadrlar jo‘natish.
  8. Yakka shaxslarga da'vat xatlar jo‘natish.
  9. Yoshlar jamiyatlari bilan hamkorlik qilish.
  10. Ingliz tili, kompyuter o‘rgatish niqobi ostida missionerlik kutubxonalarini, klublarini tashkil etish.
  11. O‘z saflariga qo‘shilganlarni moddiy rag‘batlantirish, ularni chet ellarga jo‘natish, ish bilan ta'minlash.
  12. O‘z yurtlariga kelgan sayohatchilarni ham nazardan chetda qoldirmaslik.

  Ushbu nayranglar ta'siri ostida musulmon kishida uch holat kuzatiladi:

Musulmon kishi boshqa dinni qabul qiladi yoki boshqa dinni ham haq yo‘lda deb o‘ylay boshlaydi yo kamida o‘z diniga bo‘lgan sadoqati yo‘qoladi.

Bugungi kunda ba'zi vatandoshlarimizning ularga ergashib ketayotganligiga bir nechta sababalar bor.

Birinchi sabab –  dinimiz yo‘l-yo‘riqlaridan mutlaqo bexabarlik.

Ikkinchi sabab – uzoq muddat o‘zga din vakillari orasida yashash, ularning urf-odat va diniy qarashlaridan ta'sirlanish.

Uchinchi sabab – yon atrofimizdagi kam ta'minlangan oilalardan, nogironlardan, boquvchisidan ayrilgan qariyalardan ko‘ngildagidek tez-tez xabar ololmayapmiz, moddiy va ma'naviy yordamlar ko‘rsatolmayapmiz. Missionerlar bu yo‘l bilan ba'zi muhtojlarning ko‘nglini ovlashyapti va ularning ishonchini qozonib, diniy da'vatni targ‘ib qilishmoqda.

Nasroniylarning ko‘pgina oqimlari missionerlik ishlarini keng yo‘lga qo‘yishgan. Ular asosan yordamga muhtoj va nochor qolganlarni izlab topib, moddiy yordam qilishadi, keyin esa bepul kitoblar tarqatib, nasroniy diniga da'vat eta boshlashadi. Missionerlar bu ishda turli xayriya tashkilotlari va fondlar xizmatidan foydalanishadi. Ayni vaqtda bunday harakatlar nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyodagi deyarli har bir davlatda olib borilmoqda.

Iso alayhissalomning hurmat ila nomlanishi O‘zbekiston hududida yashovchi turli millat va din vakillarining totuvlik an'analarida ham o‘z aksini topgan. Ming yillarni qamrab oluvchi tariximizda dinlararo birorta nizo yuzaga kelib chiqmaganligining o‘zi tinchlikparvar o‘zbek xalqining diniy e'tiqodi, urf-odatlari va an'analari to‘g‘ri ekanligidan dalolatdir.

Lekin ittifoqlik va o‘zaro hurmat bilan yashash boshqa narsa, musulmonlarni, ayniqsa yoshlarni o‘z e'tiqodidan boshqa tomonga burish butkul boshqa narsa. Demak, g‘arazli niyat bilan diyorimizga kirib keladigan va o‘rtadagi ittifoqlikka rahna soladigan missionerlarga, ekstremistlarga qarshi kurash hammamizning vazifamizdir.

Ushbu maqoladan ko‘zlangan maqsad hamyurtlarimizni to‘g‘ri yo‘lga da'vat qilish, diyorimizda mavjud bo‘lgan nasroniylik dini vakillariga samimiylik bilan munosabatda bo‘lish odobini o‘rgatish, shu bilan birga nasroniylik dinini ko‘r-ko‘ronalik bilan qabul qilmaslik, aldov va pul tuzog‘iga ilinmaslikni tushuntirishdir.

Zero, eng oxirgi va ota-bobolarimizning mukammal dini bo‘lgan islom dinidan chiqib, nasroniylik va boshqa dinlarni qabul qilish Allohga ham xush kelmaydigan va insonni iymondan chiqarib dinsiz bo‘lishiga sabab bo‘ladigan amaldir.

Alloh ta'olo  “   وَمَنْ يَبْتَغِ غَيْرَ الْإِسْلَامِ دِينًا فَلَنْ يُقْبَلَ مِنْهُ وَهُوَ فِي الْآَخِرَةِ مِنَ الْخَاسِرِينَ

“Kim islomdan boshqa dinni xohlasa, bas, undan bu hargiz qabul qilinmaydi va oxiratda  ziyon ko‘ruvchilardan bo‘ladi”  deb marhamat qilgan.

Shunday ekan, ayni paytda Rossiya, AQSH, Kanada, Koreya, Isroil, Tayland, Yaponiya va boshqa ko‘plab nasroniy, yahudiy va buddaviylik dinlariga e'tiqod qiluvchi yurtlarda o‘qish, ish va xizmat safarida bo‘lib yurgan azizi aka-uka, opa-singillarimizni o‘zlarining muqaddas iymonlarini asrashi mo‘minlik nomiga dog‘ tushirmasligini tavsiya qilib qolamiz.

Alloh barchamizni O‘z hidoyatidan adashtirmasin!!!

Tohir EVADULLAYEV - O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi 

                                     Samarqand filiali direktori


Kiritilgan vaqti: 22/11/2019 16:03;   Ko‘rilganligi: 1431
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/iymoningizni-asrang-missonerlar-fitnasidan-ogoh-boling
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 14:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing