O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Iymoni yo‘qning vatanparvarligi ham yo‘q

 
 

Bismillahir rohmanir rohim

Hamla qilsa gar senga zulmu jaholat

Ma'rifat ber unga, mudom, har holat

Alloh taolo bashariyatga bergan barcha narsalar ne'matdir. Kimga bu dunyoda boylik bersa, demak, Alloh unga bu dunyoning o‘zida boylik ne'matini ato etib, iltifot ko‘rsatdi. Kim faqir bo‘lsa, demak, Alloh uning peshonasiga Oxiratda to‘kin hayot ne'matini bitdi. Kimga aql bersa, demak, Alloh O‘z maxluqotlari ichida birinchi raqamli bo‘lgan xalqi – insoniyatni naqadar farosatli va bilimdon ekanini isbotladi. Kimga ruhiy xastalikni ravo ko‘rsa, demak, uni hisob-kitobsiz jannatga kirishini iroda etdi. Alloh bergan barcha narsa ne'matdir. Ammo Alloh bergan ne'matlardan nolimoq kufroni ne'mat bo‘lish bilan birga Tangriga qilingan isyon hamdir.

Ma'rifat ham shunday. Alloh O‘z bandalari ichidan saralab ato etgan ma'rifat ne'matini jaholatga alishtirmoq isyondan boshqasi emasdir.

Vatanparvarlik bir bino bo‘lsa, ma'rifat, bilim, iymon, zakovat bu binoning asosiy ustunlaridir. Iymoni, ma'rifati yo‘qning vatanparvarligi ham yo‘q gap.

O‘z yurtiga tosh otganlar, yurtini sotganlar (xususan, buyuklar ziyo tarqatgan, ma'rifat tomir otgan yurtning ustidan mag‘zava to‘kmoqchi bo‘lganlar) Tangrining g‘azabiga duchordirlar.

Uyidagi bor bisotini sotgan kimsaning qorni to‘yar, lekin u o‘sha bisotsiz qolishi aniq. Vatanini sotgan nafaqat bu dunyoda vatansiz qoladi, balki Oxiratdagi nasibalaridan ham mahrum bo‘ladi. Zero, Oxiratdagi hech bir joy (jahannamdan tashqari) sotqin uchun makon bo‘lishni istamaydi.

Modomiki,  sotqinlik dinga nisbatan bo‘lsa, buning jazosi yanada qattiq bo‘ladi. Zero, din nomidan, uning ortida turib qilingan jinoyatga jazo muqarrar.

Alloh taolo Islom dinini tinchlik-totuvlik ramzi qildi. O‘zi yoki o‘zi kabi chetdagi g‘alamislarning jirkanch istaklari yo‘lida bu ramzga darz yetkazgan, tinchlik-totuvlik tushunchasini teskari ishlatilishiga sababchi bo‘lgan kimsaning o‘xshashi Alloh belgilagan halolni harom, haromni halol qilishga uringan kimsaning o‘xshashi bilan farqsizdir – bu ish kufrga tengdir (Alloh saqlasin).

Taqdir Allohning izmida – holatning yaxshi yoki yomonga aylanishi Uning irodasi. Yurt tinchligiga, barqarorligi oshib borayotgan buyuk mamlakat kelajagiga rahna solmoq Allohning taqdiri azaliga qo‘l solmoq bilan barobardir. Agar Alloh istamas ekan, unday kimsalarning harakatlari besamardir. Undaylarning topganlari Tangrining saltanatiga – hukmronligiga aralashmoq deya atalgan ulkan jinoyatdan o‘zgasi emasdir.

O‘zbekiston – chin ma'noda kelajagi buyuk davlat. Chunki bu yurtning o‘tmishi buyuk. U o‘z tuprog‘ida ulug‘lar, avliyolarni yetishtirgan go‘zal bo‘ston. Bo‘stonni bezagan anvoyi gullarning orasida yovvoyi o‘tlar ham bo‘lishi tabiiy. Har qanday yovvoyi o‘simlikning jazosi uni tomiri bilan yulib tashlashdir. Bas, yurt ichida sarg‘ayib yotgan yovvoyi o‘tlarning nafaqat o‘z tomirlaridan, balki butun xalqning, millatning ko‘nglidan yulinishi u xoinlar uchun eng munosib jazodir.

Yurt ravnaqi, el farovonligiga barcha mas'uldir. Bu borada har birimizdan talab etiladigan narsa – shukronalik. Qaysi mamlakatda shukronalik kamayib, uning o‘rnini nonko‘rlik egallab olsa, o‘sha mamlakat tanazzulga yuz tutmog‘i muqarrar. Alloh taoalo hech kimni shukr keltirishdan kibr qiladigan pastkashlarning qatoriga qo‘shmasin. Diyorimizning omonligi, uning ziyosi bardavom bo‘lsin!

Zahiriddin MANSUR

Manba: hidoyat.uz


Kiritilgan vaqti: 19/12/2019 15:48;   Ko‘rilganligi: 1165
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/iymoni-yoqning-vatanparvarligi-ham-yoq
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 03:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing