O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Islom – tinchlik dini

 
 

Bugun biz shunday davrda yashayapmizki “falon kishi koinotda yashash uchun joy buyurtma qilibdi, falon kompaniya u nomdagi eng yuqori texnologiyalarga ega mahsulotini taqdimot qilibdi, bunisi quyosh nuri bilan harakatlanadigan uchar mashina ishlab chiqibdi”, desa hech kim ajablanmay qo‘ydi.

Lekin dunyoning falon mamlakatida terrorchilik xuruji kuzatilibdi desa, yer yuzidagi yetti milliarddan ziyod odam yuragini hovuchlaydigan bo‘lib qoldi. Eng yomoni, sayyoramiz aholisining aksariyati terrorni hali-hanuz din bilan yonma-yon ishlatmoqda.

Qo‘li qonga botgan, na dini, na millati, na vijdoni bor razil kimsalar – terrorchilar o‘ldirsa ham, qaysidir joyni portlatsa ham, qayoqqadir o‘t qo‘ysa ham eng ulug‘ kalima – “Allohu akbar”ni talaffuz qilayotgani dindan bexabar kishilarning ana shunday xulosaga kelishiga sabab bo‘layotgandir. Xo‘sh, aslida ham shundaymi?

Bugun ko‘pchilik o‘ylaganidek, Islom qo‘poruvchilik dini emas, balki tinchlik dinidir. Dinimiz tinchlik, xotirjamlik, huzur-halovat, sulh va omonlik kabi ma'nolarni anglatadi. Bu nomni Alloh taoloning O‘zi tanlagan. Zotan, Buyuk Rabbimizning go‘zal ismlaridan biri ham “As-salom”dir.

“Islom” so‘zi “itoat va bo‘ysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat bo‘lish” hamda “sulh va omonlik” degan ma'nolarni bildiradi. Bu dinni Payg‘ambarning o‘zlari tanlagan emas, balki uni Alloh taolo ixtiyor qilgan. Islom, bu – Alloh yagona deb e'tiqod qilib, unga bo‘ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.

Bu din shundayki, hatto boshqa dinlarni ham inkor etuvchi shaxslarga nisbatan shirinsuxanlik bilan chiroyli muomala qilishga undaydi. Muso va Horun alayhimassalomga o‘zini Xudoman, deb da'vo qilgan Fir'avnga ham Alloh taolo yumshoq va muloyim so‘z bilan gapirishga buyurdi: (Ey, Muso!) Sen o‘zing va birodaring (Horun) Mening oyatlarimni (odamlarga) olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir'avnning oldiga boringiz, chunki u (“Men – xudoman”), deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qo‘rqsa” (Toho surasi, 44-oyat).

Va holbuki, Xudoyi taolo qodir edi Muso alayhissalomga: “Ey, Muso, Fir'avnni oldiga borganingizda asongizni ushlang, ajdahoga aylanib Fir'avnni yutib yuborsin” deyishlikka. Lekin Xudoyi taolo O‘zining eng ulug‘ payg‘ambarlaridan biri bo‘lgan, Alloh taolo bilan vositasiz gaplashgan, Qur'oni Karimda u kishining nomlari 136 marta zikr etilgan, alohida bir Muqaddas kitob nozil qilingan, sevimli payg‘ambarlaridan bittalari bo‘lgan bo‘lsalar-da shirin so‘z va muloyimlik ila munosabat qilishni amr-farmon qiladi.

Islom terrorni, fasod va buzg‘unchilikni butunlay qoralaydi, la'natlaydi. Alloh taolo Qur'oni karimda Yer yuzida buzg‘unchilik qilmaslikni buyurib: “Alloh esa, fasodni (buzg‘unchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat), shu suraning 60-oyatida esa: “Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!” deb marhamat qilgan.

Moida surasining 32-oyatida esa: “Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”, deb marhamat qilingan.

Mufassirlarning ta'kidlashlaricha, aslida ushbu oyat hukmi Isroil avlodiga qarata aytilgan bo‘lsa-da, biroq u barcha musulmonlar uchun ham tegishlidir. Oyatning taqozo etishiga ko‘ra, Yer yuzida fitna-fasod, buzg‘unchilik, qotillik, qo‘poruvchilik, qaroqchilik kabi razil ishlarni qilgan kimsalar qilmishlariga yarasha jazoga tortilishi kerak.

Hadisi shariflarda: “Kim bir ahdlashgan jonni o‘ldirsa, jannatning hidini ham hidlay olmaydi. Albatta, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati); “Haqiqiy musulmon uning qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor yetmaydigan kishidir” (Imom Buxoriy rivoyati), deyilgan.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassami ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi”, deya ta'kidlagan edilar.

Mana shu takliflardan kelib chiqib BMT Xavfsizlik Kengashi 2017 yil 21 dekabr kuni “Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu hujjatga ko‘ra, terrorizm, zo‘ravon ekstremizm hech bir din, millat va sivilizatsiya bilan aloqador emas va bog‘liq holda talqin qilinmasligi kerak.

“Terror” atamasi paydo bo‘lganiga chorak asrdan oshdi. Terror dastidan ming-minglab begunoh odamlar halok bo‘lmoqda, millionlab zamindoshlarimiz o‘z uyidan, vatanidan chiqishga majbur bo‘lib, sarson sargardon yuribdi. Minglab bolalar ta'lim olish u yoqda tursin, uysiz boshpanasiz, ba'zilar hatto yaqinlarisiz yolg‘izlikda, nochor hayot kechirmoqda. Bu esa terrorizm, ekstremizmning achchiq mevasidir.

Ibrohimjon INOMOV, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Manba: Hidoyat.uz


Kiritilgan vaqti: 13/02/2020 16:09;   Ko‘rilganligi: 984
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/islom-tinchlik-dini
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 19:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing