O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ISLOM DINI EKSTREMIZM VA TERRORIZMNI QORALAYDI

 
 

Barchamizga ma'lumki, Islom – haqiqat, tenglik va adolat dinidir. Shunday ekan, bu dinda hech kimga zulm qilinishi mumkin emas. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Arabning ajamdan afzalligi faqatgina taqvo bilan”, deganlar. Shuning uchun ham Islom terrorizmni qoralaydi. Islom dini ko‘rinishi qanaqa bo‘lishidan qat'iy nazar, terrorizm bilan murosa qilishi mumkin emas. Chunki terrorizm Islom dini ta'limotlariga ziddir. Zero, terrorizmda odamlarga zulm qilish bor, begunoh insonlarni nohaq o‘ldirish bor. Odamlar or-nomuslarining toptalishi, himoyaga muhtoj zaifa ayollar, bolalar va keksa yoshdagi insonlarning o‘ldirilishi bor. Terrorizmning ana shu jirkanch taraflarini hisobga olib, Islom dini uni qattiq qoralaydi va rad etadi. Turli ommaviy axborot vositalarida ko‘rib-eshitayotganimiz – terrorizmning Islom dini bilan aloqadorligi, Islom dini terrorchi guruhlar va tashkilotlarni tayyorlab chiqarishi, amalga oshirilayotgan terroristik amaliyotlarning ko‘pchiligi aynan musulmonlar tarafidan sodir etilayotgani haqidagi xabarlar va qarashlarning barchasi xato bo‘lib, ularning hech qanday to‘g‘ri joyi yo‘qdir. Biz ana shu terroristik amaliyotlarni ijro qilayotgan va o‘zlarini Islom diniga mansub deb hisoblayotgan kimsalarni o‘z jonlariga zulm qiluvchilar bo‘lib, ularning maqsadlari Islomning suratini buzib ko‘rsatish, uning obro‘sini tushirishdir, deymiz. Ular aslida Islom dinidan uzoqdadirlar.

G‘arbdagi ayrim ommaviy axborot vositalari Islom terrorizmni qo‘llab-quvvatlaydi, deb jar solmoqda. Ammo ba'zi bir g‘arb davlatlarining musulmon mamlakatlarda amalga oshirgan va oshirayotgan xunrezliklarini ular unutgan yoki unutganga solgandek go‘yo. Ularning bu qilmishlari ham terrordan hech kam emas. Zero, ular ayollar va bolalarni o‘ldirmoqdalar. Insonlarning or-nomuslarini toptamoqdalar.

Islomni terrorizm bilan bog‘laydigan va uni qoralaydigan kishilar avvalo Islom dini nima ekaniga, uning ta'limotlariga boqsinlar. Ana undan so‘ng Islom dinining terrorizm bilan aloqasi bor yoki yo‘qligi ularga aniq bo‘ladi.   

Yuqorida zikr qilinganidek, Islom ekstremizmni ham, terrorzimni ham qattiq qoralaydi. Aksincha u dinni anglashga, barcha insonlar o‘rtasida o‘zaro bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan birodarlik madaniyati va mafkuraviy muloqotni keng yoyishga da'vat qiladi va hech bir millat yoki irqning o‘rtasini ajratmaydi.

 Ekstremizm va terrorizm: Islomning ularga munosabati

Terrorizm – o‘zining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun qo‘rqitish va zo‘ravonlik uslubidan foydalanishga nisbatan aytiladigan vasfdir.

Ekstremizm esa mo‘tadillikning ziddi bo‘lib, nuqsonga yo‘l qo‘yish yoxud me'yoridan oshirib yuborish bilan chegaradan chiqib ketishdir.

Nuqsonga yo‘l qo‘yish deganda Allohning chegaralarini zoye qilish, unga tajovuz qilish bo‘lib, bu narsa haromligiga ittifoq qilingan munkar ishlarga qo‘l urish bilan bo‘ladi.

Me'yoridan oshirib yuborish – Allohning Kitobida yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida kelganidan oshirib yuborish yoki chuqur ketishdir.

Shu narsa aniq va shubhasizki, terroristlar va ekstremistlarning amallari-yu so‘zlari, dinni to‘g‘ri tushunmaganliklari oliyjanoblik va yengillik ustiga barpo qilingan Islom shariatiga to‘g‘ri kelmaydi. Hatto Islomdan boshqa e'tiqod qilinadigan dinlarning barchasi ham ekstremizmni rad etadi. Diniy ibodatlarni ado etishda chuqur ketish va haddidan oshirib yuborishga yoki ijtihod yo‘li bilan chiqarib olingan masalar borasida birovlar olib borgan ijtihodlarni o‘zlashtirib olishga yoxud qarshi fikrda bo‘lganlarga nisbatan shariat chegaralaridan chiqib ketishga aslo ruxsat bermaydi. Haromligiga barcha ulamolar hamfikr bo‘lgan ana shu munkar ishlarning insoniyatga, ayniqsa Islom va musulmonlarga ko‘rsatadigan salbiy ta'siri juda kattadir. Bu ta'sirlar g‘arbliklar nazdida Islomning obro‘sini to‘kish bilan bo‘ladimi yoki musulmonlar ommasi nazdida uning suvratini buzib ko‘rsatish bilan bo‘ladimi, baribir.

Shu nuqtai nazardan ham Islom dini xalqlarni xarob qiladigan va halokatga olib boradigan ana shu manfur va salbiy illatdan qattiq qaytargan. Islom dini ta'kidlaydigan narsa shuki, musulmonlar bir-birlari bilan yelkadosh va o‘zaro bir-birlariga yordamchi bo‘lsinlar. Allohning mustahkam arqoni – Qur'onni mahkam tutsinlar va to‘g‘ri yo‘ldan yursinlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislarini ham xuddi shu nuqtai nazardan kelib chiqib tushunishimiz lozim bo‘ladi:

         “Alloh hududida qoim banda bilan mazkur hududlarni buzuvchi kimsaning misoli bir kemaga bo‘linib joylashgan qavmga o‘xshaydi. Ularning ba'zilariga kemaning tepa qismidan, ba'zilariga esa pastki qismidan joy tegdi. Pastda joylashganlar suv ichmoqchi bo‘lsalar, tepadagilarga murojaat qilishardi.

Keyin ular: “O‘zimiz uchun shu yerdan bir teshik ochib olsak, tepadagilarni ham qiynab o‘tirmasdik”, dedilar.

Agar tepadagilar ularni o‘z bilganlariga tashlab qo‘yishsa, barchalari halok bo‘lishadi. Agar pastdagilarning qo‘lidan tutib qolishsa, o‘zlari ham, ular ham omon qolishadi”. (Buxoriy rivoyati).

Kemadagi kichkina bir teshik butun boshli jamiyat uchun hozirlab qo‘yilgan katta va keng bir qabr singari bo‘lishini hech kim inkor eta olmaydi.

Islom – dinda chuqur ketishdan, qattiqqo‘l bo‘lishdan va musulmonlarni qo‘rquvga solishdan qaytaradi

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Dinda g‘uluvga ketishdan ehtiyot bo‘linglar. Zero, sizlardan oldingilar dinda g‘uluvga ketganlari uchungina halok bo‘lganlar”, deb uqtiradilar. (Imomlar Ahmad, Nasaiy, Ibn Moja va Hokimlar rivoyati). Ibn Mas'ud roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning uch marta takror: "Mutanatti'lar halok bo‘ldi", deganlarini rivoyat qilgan. (Imomlar Muslim va Abu Dovud rivoyati). Mutanatti'lar - chuqur va g‘uluv ketganlar, so‘z va ishlarida chegaradan chiqqanlar, hamda qattiqqo‘llikka hojat yo‘q joyda qattiqqo‘l bo‘lganlar deganidir.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Hech bir musulmon yoki mo‘minning biror musulmonni qo‘rqitishi halol emasdir”, deganlar.

Bir odam hazil tariqasida boshqa bir odamning kavushini olib yashirib qo‘yibdi. Bu ish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga so‘zlab berilganida u zot: “Musulmon odamni qo‘rqitmang. Zero, musulmonni qo‘rqitish ulkan zulmdir”, dedilar. Shuningdek, u zot sollallohu alayhi vasallam nohaqdan qo‘rqitib qo‘yish maqsadida birovning yuziga qaragan kishining ham qiyomat kunida jazosi borligini ta'kidlab: “Kim asossiz ravishda bir musulmonga uni qo‘rqitib qo‘yish uchun qaraydigan bo‘lsa, qiyomat kuni Alloh taolo uni qo‘rqitib qo‘yadi”, deganlar. Chunki Islom tinchlik va omonlik dinidir. Musulmonni qo‘rqitish va cho‘chitib qo‘yish bu dinning ruhiga to‘g‘ri kelmaydi.

Ekstremizm va terrorizmning chorasi

Ekstremizm va terrorizmdan saqlanish, uning oldini olish, uni muolaja qilish uchun lozim bo‘lgan eng zarur tavsiyalar – qisqacha qilib aytganda, – ushbulardir:

- dindan xabardorlikni oshirish lozim.

Diniy tashkilotlar va boshqalar yoshlarning Islom fiqhi va diniy bilimlardan yetarli darajada boxabar bo‘lishlari uchun qattiq harakat qilishlari, ularni ilm olishga yo‘naltirishlari lozim. Mutaxassis bo‘lmaganlar esa Alloh taolo: “Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘rangiz”, deb buyurganidek, diniy bilimlarni mutaxassislardan olishlari kerak.

- yoshlar bilan ulamolar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash zarur.

-  aynan bitta fikr ustida qotib qolib, mutaassiblik qilmaslik zarur.

- boshqalar bilan muloqot olib borish va o‘zgalarni hurmat qilish madaniyatini keng targ‘ib etish lozim.

- passivlik va turg‘unlikka qarshi qattiq kurash olib borish kerak.  Buning uchun fuqarolarning qalblarida Vatanga bo‘lgan muhabbatni chuqur ildiz ottirish lozim. Ana shunda ular o‘z Vatanlarining ravnaqi, yuksalishi va gullab-yashnashi yo‘lida jonlarini fido qilib yashaydilar.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, terrorizm va ekstremizmning Islom diniga hech qanday aloqasi yo‘qdir. Qolaversa, ba'zi tomonlar da'vo qilayotganidek, terrorizm faqat musulmonlar bilan bog‘liq narsa emas. O‘zini musulmon deb da'vo qilayotgan, ammo faoliyatlari Islom dinining pok va insoniylik tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydigan kishilardan Islom ham, terrorzim va ekstremizmni qabul qilmaydigan har bir mo‘min-musulmon ham bezordir.

Alouddin HOFIY - Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi


Kiritilgan vaqti: 27/11/2019 10:20;   Ko‘rilganligi: 1936
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/islom-dini-ekstremizm-va-terrorizmni-qoralaydi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 00:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing