O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

HAR KECHADA VOQEA SURASINI O‘QISH

 
 

Hofiz ibn Asokir Abdulloh ibn Mas'ud haqida shunday rivoyat qiladi: “Abdulloh ibn Ma'sud vafot etishi arafasida betob bo‘lib qoldi. Usmon ibn Affon uning ziyoratiga kelib: “Nimadan shikoyating bor?” deb so‘radi. Ibn Ma'sud: “Gunohlarimdan”, dedi. Usmon ibn Affon: “Nimani xohlaysan?” deb so‘radi. Ibn Ma'sud: “Rabbimning rahmatini”, dedi. Usmon ibn Affon: “Senga tabib buyuraymi?” dedi.

Ibn Ma'sud: “Tabib (ya'ni, Alloh) meni betob qildi”, deb javob qildi. Usmon ibn Affon: “U holda senga hadya buyurtiraymi?” deb so‘radi. “Unga hojatim yo‘q”, dedi Ibn Ma'sud Usmon ibn Affon: “Senda hojat bo‘lmasa, sendan keyin qizlaringga qoladi”, dedi. Ibn Mas'ud bunga javoban: “Qizlarimning kambag‘al bo‘lib qolishlaridan qo‘rqayapsanmi? Men ularga har kechada Voqea surasini o‘qishni buyurganman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kimki har kechada Voqea surasini o‘qisa, zinhor qashshoqlikka uchramaydi”, deganlarini eshitganman”, deb javob berdi”.

Mashhur sahoba Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu vafot etish arafasida kasallikka chalingan edi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu uning ziyoratiga kelib, hol-ahvol so‘ragach, Abdullohga qarab: “Nimadan shikoyating bor?” Ya'ni, seni nima bezovta qilayapti, nimadan xavotirdasan, deb so‘radi. Ibn Mas'ud unga gunohlaridan qo‘rqib turganini ma'lum qildi.    Bu esa, Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning o‘ta taqvodor, imonda peshqadam kishilardan bo‘lganini, ayni paytda gunohlari tufayli Allohning azobiga giriftor bo‘lishdan qo‘rqayotganini aytdi. Aksariyat hollarda bemordan nima shikoyatingiz bor, deb so‘ralsa, u yerim og‘riyapti, bu yerim og‘riyapti, bu narsani yegim kelyapti, u narsani yegim kelyapti, deb ko‘p narsalarni talab qiladi. Ammo Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu dunyodan oxiratni afzal ko‘rgan holda gunohlaridan shikoyati borligini ma'lum qildi.

Shikoyati faqat gunohlaridan ekanini bilgan Usmon roziyallohu anhu undan: “Nimani xohlaysan?” deb so‘radi. Ibn Mas'udning bemorligini hisobga olib, uning nima xohlashini, nafsi nimani istayotganini so‘ragan edi, Abdulloh: “Rabbimning rahmatini”, deb javob berdi. Ya'ni, Rabbim Allohning rahmatini, U Zot gunohlarimni kechirib, jannatiga kiritishini xohlayman.

Bundan ma'lum bo‘ladiki, Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu o‘limi arafasida xavf va rajo orasida bo‘lgan – Allohning rahmatidan umid qilib, azobidan xavfda bo‘lgan.

Usmon ibn Affon roziyallohu anhu: “Senga tabib buyuraymi?” deb so‘raganida, Abdulloh buni inkor qilib, uni Alloh taolo imtihon qilayotgani va bunga chiroyli sabr qilishini aytdi.

Hamma takliflarini rad qilgach, Usmon roziyallohu anhu Abdulloh roziyallohu anhuga: “U holda senga hadya buyurtiraymi?” Ya'ni, senga sovg‘a olib kelishlarini amr qilaymi, deganida ham u: “Unga hojatim yo‘q”, dedi.                                                                              Usmon ibn Affon Abdullohga, sening hojating bo‘lmasa ham, men bergan hadya va sovg‘alar qizlaringga mulk bo‘lib qoladi, deganida, Abdulloh ibn Mas'ud: “Qizlarimning kambag‘al bo‘lib qolishlaridan qo‘rqayapsanmi? Men ularga har kechada Voqea surasini o‘qishni buyurganman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kimki har kechada Voqea surasini o‘qisa, zinhor qashshoqlikka uchramaydi”, deganlarini eshitganman”, deb javob berdi.

Demak, har kechada Voqea surasini boshidan oxirigacha ixlos va tadabbur bilan o‘qish kishini turli xil mashaqqat, xususan qashshoqlikdan saqlanishi, rizqi kengayishiga sabab bo‘lar ekan.

Ibn Ma'sud roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Kimki har kechada Voqea surasini o‘qisa, zinhor kambag‘allikka duchor bo‘lmaydi” (Abu Ya'lo va  Bayhaqiy “Shu'abul iymon”da rivoyat qilgan.  Bayhaqiy rivoyatida: “Ibn Mas'ud har kecha qizlarini Kahf surasini o‘qishga buyurar edi” jumlasini ziyoda qilgan).

Voqea surasi keng rizqqa sabab bo‘lishi haqida bundan boshqa rivoyatlar ham bor. Jumladan, Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Voqea surasi boylik (keltiruvchi) suradir. U (sura)ni o‘qinglar va farzandlaringizga o‘rgatinglar” (Ibn Mardavayh rivoyati).

Yana Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Ayollaringizga Voqea surasini o‘rgatinglar. Zero, u boylik (keltiruvchi) suradir” (Daylamiy rivoyati).

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, har kechada Voqea surasini o‘qish Allohning izni bilan banda hayotiga farovonlik olib keladi va rizqi keng bo‘lishiga omil bo‘ladi.

Muallif:Z.Eshonqulov - O‘MI Samarqand viloyati vakili (Manbalar asosida tayyorladi).


Kiritilgan vaqti: 12/11/2019 19:16;   Ko‘rilganligi: 32937
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/har-kechada-voqea-surasini-oqish
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 06:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing