O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Fitnalarga nisbatan immunitet hosil qilish

 
 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan Huzayfa ibnul Yamon roziyallohu anhu quyidagi hadisni rivoyat qiladilar (Sahihi Muslimda keladi): «Fitnalar (turli ma'siyatlaru, Alloh rozi bo‘lmaydigan ishlar) inson qalbiga xuddi bo‘yraning cho‘plaridek birma-bir ko‘ndalang qilinadi. Qaysi qalb uni shimib olsa, qalbida (har bir fitnaga) bitta qora dog‘ hosil bo‘ladi, qaysi qalb uni inkor etsa, qalbida bir nurli oq belgi hosil bo‘ladi. Shu holda borib qalblar ikki xil bo‘ladi: xuddi sadafdek silliq oq (nurli) qalb, yeru osmon turar ekan, bunday qalbga keyin fitna-fasodlar ta'sir qilmaydi, yana biri qop-qora xuddi to‘ntarilgan qurumli choydishdek bo‘lgan qalb, na ezgulikni taniydi, na munkar-yomonlik ma'siyatlarni inkor eta oladi, faqat (maraz) qalbi shimgan havoyi nafsidan boshqasini tanimaydi».

Ushbu hadisdan ko‘rinib turibdiki, fitna-fasodlar, turli balo-imtihonlar barchaga ko‘ndalang qilinadi, fitnalarni birin-ketin qabul qilib, ko‘nib ketaveradigan bo‘lsa, qalbi qorayib boradi, kelishi bilan daf qilishga harakat qilib, qalbidan unga joy bermas ekan, uning qalbida fitnalarga nisbatan (hozirgi zamon tili bilan aytsak) immunitet hosil bo‘la boshlaydi. Shuning uchun inson o‘z hayotida ko‘radigan turli ma'siyatlarga beparvo o‘tib ketishi qalbi uchun nihoyatda xatarli bo‘lib, «o‘zim qilmayapmanku, bo‘ldida» deyish ish bermaydi. Qalbida o‘sha ma'siyatga nisbatan nafrat tug‘ilmasligiga olib keladi, borib-borib bunday qalb o‘lik qalbga aylanadi, Alloh O‘zi saqlasin.

Shuning uchun kishi doimo o‘zini turli qo‘rg‘onlar bilan himoyalab yurishi zarur: Qur'on qiroati, turli duo va zikrlar, istig‘forlar, qalbdagi turli qalb kasalliklari (kin, mo‘minlarga adovat, ko‘rolmaslik, kibr, riyo, maqtanchoqlik, xudbinlik va hokazo)ni quvishga intilish, bu borada kelgan duolarni o‘qib yurish, beva-bechoralarga yordam berish, kichikning boshini silash, kattaga hurmatda bo‘lish, mo‘minlar ortidan doim yaxshi duoda bo‘lish va hokazo, barcha ezgu ishlarni o‘zining hayotiniing bir qismiga aylantirib olishi kerak bo‘ladi. Hech qachon va hech qayerda o‘zini gunohlardan qutuldim deb o‘ylamasligi, doimo munofiq bo‘lib qolish xavfida yurishi lozim bo‘ladi. Hazrati Umardek zot o‘zlarining munofiq bo‘lib qolishlaridan qo‘rqib yurgan bo‘lsalar, bizga o‘xshaganlar o‘n karra, yuz karra hadiksirasak arziydi. Ayniqsi, zamon oxirlayotganing ba'zi belgilari (odamlarning osmono‘par binolarga ruju qo‘yishi) ko‘rina boshlagan bizning zamonamizda bir lahza bo‘lsa ham xotirjam bo‘lishga haqimiz yo‘q.

Sahihaynda kelgan bir hadisda payg‘ambarimiz shunday deydilar: «Allohga qasamki, qiyomat shunday vaqtda bo‘ladiki, ikki kishi (sotuvchi va xaridor) savdodagi kiyimlarni yozib ko‘rishayotgan bo‘ladi. Ular na savdo qilishga ulguradilar va na kiyimni yig‘ishtirib olishga. Allohga qasamki, qiyomat shunday qoim bo‘ladiki, birov sog‘in sigirining sutini olib kelayotgan bo‘ladi, o‘sha sutni ichishga ulgurmaydi. Allohga qasamki, qiyomat shunday keladiki, birov o‘z arig‘ini tuzatayotgan (tomorqasiga suv yo‘naltirishga urinayotgan) bo‘ladi, uni sug‘ora olmaydi. Allohga qasamki, qiyomat shunday to‘satdan keladiki, ovqat yeyish uchun bir odam og‘ziga luqma ko‘targan bo‘ladi, o‘sha luqmani solishga ulgurmaydi».

Bu hadisdan ochiq-oydin, kunduzdek ravshan bo‘lmoqdaki, qiyomat dabdurustdan, bir lahzada ro‘y beradi. Odamlar «Hah» deyishga ulgurmay qoladi. Bu hol barchamizni har lahzada shunday holat kelishiga tayyor turishga undashi zarur. Alloh taolo O‘zi hammamizni nifoqu kufrdan himoya qilsin.

Xayrulloh Sattarov, 

O‘MI Samarqand viloyat vakili o‘rinbosari

Internet ma'lumotlari asosida tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 13/08/2020 11:53;   Ko‘rilganligi: 894
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/fitnalarga-nisbatan-immunitet-hosil-qilish
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 23:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing