O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Farzandlar tarbiyasi

 
 

Alloh taolo insonga farzandni aslida ne'mat qilib bergan. Lekin gohida mana shu farzand ota-onasiga boshga balo bo‘lishi ham mumkin. Agar oila tinch-totuv bo‘lib, ota-ona o‘z farzandlariga yaxshi tarbiya bersalaru, bola ulg‘ayganda ota-onasiga raxmat olib kelsa, bu ular uchun Allohning mukofoti bo‘ladi ammo tiskarisi bo‘lsa Alloh o‘zi asrasin. 

Xorijda bolalarni sog‘lom va barkamol o‘stirish borasida olimlar qiziq tajriba o‘tkazishadi. Ota bola tug‘ilishiga besh olti oy qolganida har kuni ma'lum bir vaqtda bitta ertakni «uning» yonida so‘ylaveradi. Go‘dak tug‘ilgandan so‘ng ham ertak aytishda davom etadi. Bolaning tili  chiqqanida ota o‘sha ertakni ayta boshlaganida, uning davomini bolaning o‘zi so‘zlab beribdi. 

Hofizul Qu'ron bo‘lgan bir kishi farzand ko‘radi. Bolaning tili chiqqanida, ma'lum oyatlarni takrorlayotganini eshitishadi. Ma'lum bo‘lishicha, ota iloxiy kalomni tilovat qilayotganida farzandning onasi unga some' bo‘lib, tinglab turar ekan. Demak, farzandni sog‘lom o‘stirishni ona qornida vujudga kelganidan boshlash kerak ekan.

Ota-ona doimo yaxshi, sog‘lom, solih farzand umidida bo‘lmog‘i lozim. Hazrati Imomi A'zam rahmatullohi alayhning dunyoga kelishlari voqeasining o‘zigina fikrimiz dalili bo‘la oladi. Taqvodor ota va diyonatli, afifa onadan No‘mon Ibn Sobit r.a.ga o‘xshagan farzand tug‘ilgan. Imom A'zam Hazratlari qiyomatga qadar nosog‘lom e'tiqod va amallarga «dori va darmon» bo‘ladigan ilmiy meros qoldirganlar.

 Alloma Abdurauf Fitratning «Oila» asarida farzandni sog‘lom tarbiyalash xususida jumladan shunday satrlar keltiradi: «Farzand tarbiyasi aslida ikki kalimadan iborat. Shuning uchun ham nazaringizda juda mayda muammodek ko‘rinadi. Lekin, dono odamlar biladigan, bani Odamning siyosiy, diniy, ijtimoiy istiqbolining asosi ana shu ikki so‘z – «bola tarbiyasidan iborat birikmaga bog‘lik. Bu xulqning harakat qilinishi, davlatmand bo‘lish, baxtli bo‘lib izzat – hurmat topish, zaif bo‘lib xorlikka tushishi, faqirlik jomasini kiyib, baxtsizlik yukini tortib, e'tibordan qolish, o‘zgalarga tobe', qul va asir bo‘lishi bolalikdan o‘z ota – onalaridan olgan tarbiyalariga bog‘liq». 

Alloh taolodan farzandlarimizga yaxshi tarbiya qilib, kelajakda ularni el-yurt koriga yaraydigan solih va komil insonlar qilib yetishtirishni barchamizga nasib etsin. 

Urgut tuman bosh otinoyisi Nurmatova Zilolaxon


Kiritilgan vaqti: 27/06/2020 08:17;   Ko‘rilganligi: 1108
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/farzandlar-tarbiyasi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 19:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing