O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Er-xotin orasidagi harom qilingan jinsiy aloqa ko‘rinishlari

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Quyida er-xotin orasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan, ammo Islomda harom qilingan jinsiy aloqa ko‘rinishlari haqida so‘z yuritiladi.

Hayz va nifos ko‘rish vaqtidagi jinsiy aloqa

Xotin kishi hayz ko‘rayotgan paytda er unga jinsiy yaqinlik qilishi Islomda harom sanalgan amallardandir.

Alloh taolo aytadi: «Sendan hayz haqida so‘rarlar. Sen: «U ko‘ngilsiz narsadir. Hayz chog‘ida ayollardan chetda bo‘ling. Ularga pok bo‘lmagunlaricha yaqinlashmanglar. Agar pok bo‘lsalar, ularga Alloh amr qilgan joydan keling. Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadi», deb ayt» (Baqara surasi, 222-oyat).

Ayol hayz ko‘rayotgan vaqtida unga yaqinlik qilish ushbu oyatga binoan harom qilingandir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham hayz vaqtida ayollarga yaqinlik qilishdan qaytarganlar.

Maymuna onamizdan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z ayollarini hayz holatida bo‘lganlarida kiyimlari ustidan quchoqlar edilar» (Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisdan hayz holatida bo‘lgan ayollarga jinsiy yaqinlik qilib bo‘lmasligi, ammo ularni quchoqlash, o‘pish mumkinligi kelib chiqadi.

Nifos ko‘rayotgan ayolga ham jinsiy yaqinlik qilish harom qilingan amallardandir. Nifos – ayol kishi bola tug‘gach uzog‘i 40 kun ko‘radigan qondir. Nifosning eng oz muddati belgilanmagan.

Hayz vaqtida jinsiy yaqinlikni man qilinganligi haqidagi oyat va hadislar nifosga ham taalluqlidir.

Ro‘zada og‘iz yopiq bo‘lgan vaqtda va haj vaqtida jinsiy yaqinlik qilish

Ramazon ro‘zasini tutib og‘iz yopiq holatida jinsiy aloqa qilish haromdir. Ramazon vaqtida og‘iz ochilgandan keyin jinsiy yaqinlik joiz bo‘ladi. Ramazonda bo‘lmay, shunchaki nafl ro‘za tutilgan vaqtda ham jinsiy yaqinlik joiz emas. Nafl ro‘za tutmoqchi bo‘lgan ayol ro‘za tutish uchun erining oldidan o‘tib qo‘yishi lozim.

Ramazon ro‘zasida jinsiy yaqinlik qilish mumkin emasligi, ro‘za buzilishi va kafforat berishi shart ekani Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislarida kelgan. Ushbu hadisda bir a'robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, Ramazon ro‘zasi vaqtida ayoli bilan qo‘shilgani haqida xabar berganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga kafforat berishi lozim ekanligini aytganlar.

Haj oylarida hajga ehrom bog‘laganlarga ham jinsiy yaqinlik qilish joiz emas. Jinsiy yaqinlik qilib qo‘ysalar uning vaqtiga ko‘ra hajlari buziladi yoki kafforat berishlari lozim bo‘ladi.

Ulug‘ Alloh aytadi: «Haj ma'lum oylardir. Kimki ularda o‘ziga hajni farz qilsa, hajda shahvoniy narsalar, fisq va janjal yo‘qdir. Nima yaxshilik qilsangiz, Alloh uni biladi. Ozuqa oling, eng yaxshi ozuqa taqvodir. Menga taqvo qiling, ey aql egalari!» (Baqara surasi, 197-oyat).

O‘ziga hajni farz qilish – hajni niyat qilib, ehromga kirish deganidir. Demak, unday odamga shahvoniy ishlar, ya'ni jinsiy yaqinlik va uning haqidagi gap-so‘zlarni so‘zlash mumkin bo‘lmaydi.

Afzal Abror tarjimasi


Kiritilgan vaqti: 15/09/2020 13:27;   Ko‘rilganligi: 4622
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/er-xotin-orasidagi-harom-qilingan-jinsiy-aloqa-korinishlari
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 19:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing