O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ehson fazilati

 
 

“Imon keltirgan bandalarimga ayting, namozni to‘kis ado etsinlar. Savdo-sotiq, oshna-og‘aynigarchilik bo‘lmaydigan Kun kelmasdan oldin ularga rizq qilib bergan narsalarimizdan maxfiy va oshkor infoq-ehson qilsinlar” (Ibrohim surasi, 31-oyat).

Alloh taolo mo‘minlarga eng avvalo namozni to‘kis, barcha rukinlariga amal qilgan holda va o‘z vaqtida ado etishni buyurmoqda. Keyin esa qiyomat kelmasidan turib Alloh bergan narsalardan atrofdagilarga hoh oshkora, hoh maxfiy infoq-ehson qilishni amr qildi. Arab tilidagi “ehson” so‘zining ma'nolari ko‘p. “Ehson” deganda odatda birovga biror ne'matni berish va fazlu karam ko‘rsatish tushuniladi. Lekin “ehson” so‘zi lug‘atda “yaxshilik qilish, ezgulik ko‘rsatish”, ma'nalarini ham anglatadi. Qur'onda ehsonning fazilati haqida zikr etish barobarida ehson qiluvchilarga beriladigan savob-mukofotlar, ularga yetadigan manfaatlar ham bayon etilgan. Haqiqatan, biror kishiga bir narsani ehson qilsangiz yoki unga biror yaxshilik ko‘rsatsangiz, bundan dilingiz ravshan tortadi, ruhiy xotirjamlik yuzaga keladi, o‘zgalarga manfaat yetkazganingizdan xursand bo‘lasiz. Eng asosiysi, kimga yaxshilik qilsangiz, Alloh taolo uni o‘zingizga o‘n barobar qilib qaytaradi.

         Payg‘ambar alayhissalomning qizlari Fotima onamiz bir kuni kasal bo‘lib qoldilar. Negadir ko‘ngillari anor tusadi. Buni erlari-hazrati Aliga aytdilar. Hazrati Aliy bozorga chiqib, bir dona anor sotib oldilar. Chunki pullari faqatgina bittagina anorga yetdi. Bozordan qaytayotsalar, yo‘lda tilanchi uchrab, qo‘llaridagi anorni so‘radi. Imon va hayolari qo‘ymay, anorni ikkiga bo‘lib, yarmini gadoga berdilar. Tilanchi xursand bo‘ldi. Uyga kelib, hazrati Aliy anorning yarimini ayollariga berdilar va uzr so‘radilar. Hazrati Fotima uzrni qabul qilib: “Alloh sizdan rozi bo‘lsin, ajr-mukofot bersin” , dedilar.

         Oradan hech qancha fursat o‘tmagan ham ediki, eshik taqillab qoldi. Hazrati Aliy ochib qarasalar, eshik oldida Salmon Forsiy turibdilar. Qo‘llaridagi idishda to‘qqiz dona anor. “Bu anorlarni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam berib yubordilar” dedi. Salmon. “Bo‘lishi mumkin emas, agar Rasululloh berib yuborganlarida o‘n dona bo‘lish kerak edi, chunki Alloh bir yaxshilikka o‘n yaxshilik beriladi”, degan.  Shunda Salmon Forsiy cho‘ntaklaridan o‘ninchi anorni chiqarib: “Barakot uchun olib qolgan edim”, dedi.

         Ha azizilar, biz qiladigan har qanday ehsonimizni xolis amalga oshirsak uning mukofotini Parvardigorimiz o‘n barobar balki, undan ham ziyoda qilib qaytaradi.

Z.Eshonqulov - O‘MI Samarqand viloyat vakili (manbalar asosida)


Kiritilgan vaqti: 26/11/2019 17:39;   Ko‘rilganligi: 4335
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ehson-fazilati
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 17:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing