O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Duo ko‘zga ko‘rinmas himoyachidir

 
 

Qur'oni Karimning 47 joyida Payg‘ambar va ulug‘ zotlarning duosi keltirilgan. “Duo”arabcha so‘zdan olingan bo‘lib, so‘rash, iltijo va chaqirish ma'nolarini anglatadi, insonning muayyan moddiy va ma'naviy ehtiyojlarining qondirilishini so‘rab, iltijo etadigan tilakdir.

Duo Yaratgan bilan bandasi o‘rtasida ma'naviy bog‘lanishni ta'minlaydi. Inson paydo bo‘lgan ilk davrlardan buyon duoga kuchli ehtiyoj sezib yashagan. Chunki duo adashish va xatolarga moyil ojiz insonni qiyinchiliklar paytida umidu-ishonchini yo‘qotmaslikka, shodligu quvonch vaqtida haddidan oshmay shukur qilishga yo‘naltiradigan amaldir. Shuning uchun duo Alloh taoloni eslash, Unga yolvorish, o‘zining ojizligini tan olgan holda Undan yordam so‘rash, insonni Xoliq bilan bog‘lovchi ma'naviy ibodatdir.

Duo odamning Yaratganga muhtojligi ifodasi bo‘lib, Alloh nazarida ham g‘oyat maqbul ibodatlardan sanaladi. Qur'oni karim va hadisi shariflarda insonlarni duo qilishga targ‘ib qilinadi. Inson duo qilganda Allohning rahmatidan umidvor va g‘azabidan qo‘rqqan holda chin yurakdan so‘rab duo qilmog‘i lozimdir. Bu haqda Qur'oni karim oyatlarida shunday deyiladi: “…darhaqiqat, ular (mazkur payg‘ambarlar) yaxshi ishlarini qilishga shoshar va bizga rag‘bat va qo‘rquv bilan duo qilar edilar hamda bizga (barcha buyuruqlarimizga) itoat etuvchi edilar” (Anbiyo surasi 90-oyat).

Yana boshqa oyatda: “Menga iltijo qiluvuchining duosini ijobat eturman. Bas ular ham meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, menga iymon keltirsinlar, shoyad (shunda) to‘g‘ri yo‘lga tushib ketsalar” (Baqara surasi 186-oyat).

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Duo qiling, chunki duo ibodatning o‘zagi va mag‘zidir”, deganlar. Ushbu hadislarida mo‘min uchun ibodatdan murod ham o‘z ojizligini tan olgan holda Allohdan madad so‘rash ekaniga ishora bordir. Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radilar: “Ey Rasulloh Robbimiz bizga uzoqmi yoki yaqinmi? Agar yaqin bo‘lsa ovoz chiqarmay ichimizda duo qilaylik, uzoq bo‘lsa nido qilaylik”. Shunda Baqara surasining 186-oyati nozil bo‘ldi: “Sizdan (ey Muhammad) bandalarim Mening haqimda so‘rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas ular ham meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib menga iymon keltirsinlar, shoyad (shunda) to‘g‘ri yo‘lga tushib ketsalar”. Yana boshqa bir oyatda:“Robbingizga zorlanib va xufiyona (ovozsiz)duo qilingiz! Zero, U(duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (A'rof surasi 55-oyat).

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘abarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: “Kimga duo qilish baxti muyassar bo‘lsa, unga rahmat eshiklari ochiladi. Allohga dunyoviy istaklar ichida eng maqbuli undan yaxshilik so‘rashdir. Duo keladigan balo-qazoni daf etadi. Taqdirni faqat duo o‘zgartira oladi. Shuning uchun sizlar ham duo qiling” (Imom Termiziy).

Ikkinchi hadislarida “Duo ibodatning mag‘zidir”, dedilar va orqasidan G‘ofur surasining 60-oyatini o‘qidilar: “Menga duo qilingiz, men sizlar uchun (duolaringizni) qabul qilay!” Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Duo avvalgi va oxirgi barcha musibatlarni daf etadi. Ey Allohning bandalari, sizlar ham duo qiling”.

Duo qilishning ham o‘z odobi mavjud, shu odob bilan qilingan duo ijobatdir. Bu haqda Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” kitoblarida Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilinadi: Men masjidda ibodatimni ado qilib so‘ng duoga qo‘l ochdim. Avval Allohga hamd so‘ng Rasulullohga salovat aytib, so‘ng o‘zim uchun duo qilib so‘radim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumalar bilan kirib keldilar va dedilar: “Tila senga berilgaydir, tila senga berilgaydir”.

Duoning ijobat bo‘lish shartlari: ixlos, ishonch, samimiylik va pok holda duo qilishdir. Hadisi Qudsiyda deyiladi: “Ey odam farzandi, dunyodagi narsalar uch xildir: biri Men uchun va biri Men bilan sening o‘rtamizdadir va yana biri sendandir. Sendan bo‘ladigani duo va Mendan ijobat qilmoq. Bas duong to‘silib qolmas, magar u harom yemoq birla to‘silur”.

Azizlar! Oilamiz, farzandlarimiz va yurtimiz haqida doim duoda bulaylik. Alloh taolo barchamizga ikki dunyo saodatini ato aylasin! Omin!

Nursultonxon domla Abdumannonov - Samarqand shahar “Damariq” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 19/11/2020 13:07;   Ko‘rilganligi: 2396
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/duo-kozga-korinmas-himoyachidir
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 04:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing