O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Dinimizni o‘rganmasak, nimalar bo‘lishi mumkin?

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bir yaqin birodarimizning aytganlarini, inshaalloh, manfaatli bo‘lar, deya, sizlarga ham yetkazishni niyat qildim. U kishi aytadi:

«Sizlarga ba'zi bir narsalarni aytib bermoqchiman. Bu bilan o‘zimni ilmli ko‘rsatish ila o‘zgalarni johillikda ayblamoqchi emasman. Shunchaki, agar dinimizni o‘qib-o‘rganib, qo‘ldan kelganicha amal qilish payidan bo‘lmas ekanmiz, o‘zim guvohi bo‘lgan va hozir sizlarga aytib beradigan voqealardagi holatlarga tushib qolishimiz hech gap emasligini tushunishinglarni xohlardim, xolos. Allohga qasamki, quyidagi aytadiganlarim, afsuski bugungi kunning ro‘yi-rost gapi.

Bir ayol o‘qituvchini ko‘rdim. Undan riboning bir turi haqida nima fikrda ekanligini so‘rashdi, ya'ni halol-haromligini. U kishi riboni halol deyish bilan kifoyalanmadi. Qiyoslashni qanday qildi, bilmadim, u aytdiki: «U ham bir zakotga o‘xshagan narsa-da!» Mana, johillikning oqibati, o‘zini musulmon sanagan kishining dinini o‘rganmaganidan tushib qolgan ahvoli, haromni halol bilishi, haromni ibodatga o‘xshatishi.

U kishi xuddi o‘sha majlisda muboh ilmni o‘rganishni farz amaldan afzal bilishini va bu yo‘lda farz ibodatni tark qilish mumkinligini ham aytdi. Aniqrog‘i, namozni — dinning ustunini tark qilishni, uni «qulatib qo‘yib», muboh ilmni o‘rganishni to‘g‘ri deb hisoblashini aytdi.

E'tibor bering, avvaliga u haromni halol degan va uni ibodatga qiyos qilgan edi, endi esa farzni muboh amal evaziga tark qilishni to‘g‘ri deb bilishini aytdi. Bu bir musulmonman degan o‘qituvchi ayolning ishi edi. Bu johillikning kasofati edi. Bu dinimizni o‘rganmay, quruq musulmon bo‘lib, uni meros olibgina yursak, har birimiz tushib qolishimiz mumkin bo‘lgan hol edi.

Boshqa bir holat. Bir birodarimiz bilan payg‘ambarlar haqidagi suhbat asnosida Iyso alayhissalom to‘g‘rilarida gaplashib qoldik. U kishi: «Nimaga Xudo darajasiga ko‘tarib yuborishgan ekan. Menimcha, yaxshilab tushuntirmagan bo‘lsa kerak», – dedi payg‘ambarni nazarda tutib. Keyin men: «Payg‘ambarlar o‘zlariga yuklatilgan vazifani unda hech bir kamchilikka yo‘l qo‘ymay to‘la-to‘kis ado etishgan. Bu shunday iymon keltirishimiz lozim bo‘lgan narsa», deya unga tushuntirdim. U kishini ko‘pchilik diniy ilmi yaxshi deb bilardi. Bu ana shunday kishining holi edi. Aslida, iymon keltirish lozim bo‘lgan narsalarga nisbatan e'tiqodimiz qanday bo‘lishi kerakligini o‘rganishimiz lozim. Afsuski, Islom ilm dini ekanligini, kamida farzi ayn darajasidagi diniy ilmlarni o‘zlashtirish hammamizning burchimizdir. Aks holda «menimcha, o‘ylashimcha», kabilar bilan payg‘ambarlarni ham ayblab qo‘yishimiz mumkinligini yaxshi tushunib yetmay gunoh qilib qo‘yishimiz haqiqatga yaqin.

Yana bir holat. Bir birodarimiz marksizm – falsafiy, iqtisodiy va siyosiy ta'limot, jumladan, kommunizm haqidagi soxta ta'limot – haqida gapirib qoldi. Undagi tartib-intizomni maqtay ketdi. «Uni o‘zimizga joriy qilish kerak», deb qoldi. Men unga: «U dinsizlarning ta'limoti-ku!» dedim. U esa: «Hammasini emas, tartib-intizomni, bizda tartib yo‘q», dedi. Men: «Hamma tartib-intizom Islomda, sen Islomni yaxshi bilmas ekansan», dedim va biroz tushuntirib berdim. Haqiqatda, Islomning turgan-bitgani tartib. U har bir kishini shaxsan o‘zidan tortib, butun dunyoda tartib o‘rnatishga, haqlarni muhofaza qilishga chaqiradi. Hamma ayb o‘zimizda, musulmonman, deb, dinimizni o‘rganmasak, tartib ham, boshqasi ham bo‘lmaydi-da, mana shunaqa, marksizm kabilarni joriy qilish kerak, deb yuraveramiz

Holimizga hayronsan kishi, marksizm kabi dinsizlar ta'limotidan xabarimiz bor, dinimizdan tuzukroq xabardor emasmiz. Dinsizlar: «Odam maymundan tarqalgan», degan da'vosi ila kitob chiqarsa, qiziqib qolamiz, lekin birorta Islom aqiydasi bayon qilingan kitob o‘qiganmizmi, yo‘qmi, bilib bo‘lmaydi.

Ba'zi birodarlarimizga Islom dini haqida, haqiqiy baxt-saodat Islomda, unga amal qilib yashash qanday ekanligini aytsang, «O‘rgangandan keyin amal qilish kerak-da, men hozir bunday qilolmayman», kabi javoblarni aytadi. Hayronsan, kishi o‘rgansa, amal qilsa, baxt-saodati ziyoda bo‘lib qolishidan qo‘rqarmikin! Nima ham deya olardim, o‘qib-o‘rganmagandan keyin dinni mashaqqat deb yuraveriladi va Alloh taoloning qaytarganidan qayta olganda, amrini bajara olganda U Zotga hamd aytish ila iymon halovatini his qilish qanday bo‘lishini bilishmaydi.

U kishi yana aytadi: «Men bir birodarimizni bilardim. Unga bir kishi:

«Telefoningiz internetga kiradi-a, shundoq bir narsani ko‘rib olaylik», dedi.

U: «Nimani?» deb so‘radi.

So‘ragan kishi: «Bugun futbol bor edi, shuning vaqtini bilib olaylik», dedi qaysidir chet ellik jamoalarning o‘yinini nazarda tutib.

U esa: «Unday behuda narsalarni bilib bera olmayman», dedi.

Xuddi shu kishini boshqa bir majlisda ko‘rdim. Undan boshqa bir kishi yana internetidan foydalanishi mumkinmi, deya so‘radi. U yana nimagaligini so‘radi. So‘ragan kishi: «Minor masjidi haqida ma'lumot kerak edi», deb aytdi. Uning «Ho‘p, hozir», deb telefonida internetdan so‘ralgan masjid haqida ma'lumot qidirib berar ekan, yuzidan bundan xursandligi bilinib turardi.

Uni ko‘p ko‘rardim. Deyarli doim kitob o‘qib yurardi. Qayerga borsa, yonida kitob bilan yurardi. Men unga havas qildim.

Men bunga qo‘shimcha qilgim kelmadi. Mana shular o‘zini bilgan kishi uchun yetarli bo‘lsa kerak.

Bularni aytish va dinni o‘rganishga, johillikni ketkazishga chorlashni ham Alloh menga o‘zini tanitib qo‘yganining shukridan bo‘ladi, deb bildim va shu asosda sizlarga aytib berdim. Alloh barchalarimizni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilsin!

Tavfiq Allohdan.

Hayotiy voqealar asosida Oxunjon Oxunov tayyorladi.

Manba: Islom.uz


Kiritilgan vaqti: 28/10/2019 16:07;   Ko‘rilganligi: 1411
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/dinimizni-organmasak-nimalar-bolishi-mumkin
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 02:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing