O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Azon haqida mukammal ma'lumotlar

 
 

Azon haqida mukammal ma'lumotlar

Azon – Islom dinida namozga, ibodatga chaqiriq ekanini hammamiz bilamiz Ammo uning ta'rifi, uning amalga kiritilish tarixi va unga oid daqiq ma'lumotlarni hamma ham bilavermaydi.

Yaqinda “Azon kitoblari” nashriyotida chop etilgan “Katta fiqh ensiklopediyasi”dan olingan azonga oid ma'lumotlarni taqdim etishga qaror qildik.

أذَانُ  [AZÁNUN] – AZON

Ta'rifi:

1. Azon lug‘atda bildirish ma'nosini anglatadi. Alloh taolo: “Odamlar orasida (yurib ularni) hajga chorlagin![1] deb marhamat qilgan. Ya'ni, ularga hajni bildirgin[2] deyilgan.

Shar'iy istilohda esa, u – maxsus ko‘rinishda, rivoyat qilingan ma'lum lafzlar bilan farz namoz vaqti (bo‘lgani)ni bildirishdir. Ba'zi fuqaholar nazdida esa bomdod namoziga nisbatan fursatning yaqin qolganini bildirish azon hisoblanadi[3].

Aloqador so‘zlar:

a. دعْوَةُ  [da'vatun] – da'vat va نِدَاءُ  [nidáun] – nido qilish:

2. Bu ikki lafz ham azon so‘ziga umumiy ma'noda muvofiq keladi. Chunki ular chaqiriq, nido va yuzlanishni talab qilish kabi ma'nolarni anglatadi[4].

b. إقَامَةُ  [iqómatun] – iqomat aytish:

3. Lug‘atda iqomatning barqaror turish, izhor qilish, nido qilish, o‘tirgan kishini turgazish kabi bir qancha ma'nolari mavjud.

Shar'iy istilohda iqomat – maxsus ko‘rinishda, rivoyat qilingan ma'lum lafzlar bilan namoz uchun turishga chorlashdir[5].

v. تَثْوِيبُ  [tasviýbun] – qaytish, qaytarish:

4. Tasviyb lug‘atda qaytarish ma'nosini anglatadi. Azon bobida bildirishdan keyingi qayta bildirishga tasviyb deyiladi. Ya'ni, barcha fuqaholar nazdida bomdod azonida ikki “hayya a'la”dan keyin “Assolatu xoyrum minan navm” iborasini ikki marotaba ziyoda qilish yoki hanafiy ulamolarimiz aytganidek azon va iqomat orasida “hayya a'las solati, hayya a'lal falahi” iborasini ziyoda qilish tasviybdir[6].

Azonning sifati (taklifiy hukmi):

5. Fuqaholar azon Islom xususiyatlari va yuksak shiorlaridan biri ekaniga ittifoq qilganlar. Agar bir shahar ahli azonni tark qilishga kelishib olsalar, ularga qarshi urush qilinadi. Ammo ulamolar azonning hukmi borasida ixtilof qilishgan. Ba'zilar uni farzi kifoya deydi. Bu so‘z hanbaliylar nazdida muqimlik paytida va molikiylar nazdida shahar ahli borasidagi hukmdir. Ba'zi molikiylar uni jamoat masjidlarida farzi kifoya ekanini aytganlar. Bu shofe'iylarning ham bir fikridir. Shuningdek, imom Ahmad rahmatullohi alayhdan naql qilingan bir rivoyat ham mazkur qarashni quvvatlaydi. Ba'zi hanafiy ulamolarimizdan azonning farzi kifoya ekani naql qilingan. Bu hanafiy mazhabimizning vojib to‘g‘risidagi istilohlariga binoandir. Bu qarash sohiblari o‘z qarashlariga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Agar namoz vaqti bo‘lsa, sizlardan biringiz azon aytsin va yoshi ulug‘rog‘ingiz imomlik qilsin”, degan so‘zlarini dalil sifatida keltirganlar.

Ushbu hadisdagi buyruq (azonning) vojibi kifoya ekanini keltirib chiqaradi. Qolaversa, azon Islomning ulug‘ shiorlaridan. Shu sabab u farzi kifoya bo‘ladi.

Ba'zilar uni sunnati muakkada degan. Bu hanafiy mazhabimiz nazdidagi rojih, shofe'iylar nazdida eng sahih so‘zdir. Ba'zi molikiylar: “Namozda sherik bo‘lishlari uchun boshqalarni kutib turgan jamoat uchun u sunnati muakkada”, deyishgan. Hanbaliylar nazdidagi sahih qavlga ko‘ra, azon safar paytida sunnati muakkada bo‘ladi. Imom Ahmad rahmatullohi alayhdan naql qilingan boshqa bir rivoyatda azon mutloq sunnati muakkada ekani aytilgan. Xiroqiy rahmatullohi alayh ayni shu fikrni olgan. Azonni sunati muakkada degan ulamolar o‘z qarashlariga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning namozini yengil-elpi o‘qigan a'robiyga: “Shunday, shunday qil”, deganlari, unda tahorat, qiblaga yuzlanish va namozni ruknlarini aytib, azonni zikr qilmaganlarini dalil qilishadi[7].

Yuqorida aytilgan har ikki fikrga qaramasdan, azon aytmasdan namoz o‘qigan jamoaning namozi durust bo‘ladi. Biroq sunnatga va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning buyruqlariga xilof ish qilganlari uchun gunohkor bo‘lishadi.

Ba'zilar: “Azon faqat juma namozida farzi kifoya. Boshqasida emas”, degan. Bu shofe'iy va hanbaliylarning fikridir. Chunki azon – jamoatga chaqirish. Juma namozida esa jamoat bo‘lishi vojib. Jumhur ulamolar nazdida boshqa namozlarda jamoat tartibda yig‘ilish sunnat[8].

Azonning shariatga ilk kiritilishi:

6. Eng sahih qavlga ko‘ra, azon hijratning ilk yili Madinada mashru' qilingan. Bu borada sahih hadislar bor. Jumladan: imom Muslim Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumadan rivoyat qilgan hadis. Ibn Umar roziyallohu anhuma aytadi: “Musulmonlar Madinaga kelgan paytlarida (masjidda) to‘planib va namoz vaqtini kutib turishardi. Bir kuni ular namozga biror usulda chorlash, ibodat payti bo‘lganligi haqida xabar berish borasida gaplashib qolishdi. Ba'zilar: “Nasorolar  kabi qo‘ng‘iroq chalgan ma'qul”, dedi. Ayrimlar: “Yahudiylarga o‘xshab burg‘udan foydalansakchi”, deb maslahat berdi. Umar roziyallohu anhu bahsga aralashdi: “Namozga chaqiradigan biror kishini tayinlasakchi?!” Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Bilol! Tur namozga chaqir”, dedilar. So‘ng Abdulloh ibn Zayd gap boshladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarni namozga to‘plash uchun zang chalishga amr qilganlarida kechasi tush ko‘rdim. Oldimdan zang ko‘targan bir odam o‘tdi. “Ey Allohning bandasi, zangni sotasanmi?” dedim unga. U: “Buni nima qilasan?” dedi. Men: “U bilan namozga chaqiramiz”, dedim. U: “Seni bundanda yaxshiroq narsaga dalolat qilayinmi?” dedi. Men rozi bo‘ldim. U: “Allohu akbar, Allohu akbar” deysan, deb azon va iqomatni oxirigacha aytib berdi. Tong otishi bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib, ko‘rgan tushimni aytib berdim. U zot: “Inshaalloh, bu haq tushdir. Bilolning yonida turib, iqomatni bildirib tur, U azon aytsin”, dedilar”[9].

Ba'zilar: “Azon hijratning ikkinchi yilida mashru' qilingan”, qabilidagi fikrlar bildirishadi. Ayrimlar: “Azon hijratdan oldin, Makkada mashru' qilingan”, deb ta'idlaydilar. Ushbu so‘zlar sahih hadislarga zid kelgani sababli haqiqatdan yiroq hisoblanadi.

Islom ulamolari azonning shariatda mavjud ekaniga ittifoq qilgan. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam davrlaridan bugungi kunimizgacha biror ixtilofsiz amal qilinib kelmoqda[10].

Azonning mashru' qilinish hikmati:

7. Azon namoz vaqti kirganini bildirish, Allohning ismini takbir ila ulug‘lash, Uning shariatini izhor qilish, Rasulini ulug‘lash va odamlarni najotga chorlash uchun mashru' qilingan[11].

Azonning fazli:

8. Azon bandani Allohga yaqinlashtiradigan eng ulug‘ amallardan biridir. Unda ko‘plab fazl va ulug‘ ajrlar bor. Azonning fazli borasida ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan: Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi. U zot: “Agar insonlar azonda va birinchi safda nima (ajr) borligini bilganlarida, so‘ngra (unga erishish uchun) qur'a tashlashdan boshqa yo‘l topa olmaganlarida, albatta, qur'a tashlagan bo‘lar edilar”[12], deya marhamat qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Muazzinlar qiyomat kuni eng uzun bo‘yli odamlar bo‘ladilar”[13], dedilar.

Ba'zi hanbaliy, molikiy va shofe'iy mazhabining faqihlari naql qilingan xabarlarga asoslanib muazzinlikni imomlikdan afzal sanaydilar va: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hamda xalifalar ushbu amalga (muazzinlikka) vaqt ajratishga imkonsizliklari uchun o‘zlari bevosita qilmaganlar. Shu sababdan Umar ibn Xattob bir so‘zlarida: “Agar xalifalik bo‘lmaganda azon aytgan bo‘lardim”, degan ekan”[14].

9. Azondagi fazl hamda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning azon aytishga undaganlari e'tiboridan fuqaholar: “Agar azon aytishga ko‘pchilik tortishib qolsa, muazzinlik shartlari to‘la topilgan kishi eng avval tanlanadi. Agar mazkur shartlarda ko‘pchilik teng bo‘lsa, o‘rtalarida qur'a tashlanadi”, deyishgan. Bu haqida yuqorida qayd etilgan hadisda ham aytib o‘tilgan edi. Rivoyatga ko‘ra, Qodisiya kuni azon aytish borasida talashib qolindi. Sa'd roziyallohu anhu qur'a tashlab, muazzinni aniqlab berdilar[15].

Azon lafzlari (so‘zlari):

10. Hanafiy ulamolarimiz va hanbaliylar azon borasida Abdulloh ibn Zayd roziyallohu anhu tushida ko‘rib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aytib bergan hadisida kelgan lafzlarni olganlar. Ushbu lafzlar quydagicha:

Allóhu akbar, Allóhu akbar,

Allóhu akbar, Allóhu akbar,

Ashhadu allá iláha illallóh,

Ashhadu allá iláha illallóh,

Ashhadu anna Muhammadar Rosúlullóh,

Ashhadu anna Muhammadar Rosúlullóh,

Hayya 'alas-soláh, Hayya 'alas-soláh,

Hayya 'alal faláh, Hayya 'alal faláh,

Allóhu akbar, Allóhu akbar,

Lá iláha illallóh[16].

Abdulloh ibn Zayd roziyallohu anhu tushida odam qiyofasida ko‘ringan farishtaning azonini yuqoridagi tartibda aytib bergan. Umar va bir qancha sahobalar uni bab-baravar ma'qullashgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abdulloh ibn Zaydga: “Bilolning yonida turib, tushingda eshitganlaringni takrorlab tur. U o‘sha (lafzlar) bilan azon aytsin. Bilolning ovozi senikidan kuchliroq”, dedilar”[17].

Shofe'iylar Abu Mahzura[18] roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisni olganlar. Bu ham Abdulloh ibn Zayd roziyallohu anhuning tushida vorid bo‘lgan lafzlarning aynan o‘zi bo‘lib, faqat unda tarji'[19] ziyoda qilingan[20].

Molikiylar hamda hanafiy mazhabimizdan Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan rahmatullohi alayhlar: “Azonning avvalidagi takbir to‘rtta emas, balki oxiridagi singari ikki marta aytiladi”, deganlar. Chunki Madinada yashagan salaf ulamolarning amali shunday bo‘lgan. Abdulloh ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir rivoyatda azonning avvalidagi takbir ikkita ekani aytilgan[21].

(Davomi bor)

 

“Katta fiqh ensiklopediyasi”ning nashrga tayyorlanayotgan ikkinchi kitobidan olindi.

 

 


[1] Haj surasi, 27-oyat.

[2] Lisonul arab. Misbahul munir fi g‘aribi sharhil Kabir.

[3] Sharhu muntahal irodot. Dorul fikr nashri, 1-jild. 122-bet. Ixtiyor li-ta'lilil muxtor. Dorul ma'rifa nashri, 1-jild. 42-bet. Minahul jalil. 1-jild. 117-bet.

[4] Lisonul arab. Misbahul munir fi g‘aribi sharhil Kabir.

[5] Lisonul arab. Sharhu muntahal irodot. 1-jild. 122-bet. Mug‘nil muhtoj. Halabiy nashri, 1-jild. 133-bet.

[6] Lisanul arab. Sharhu muntahal irodot. 1-jild. 127-bet. Mug‘nil muhtoj. 1-jild. 136-bet. Raddul muhtor ala Durril muxtor. Buloq nashri, 1-jild. 260-261-bet.

[7] Muttafaqun alayh. Lu'lu' val marjon. 224- raqam.

[8] Al-Insof. 1-jild. 407-bet. Al-Mug‘niy. 1-jild. 417-418-betlar. Mavohibul jalil sharhi muxtasar Xalil. 1-jild. 422-423-betlar. Al-Majmu' sharhul Muhazzab. 3-jild. 81-bet. Mug‘nil muhtoj. Halabiy nashri, 1-jild. 134-bet. Fathul qadir. 1-jild. 209-210-betlar. Ixtiyor li-ta'lilil muxtor. 1-jild. 42-bet.

[9] Ushbu hadisni Abu Dovud “Sunan”da Muhammad ibn Is'hoq yo‘li orqali rivoyat qilgan. Termiziy rivoyat qilib: hasan sahih hadis, degan. Yana aytgan: Men Buxoriydan ushbu hadis haqida so‘radim. U: Mening nazdimda sahihdir, dedi. Ibn Hibbon va ibn Xuzaymalar ham rivoyat qilganlar. Bayhaqiy bu hadisni sobit sahihdir, degan. Nasbur roya. 1-jild. 259-bet.

[10] An-Navaviy. Sharhu sahihi Muslim. 4-jild. 75-bet. Subulus salam. 1-jild. 188-bet. Raddul muhtor ala Durril muxtor. Buloq nashri, 1-jild. 257-bet. Mavohibul jalil sharhi muxtasar Xalil. 1-jild. 421-bet. Fathul qadir. 1-jild. 167-bet. Al-Mug‘niy. 1-jild. 403-bet.

[11] Bahrur roiq sharhi Kanzid daqoiq. 1-jild. 279-bet.

[12] Muttafaqun alayh. Talxiysul habir. 1-jild. 209-bet.

[13] Al-Mug‘niy. 1-jild. 402-bet. Mavohibul jalil sharhi muxtasar Xalil. 1-jild. 422-bet. Ibrohim ibn Ali Sheroziy. Al-Muhazzab. 1-jild. 61-bet. Ushbu hadisni imom Muslim Muoviyadan rivoyat qilgan. Talxiysul habir. 1-jild. 208-bet.

[14] Al-Mug‘niy. 1-jild. 403-bet. Mavohibul jalil sharhi muxtasar Xalil. 1-jild. 422-bet. Ibrohim ibn Ali Sheroziy. Al-Muhazzab. 1-jild. 61-bet. Ushbu asarni barcha muhaddislar Abush Shayxdan rivoyat qilganlar.

[15] Al-Mug‘niy. 1-jild. 429-430-betlar. Ibrohim ibn Ali Sheroziy. Al-Muhazzab. 1-jild. 62-bet.

[16] Ixtiyor li-ta'lilil muxtor. 1-jild. 42-bet. Al-Mug‘niy. 1-jild. 404-bet.

[17] Abu Dovud, ibn Moja va Termiziy rivoyat qilgan. Termiziy: hasan sahih hadis, degan. Sunan Abu Dovud. 1-jild. 196-bet. Sunan Termiziy. 1-jild. 359-bet.

[18] Ushbu hadisni Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiylar rivoyat qilgan. Jome'ul usul. 5-jild. 280-bet.

[19] 11-bandga qarang. (tarj).

[20] Ibrohim ibn Ali Sheroziy. Al-Muhazzab. Dorul ma'rifa nashri, 1-jild. 63-bet.

[21] Alouddin Abu Bakr ibn Mas'ud ibn Ahmad Kosoniy. Badoi'us sanoi'. 1-jild. 147-bet. Fathul qadir. 1-jild. 211-bet. Sharhuz Zarqoniy ala muxtasari Xalil. Dorul fikr nashri, 1-jild. 157-bet. Ash-Sharhus sag‘ir. Dorul ma'orif nashri, 1-jild. 249-bet. Favokihud davoniy ala risolati ibn Abu Zayd Qayravoniy. Dorul ma'rifa nashri, 1-jild. 202-bet.

 azon.uz


Kiritilgan vaqti: 15/09/2020 10:07;   Ko‘rilganligi: 7796
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/azon-haqida-mukammal-malumotlar
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 15:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing