O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

AYYOM FAZILATI: Rasululloh qaytargan uch amal...

 
 

Bugungi hadislar orqali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning insonlarni qaytargan uch amali haqida bilib olamiz.
1. Ko‘p savol so‘rashdan
Varrod roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Moviya Mug‘iraga «Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan narsalaringdan yozib yubor», deb xat yozdi. Varrod aytadi: U (Mug‘ira) menga imlo qildi (aytib turdi) va men qo‘lim bilan yozdim: “Albatta, men U zot (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam)ni ko‘p savol so‘rashdan, molni zoye qilishdan va dedi-dedidan qaytarganlarini eshitdim”, – dedi”.
Hadisning umumiy ma'nosi:
Muhammad alayhissalomga payg‘ambarlik kelgandan so‘ng shariatda bajarishga buyurilgan va man qilingan amallarni ummatiga bosqichma-bosqich yetkazib berdilar. Ana shunday amallardan biri ko‘p savol so‘rash hisoblanadi. Rasululloh bu so‘zlari bilan mutlaq savol berishni man qilmadilar, balki jamiyat va o‘zi uchun keraksiz bo‘lgan savollarni berishdan qaytardilar. Sahobalar iymon-e'tiqod, shariat masalalariga juda ehtiyotkor edilar. Aynan shariatda harom yoki halolligi bayon qilinmagan narsa haqidagi sahobaning savoli sababidan o‘sha narsani harom qilinishiga olib kelishi ehtimoli bo‘lgan. Yuqorida keltirilgan hadisning zamirida (boshqa hadislarda kelganidek) Qur'onda harom deb keltirilmagan narsalar haqida «bu halolmi, bu harommi» deb so‘rash ham yotadi. Shu sababli Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam quyidagi oyatga muvofiq sahobalarni ko‘p savol berishdan qaytarganlar.
Alloh taolo «Moida» surasining 101-oyatida: «Ey mo‘minlar! Agar oshkor bo‘lsa, sizlarni xafa qiladigan narsalar haqida so‘ramanglar!», – deb marhamat qiladi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu mazkur oyatni: «Kutib turinglar! Qur'on nozil bo‘lganda so‘rayotgan narsalaringiz bayonini topasizlar,» – deb sharhlagan.
Kishida biror ehtiyoj bo‘lmay turib tilanchilik qilish yoki hayotda uchramaydigan voqea va masalalarni so‘rash yoxud kishi o‘ziga va diniga foydasi bo‘lmagan behuda xabarlarni surishtirib yurishi savol so‘rashda haddan oshishdir.
2. Isrofga yo‘l qo‘yishdan
Alloh taolo bandalarini bu dunyoga imtihon qilish uchun keltirdi. Kimnidir musibat bilan, kimnidir dard bilan sinaydi. Alloh taolo tomonidan bandasini imtihon qilinishining turlari ko‘p, ana shu sinovlardan biri bandasini molu davlat bilan ne'matlantirishidir. Islom dinida molu davlat bilan ne'matlangan banda o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalanib, boyligini yaxshilikka sarflashi ham ibodat hisoblanadi. Ammo, molni zoye qilish va uni noo‘rin, dunyo va oxirat uchun ham foydasi tegmaydigan joylarga sarflash isrofdir, isrof esa muqaddas dinimizda gunoh hisoblanadi.
Alloh taolo butun insoniyatga sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajada ne'matlar ato etib, ularni berilgan ne'matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Bu haqda Qur'oni karimda: «... yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay». deb insoniyatni isrofdan qat'iy buyruq bilan qaytargan.
Hadisi sharifda ham «Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga berilmanglar» deb marhamat qilingan.
3. Yolg‘on xabar tarqatishdan
Odamlardan eshitganini rost-yolg‘onligi aniq bo‘lmasdan va oqibatini o‘ylab ko‘rmasdan boshqalarga yetkazish, asosi yo‘q gaplarni tashish jamiyat birdamligiga va odamlar orasiga raxna soluvchi eng og‘ir gunohlardan biri sanaladi. Chunki, ba'zi katta gunohlarning ta'siri faqat o‘z egasiga bo‘lsa, bu kabi gunohlarning ta'siri butun jamiyatga bo‘ladi. Bu qabih amalning ta'sirida hatto aka-uka, opa-singillar, qavmu qarindoshlar bir-birlaridan yuz o‘giradilar. Shuning uchun ba'zi gunohlar bajarilib bo‘lishi bilan uning zarari tugallangan hisoblansa, yetkazilgan bir asossiz so‘z yoki tuhmat gap tashishning zarari va o‘z egasiga gunoh yozilishi yillar o‘tsa-da to‘xtamaydi.
Axborot tarqalishi tezkor bo‘lgan hozirgi vaqtda xalqimiz tinchligini buzish maqsadida o‘z manfaati uchun yolg‘on xabar tarqatuvchilar ko‘paygani hamda dunyoning turli davlatlarida sodir bo‘layotgan har qanday xunrezliklarning boshlanishi zamirida ham aslida ana shunday yolg‘on xabarlar yotganligini hech qachon yoddan chiqarmaslik kerak. Mo‘min-musulmon kishi o‘ziga kelgan har qanday xabarni, xususan din-diyonatga, aqidaga bog‘liq bo‘lganlarini tahlil qilmog‘i, uning zamiridagi asl haqiqatni va bu kabi xabarlarni tarqatuvchisining asl maqsadi nima ekanligini anglab yetishga harakat qilishi davr talablaridandir.
Bu borada Alloh taolo Hujurot surasining 6-oyatida «Ey mo‘minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda, biron qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab-tekshirib ko‘ringlar!» deb
mo‘minlarni har xil xabarlarga aldanib qolmaslikka, kelayotgan har qanday xabarni tekshirib ko‘rishga buyuradi.
Hadisdan olinadigan foydalar:
Dunyo va oxiratga foydasi bo‘lmagan narsalarni so‘ramaslik.
Kishi o‘zi va jamiyati uchun foydasi bo‘lmagan ilmlardan o‘zini saqlash.
Molu davlatni behudaga sarflamaslik.
Asossiz so‘z va xabarlarga ishonmaslik.
Asosi yo‘q va foydasiz xabarlarni jamiyat orasida tarqatish va tarqalishidan saqlanish.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Manba:O‘zA

Kiritilgan vaqti: 26/06/2020 15:40;   Ko‘rilganligi: 989
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ayyom-fazilati-rasululloh-qaytargan-uch-amal
Chop etilgan vaqti: 17/04/2024 00:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing